Talaba surishtiruvi: gazeta oʻqimay qoʻydik...mi?

11:07 01 Noyabr 2019 Jamiyat
249 0

Onamning iltimoslari bilan bozordan nok olib kelishga bordim. Anchadan beri kelmaganimgami, bozor oʻzgarib ketganday tuyildi koʻzimga. Bu oʻzgarish meni xursand qildi. Bozor rastalarini aylanar ekanman, gazetaga oʻralgan mevalar, sabzavotlar, goʻsht, pistayu qurut va hokazolarga qarab bordim. Eʼtiborimni nuqul gʻijimlangan, yirtilgan, mahsulotlarni oʻrashga xizmat qilayotgan gazeta varaqlari eʼtiborimni tortaverdi. Ichimda bir savol qiynay boshladi. Gazetani dunyoga kelishi, yashashi, rivojlanishi uchun qalam ahli bor kuchini, mehnatini, hatto butun umrini bagʻishlaydi. Xoʻsh, “tovar”ini unga oʻrab berayotgan usta savdogarlarimiz buni his qilarmikinlar? Bunday holatni koʻrgan inson eʼtiborsiz ketolmas ekan. Savatchasiga bir uyum gazeta varaqlarini supachaday toʻshab, ustiga chiroylik qilib noklar terib qoʻygan ayolga savol bilan yuzlandik.

— Xolajon, bu gazetalarni oʻqiganmisiz?

— Yoʻgʻa, oʻqimaganman. Oʻgʻlim olib kelib beradi. Biz gazetani savatlarimiz uchun ishlatamiz. Oʻshanda mevalar oʻzining tetik holatini yoʻqotmaydi. Nok olasanmi, qizim?..

Bu gaplar tinchimni oʻgʻirlaganday boʻldi goʻyo. Gazeta oʻqimay qoʻydikmi, deya savol berdim oʻzimga oʻzim. Shundan soʻng ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazishga kirishdim. Barchaga berilgan savol bir xil: Ommaviy axborot vositalari orasida matbuotning roli qanday? Gazeta oʻqib turasizmi?

— Ha, men baʼzan gazeta oʻqib turaman. — deydi Umida Imamova. — Mening fikrim shuki, matbuot doim yashaydi. Boisi jurnalistika avvalo undan boshlangan. Toʻgʻri, uning oʻrnini bugun internet bosib olmoqda. Lekin gazeta bu — tarix. Tarix esa butunlay yoʻq boʻlib ketishi mumkin emas.

Har kimning oʻz qarashi, haqiqati boʻladi va u doim shu haqiqat bilan yashaydi. Yana bir yurtdoshimiz ham oʻz qarashini quyidagicha bayon qildi.

— Men tikuvchilik bilan shugʻullanaman. — deydi Dilsoʻz Husanova. — Har kuni ertayu kech qoʻlim tikishdan boʻshamaydi. Shuning uchun koʻproq radio eshitaman. Gohida “Darakchi” gazetasini oʻqib turaman. Hamma internetga ipsiz bogʻlanib boraversa bosma nashrlar ham asta-sekin kamayib boraversa kerak...

Savolga har uch kishidan ikkitasi “matbuot bora-bora yoʻqolib ketadi, uning oʻrnini bosuvchi oʻrindosh OAV lar paydo boʻladi va ulardan biri internet” qabilidagi javoblarini berdi afsuski. Shu oʻrinda ustoz jurnalist Muxtor Xudoyqulovning quyidagi oltin fikrlari yodimizga tushadi: “Matbuotning asosini real voqelik tashkil etadi, uni oʻrganadi, tahlil qiladi hamda unga qaytadan taʼsir koʻrsatadi.” Shunday ekan, odamlar gazetaga albatta qaytadi yana. Bir parchadek koʻringan varaqlarda inson huquqlarini himoyalab turuvchi qonunlar, yangiliklar batafsil sharhlanadi. Toʻgʻri, bu sharhlovlarni, yangiliklarni internet orqali ham yetkazish mumkin insonga. Ammo gazetaning oʻrni baribir alohida ahamiyatli. Chekka hududlarda chiroq oʻchsa internet ham oʻchadi, aloqa boʻlmasa “oʻrgimchak toʻri” ham yaxshi ishlamaydi. Gazeta esa oʻchmaydi ham, toʻxtamaydi ham.

Bunga sizning fikringiz qanday, aziz oʻquvchi?

Shohista PIRIMOVA, OʻzMU talabasi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?