Talabа boʻlish imkoniyati hali bor! Oʻzbekistonda OTMlarga qabul davom etmoqda — Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

18:04 21 Sentyabr 2020 Jamiyat
592 0

Illyustrativ surat

Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari soni soʻnggi uch yil ichida 47 taga koʻpayib, bugungi kunda 125 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritadi. Oʻz yoʻnalishida tayanch oliy oʻquv yurti hisoblangan barcha yetakchi universitet va institutlarning respublika boʻylab filiallari tashkil etilgan. Filiallar nafaqat viloyat markazlari va yirik shaharlarda, balki chekka tumanlarda ham ish boshlagan.

Bu yil oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakllarida jami 162 364 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi. Natijada yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish 9 foizdan 25 foizgacha koʻtariladi.

Shunday boʻlsa-da, yoshlarda oliy maʼlumot olishga boʻlgan qiziqishning yuqoriligi va qabul kvotalari hozircha ularning ehtiyojini toʻliq qoplay olmayotganini hisobga olib, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ular uchun yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida MDH va Yevropaning qator nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikdagi double degree taʼlim dasturlari asosida oʻqitish qamrovi kengaymoqda. Birgina oʻtgan oʻquv yilining oʻzida AQSH, Germaniya, Fransiya Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Turkiya, Indoneziya, Isroil va boshqa 22 ta davlatning 104 ta yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida bakalavriatning 83 ta taʼlim yoʻnalishi va magistraturaning 64 ta mutaxassisligi boʻyicha qadarlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

2020/2021 oʻquv yilida ham xorijiy hamkor universitetlar va qoʻshma taʼlim dasturlari davom ettirilib, hozirda qator OTMlarda qabul davom etmoqda. Jumladan, Andijon davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Urganch davlat universiteti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Namangan davlat universiteti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Jizzax politexnika instituti hamda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida qoʻshma taʼlim dasturlariga qabul davom etmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Hindiston, Singapur, Malayziya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda 22 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi va filiallari faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekistondagi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xalqaro huquq va munosabatlar, biznesni boshqarish, dasturlash va boshqa zamonaviy yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.

Xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Astraxan davlat texnika universitetining Toshkent viloyatidagi filialida hamda TEAM universiteti, Fargʻona shahrida Koreya xalqaro universiteti kabi nodavlat oliy taʼlim muassasalarida abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish davom etmoqda.

Shuningdek, yurtimizdagi qator oliy taʼlim muassasalari huzurida tayyorlov kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, qulay shartlar va qator imtiyozlar asosida abituriyentlarni oʻqishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Misol uchun, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikda tayyorlov kurslari tashkil etilgan. Oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan va sertifikatni qoʻlga kiritgan tinglovchilar qoʻshma dasturga oʻqishga toʻgʻridan toʻgʻri qabul qilinadi.

Qolaversa, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yurtimizda yangi professional taʼlim tizimi tashkil etilib, ularda tahsil oluvchilarga ham qator imtiyozlar berildi. Misol uchun, texnikumlarda ikki yillik tahsildan soʻng fanlarni oʻzlashtirishda alohida muvaffaqiyatlarga erishgan bitiruvchilar oliy taʼlim muassasasida oʻqigan kasbi boʻyicha suhbat asosida oʻqishga qabul qilinadi. Hozirda yurtimizdagi 201 ta kollej va 185 ta texnikumga qabul jarayoni davom etmoqda. Hujjatlar shu yilning 25-sentyabriga qadar qabul qilinadi.

Oʻzbekiston yoshlariga oliy maʼlumotli boʻlish istagini roʻyobga chiqarishlari uchun imkoniyat yaratish hamda ularga oʻz yurtida sifatli taʼlim olishlari uchun vazirlik tomonidan olib borilayotgan ishlar izchil davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?