Talafot yetgan hududlarda jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi

21:21 21 May 2020 Jamiyat
93 0

AOKA shtabida Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov ishtirokida Sardoba voqeasiga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi. Unda fuqarolarimiz tomonidan yoʻllangan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.

Matbuot kotibning taʼkidlashicha, “Sardoba” suv ombori toʻgʻoni oʻpirilishi haqidagi xabarni eshitgan tumanidagi Qoʻrgʻontepa mahallasi profilaktika inspektori, katta leytenant Otabek Begmatov hududda yashovchi fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilishda jonbozlik koʻrsatib, toshqinda qurbonlar soni ortishini oldini oldi.

Dastlab evakuatsiya ishlariga Sirdaryo viloyati IIB xodimlaridan 1000 nafari hamda ularga tegishli boʻlgan 700 dan ortiq avtoransport vositalari jalb qilindi.

Ayni kunlarda talofat yetgan mazkur hududlarni obodonlashtirish va xavfsiz hududga aylantirish uchun jami 1 ming 271 nafar ichki ishlar organlari xodimlari safarbar qilingan.

Hozirda aholini evakuatsiya qilinishi natijasida, boʻsh qolgan hududlarni muhofaza qilish uchun ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat 35 ta piyoda va 25 ta avtopatrul hamda 15 ta joylarda toʻsiq postlar tashkil etildi.

Talafot qurboniga aylangan 6 nafar yurtdoshimizning shaxsiga aniqlik kiritildi.

Suv bosgan hududlarda 74 dona ov quroliga ega boʻlgan fuqarolarning xonadonlaridan barchasi tegishli tartibda rasmiylashtirilib, ichki ishlar boʻlimlariga saqlash uchun topshirildi.

Suv toshqini oqibatida 3 448 nafar fuqaroning fuqarolik pasporti yoʻqolganligi aniqlandi va shundan, 1116 nafar fuqaroning pasporti topilib, oʻz egalariga qaytarildi. 1349 nafar fuqarolarga yangi biometrik pasportlar rasmiylashtirib berildi, 983 nafar shaxslarga esa fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirish davom etmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, ushbu fuqarolarning pasport olishlari uchun mablagʻ davlat hisobidan qoplab berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ushbu hududlarda olib borilayotgan xatlov davomida 258 nafar fuqaroning transportga oid texnik hujjatlari talofat natijasida yoʻqolganligi maʼlum boʻldi. 100 nafar fuqaroning haydovchilik guvohnomalari topilib oʻz egalariga qaytarildi. Qolgan 158 nafar fuqaroga tegishli transport hujjatlarini  rasmiylashtirish choralari koʻrilmoqda. Xususan haydovchilik guvohnomalari mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” oʻquv sport texnik klublari bazasidan tekshirilib qisqa vaqt ichida qayta tiklab berilmoqda.

Talafot yetgan hududlarda huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olish maqsadida, tadbir boshidan 309 nafar muqaddam sudlangan hamda 106 nafar profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan tegishli profilaktik ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda talofat koʻrgan hududlarda oʻgʻirlik jinoyatlari qayd etilayotganligi toʻgʻrisidagi nooʻrin va asossiz maʼlumotlar tarqalgan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, talofat paytidagi dastlabki sarosima paytida fuqarolar tomonidan oʻz qoʻshnisi yoki mahalladoshlarining qarovsiz qolgan yoki suv ostida qolib ketishi xavfi bor boʻlgan uy hayvonlarini oʻzlariga tegishli boʻlgan yuk avtomashinalarida xavfsiz hududlarga koʻchirish ishlari amalga oshirilgan va ular saqlanayotgan joylar toʻgʻrisida mahalla idoralari va IIO xodimlariga tegishli maʼlumotlar berilgan.

Talafot yetgan hududlarda birorta ham jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

IIV Axborot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?