Talabalar bilimini baholashda adolat bosh mezon bo‘lishi kerak

14:40 13 Avgust 2018 Jamiyat
353 0
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bugungi kunda O‘zbekiston ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng nozik nuqtalaridan biri – OTMlardagi joriy, oraliq, yakuniy va bitiruv imtihonlarning adolatli o‘tkazish masalasidir.

Ma’lumki, hozirgi vaqtdagi amaldagi imtihonlar tizimi G‘arbda 1950-yillardan beri mavjud bo‘lib kelgan tizimdan qo‘pol nusxa ko‘chirish bo‘lib, bu tizim bilan talabalar bilimini adolatli baholashga erishilmadi va “mahalliy sharoitlarga” moslashtirib olgan ba’zi kasbdoshlarimiz uni korrupsion sxemaga aylantirdilar, bu hol ancha keng yoyildi, va natija o‘laroq, shunday ham abgor bo‘lgan ta’lim tizimini adolatsiz, jiddiyatsiz, yengil-yelpi va korrupsiya aralashgan sinov, imtihon va attestatsiya tizimi yordamida chalajon ahvolga olib keldik. Ya’ni, oliy ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni va ta’lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayapti, bunga bog‘liq ravishda professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning zamonaviy tizimi mavjud emasligi ham ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.

Aslida OTMdagi sinov, imtihon va attestatsiya tizimi nima uchun kerak va u ta’lim sifatini oshirishda qanday o‘rin tutadi? Imtihon – ta’lim dasturimga kiritilgan predmetlar bo‘yicha talabaning semestr davomida olgan bilimlarini ham nazariy, ham amaliy taraflarini obyektiv baholash demakdir. Obyektiv baholash esa uning shakli va davomiyligidan qat’iy nazar, talabaning o‘zlashtirish darajasini to‘g‘ri va odilona qayd etishi zarur. Haqqoniy, adolatli baholash tizimi oliy ta’lim tizimini tutib turgan ustunlardan biri, shuning uchun butun dunyoda obyektiv baholash tizimini barpo etish va uni mukammallashtirib borish universitet va boshqa OTMlarining asosiy vazifalaridan biridir.

Qolaversa, talabaning bilim va ko‘nikmalari to‘g‘ri va adolatli baholanishi unda ijtimoiy adolatga, ta’lim tizimiga, OTMdagi o‘z ustozlari ishonch va qonun-qoidalarga itoat ruhini ruhini tarbiyalaydi, qolaversa, o‘zining bilim saviyasi haqidagi real tasavvurni shakllantirib, uni yanada o‘qib-izlanishga, o‘zi ustida ishlashga yo‘naltiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5 iyunda qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida haqqoniy ta’kidlanganidek, bugungi kunda “... oliy ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta’lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayapti”.

Qarorda oliy ta’lim muassasalari (OTM)da ta’lim sifatini oshirishga to‘siq bo‘lib kelayotgan bir qator muammolar, bugungi kunda uchrayotgan og‘riqli nuqtalar ochiq-oydin sanab o‘tilgan, shulardan biri - talabalar bilimini baholash tizimining eskirganligi va bugungi talablarga javob bermayotganligidir. Haqiqatan ham, ta’lim sifatini ko‘rsatuvchi yagona omil –baholashning reyting tizimi orqali aniqlanuvchi talabaning bilimi va kasbiy kompetensiyasidir. Binobarin, talabaning bilimi davlat ta’lim standartida belgilangan talabga javob beradimi, yo‘qmi, faqat shuni adolatli va tizimli ravishda tekshirish kerak.

Shu tufayli Prezidentimiz tarafidan qabul qilingan Qarorda yuqorida tilga olib o‘tilgan holatlarga barham berish uchun baholash tizimi va mezonlarini uzluksiz ta’lim tizimining bosqichlariga muvofiqlashtirish hamda ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli (avtomatlashtirilgan, portfolio, test sinovlari, ijodiy ish, antiplagiat va h.k.) usullarini, shu jumladan muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etish xususida juda muhim ko‘rsatmalar berilgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, fanlardan dars bergan o‘qituvchi-pedagoglarning yakuniy nazorat jarayonidagi ishtirokini istisno qiladigan tizimning qo‘llanilishi ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy va oraliq baholash jarayonlari talabaning mantiqiy fikrlash tarzini, olgan bilimlarini tizimli bayon qilish mahoratini oshirish maqsadida ta’lim bergan professor-o‘qituvchi bilan yuzma-yuz muloqot, suhbat, kollokvium tarzida o‘tkazish maqsadga muvofiq va bunda talaba gradatsiya (baholash) uchun qo‘yiladigan 100 balning eng ko‘p 50 foizini to‘plashi mumkin. Baholashni siklik tarzda boshidan oxirigacha dars bergan prof.-o‘qituvchining inon-ixtiyoriga qo‘yib berish hamisha ham kutilgan natijalarni beravermaydi. Talabaning bilimini obyektiv baholashni oshirish hamda berilgan darsning sifatini aniqlash maqsadida yakuniy baholashlarni boshqa professor-o‘qituvchilar yoki umumiy kurs materiallarini o‘z ichiga olgan testlar yordamida, reyting baholashning kompyuter tizimi orqali amalga oshirish mumkin. Talaba gradatsiya (baholash) uchun qo‘yiladigan 100 balning 50 foizini ana shu tizimda to‘plaganida:

Talabaning bundan oldingi bosqichda olgan baholarining (ballarining) obyektivligi aniqlash;

Professor-o‘qituvchining talabalarga qo‘ygan baholarining (ballarining) obyektivligi va asoslanganligi aniqlash;

Talabaga predmet bo‘yicha berilgan bilimlarning hajmi va uning bu predmetni o‘zlashtirishda erishgan ko‘rsatkichini qiyosiy baholash imkoniyatiga ega bo‘linadi.

Hech kimga sir emaski, hozir OTMlardagi reyting baholash tizimi o‘zining samarasizligi, noobyektivligi bilan katta muammoga aylandi. Biror mavzuda 10-15 minut gapira olmaydigan, 1 bet ma’lumotni o‘z fikrlari bilan qog‘ozga tushirolmaydigan talabaning hech qanday akademik qarzdorliksiz kursdan-kursga “muvaffaqiyatli ravishda” o‘tishi, OTMlarni bitirib ketishi ana shu reyting tizimi “yordamida” yuz bermoqda. Bu tizimni jiddiy yangilamasdan va o‘zgartirmasdan oliy ta’lim tizimdagi islohotlarda muvaffaqiyatga erishish qiyin.

Talabalar bilim va ko‘nikmalarini baholashning yangi tizimini joriy qilish, albatta, ignadan ip o‘tkazgandek sip-silliq bormaydi. Yillar davomida shakllangan mavjud tizimni bir hamla bilan o‘zgartirish qiyin, ammo bu ishni yakuniy nazoratlarni muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etish bilan boshlanishi va amaliyotning ehtiyojidan kelib chiqqan holda muttasil takomillashtirilib borilishi kerak.

Bu hol, zinhor OTMlardagi professor-o‘qituvchilarga ishonchsizlik degani emas. Jahon ta’lim tarixida bunday keskin burilishlar va talabalar bilimini baholashdagi adolat me’yorlarini buzadigan holatlarga qarshi ko‘rilgan choralar ko‘plab uchratamiz. Singapur, Janubiy Koreya, Turkiya, Chili kabi mamlakatlarda yaqin o‘tmishda oliy ta’lim tizimini takomillashtirishda, korrupsiya va boshqa noqonuniy hollarning oliy ta’lim tizimidan siqib chiqarilishida bunday yo‘llarga murojaat qilingan. Binobarin, bizning ta’lim tizimimizning o‘ziga xos xususiyatlari, talabalar va prof.-o‘qituvchilarining mentaliteti va tafakkur tarzidan kelib chiqqan holda, eski tizimdan qolgan tanish-bilishchilik, tamagirlik, “telefon huquqi” kabi g‘ayriqonuniy holatlarni butunlay yo‘qotish va eng muhimi, mamlakatga bugungi kun talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlab berish uchun bu ishni bugun qilishimiz kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida “talabaning o‘zlashtirish darajasi – professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyili joriy etilishi belgilab qo‘yilgan. Bu esa ayrim o‘qituvchilarning ko‘r-ko‘rona dars o‘tib, o‘zining ham, talabaning ham vaqtini o‘g‘irlashdek og‘ir oqibatlarni bartaraf qilishga imkon beradi. Bunda ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish belgilangan.

Vaholanki, bugungi mavjud tizimda professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning zamonaviy tizimi mavjud emas, vijdonan va tashabbus bilan ishlaydigan, zamonaviy bilimlarning katta zaxirasiga ega domlalar bilan bir qatorda bir zamonlar qo‘lga kiritgan nomzodlik, doktorlik darajasi bilan kifoyalangan, OTMdagi faoliyatini shaxsiy manfaat yo‘liga burib yuborgan o‘qituvchilar ayni maoshni olmoqda, ayni ijtimoiy muhofaza

imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Mavjud attestatsiya tizimi bilan birorta zamonaviy talabga javob bermaydigan professor-o‘qituvchini OTMdan chetlashtirishning hech iloji yo‘q. Shu tufayli talabalarning bilim va ko‘nikmasini baholashning odilona tizimini barpo etish bilan bir qatorda professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning zamonaviy tizimini ham barpo etish zarur. Chet el universitetlarida o‘z bilimlari va kasbiy mahoratini takomillashtirib bormaydigan professor-o‘qituvchi hatto bir muddat (4-5 yil) ham ishlay olmaydi. Talabalar tomonidan anketa so‘rovlarida domlaga berilgan baho va o‘qituvchining so‘nggi paytlarda e’lon qilgan ilmiy va uslubiy ishlarining tahlili professor-o‘qituvchini OTMdan muddatidan oldin chetlashtirishga asos bo‘la oladi. Bizda esa buning tamoman tersi – bundan 20 yil oldin olingan diplom va 100 nusxada chop etilgan uslubiy qo‘llanma bilan har qachon tanlovlardan o‘taverasiz... Chunki professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholash tizimi yo‘q va mavjud mezonlar juda eskirgan.

Shuningdek, talabalar bilimini obyektiv va masshtabli (keng qamrovli) baholash texnologiyasi bo‘yicha kadrlar tayyorlanishi, ilmiy markaz va laboratoriyalar barpo etilishi eng dolzarb vazifalardandir. Bizda aynan ana shu tizimning va malakali kadrlarning mavjud emasligi uchun bu boradagi ishlarimiz chet el tajribasidan qo‘pol nusxa ko‘chirish yoki “sinab ko‘rib, xatoni tuzatish” tamoyili bilan cheklanib qolmoqdamiz. Boshlang‘ich o‘laroq, hozirda 2 oy davom etadigan professor-o‘qituvchilarning malaka oshirish jarayoni doirasida kerakli-keraksiz narsalarni majburlab o‘rgatish o‘rniga professor-o‘qituvchilarimizga reyting baholash tizimining zamonaviy usullarini o‘rgatsalar edi, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Xullas, OTMlardagi talabalar bilimini baholash tizimi hamda professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholash tizimi inqilobiy o‘zgarishlarga muhtoj. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni sobitqadamlik bilan hayotga joriy etish va oshkoralik, shaffoflik, jamoatchilik nazorati bilan oliy ta’limda bu inqilobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish mumkin va lozim.

J.Eltazarov, SamDU filologiya fakulteti dekani


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?