Talabalar ikki haftalik taʼtilga chiqarildi (batafsil)

23:38 15 Mart 2020 Jamiyat
184 0

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan chora-tadbirlar haqida maʼlum qildi.

Barcha OTMlar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida 16-martdan eʼtiboran oʻqish toʻxtatilib, oʻquvchi-talabalar ikki hafta muddatga (hozircha) taʼtilga chiqariladi, taʼlim muassasalarida karantin joriy qilinadi.

Toshkent shahrida joylashgan OTMlar talabalar turar joylari (TTJ)dan talabalar doimiy yashash joylariga yuboriladi va TTJlar 18-mart kuni, viloyatlarda joylashgan OTMlar TTJlari 17-mart kuni yopiladi.

Boshqa viloyatlardan kelib, Toshkent shahrida tahsil olayotgan oʻquvchi-talabalar avtobus, poyezd va samolyotlarda doimiy yashash joylariga qaytishi uchun quyidagi manzillarda imtiyozli chiptalar sotilishi yoʻlga qoʻyiladi:

OʻzMU

vazirlik huzuridagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti

Toshkent tibbiyot akademiyasi TTJ va oʻquv binosi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash instituti TTJ

Toshkent davlat pedagogik universiteti TTJ.

OTMlarda mavjud modullar professor-oʻqituvchilar tomonidan tegishli kontent bilan toʻldiriladi va taʼlim masofaviy shaklda amalga oshiriladi.

Vazirlikda, OTMlarda (prorektorlar, fakultet dekanlari, murabbiylardan iborat) shtablar tuziladi va talabalarning taʼtilga chiqishi bilan bogʻliq tashkiliy ishlar muvofiqlashtirib boriladi.

Taʼlimning sirtqi shaklida tahsil olayotgan talabalar hamda malaka oshirish kurslariga jalb qilingan oʻqituvchilar uchun taʼlim onlayn shaklda tashkil qilinadi. 

Har qanday ommaviy tadbirlar (konferensiyalar, Navroʻz bayrami va b.) oʻtkazish taqiqlanadi, OTM ilmiy kengashi yigʻilishi ixchamlashtirilgan tarkibda oʻtkaziladi, ixtisoslashgan kengashlar faoliyati bundan mustasno.

OTMlar va vazirlik oʻrtasida uzluksiz axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?