Takroriy karantin oʻzini qanchalik oqlaydi yoxud Oʻzbekiston pandemiyaga qarshi kurashni qanday davom ettiradi?

09:51 16 Iyul 2020 Jamiyat
248 0

Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli 10-iyuldan 1-avgustga qadar yana karantin rejimi joriy etildi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Respublika maxsus komissiyasining ushbu qarori atrofidagi bahs-munozaralar hamon toʻxtagani yoʻq. Qaror borasida aholida koʻplab savollar tugʻildi. Muhokamalarning ayrim ishtirokchilari navbatdagi cheklovlarning kiritilishi asosli ekaniga va maqsadga muvofiqligiga shubha bilan qaramoqda.

Takroriy karantin qanchalik asosli ekani, davlat pandemiyaga qarshi kurashni qay tarzda davom ettirishi hamda aholi va iqtisodiyot sektorlarining eng koʻp zarar koʻrgan qatlamlariga qanday yordam berilishi borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatov “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga intervyu berdi.

— Avvalo, mamlakatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, aholi salomatligi va hayotini himoya qilish Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy eʼtiborida ekanini alohida taʼkidlash lozim. Davlat rahbari 14-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlaganidek, bu kasallikka qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Endi savolingizga qaytsak. Darhaqiqat, karantinning kuchaytirilishi qizgʻin bahs-munozaralar mavzusiga aylandi. Aholining muayyan qismidagi hissiy reaksiyani shaxsan tushunaman. Tashvishlari asossiz emas, negaki karantinni oʻtkazish hamma uchun qiyin. Baʼzilar ishidan ayrilib, daromadini yoʻqotishdan qoʻrqadi. Boshqalari aprel-may oylarida boshlaridan kechirgan noqulayliklarning takrorlanishini istamaydi.

Lekin dunyo bugun tabiatini hali hech kim aniq oʻrganmagan, doimiy mutatsiyaga uchrab, yoshi va ijtimoiy mavqeidan qatʼiy nazar, amalda barchani birday zararlayotgan yangi halokatli virusga toʻqnash kelib turganini ham unutmasligimiz kerak.

Koronavirusga qarshi samarali dori-darmon va davolash usullarining mavjud emasligi, vaksinalar esa hali ishlanish jarayonidaligi sababli bu murakkab epidemiologik vaziyatdan chiqishning yagona yoʻli karantin hisoblanadi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo hamjamiyatini gʻaflatda qoldirganini koʻryapmiz. Bugungi kunda dunyoda har kuni bu kasallikka chalingan 200 mingdan ziyod bemor aniqlanyapti. Ularning aksariyati (75 foizi) AQSH, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrika Respublikasi hissasiga toʻgʻri kelmoqda. 

Ushbu infeksiyaning tarqalish tezligi ham eʼtiborni oʻziga qaratadi. Agar pandemiya boshlanganidan 13,5 hafta oʻtib 1 mln kasallik qayd etilgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkichga 5 kundan kamroq vaqt ichida yetishilyapti.

Bunday sharoitda kasallik tarqalishiga qarshi kurashishning eng samarali usuli ijtimoiy masofa saqlash, shaxsiy gigiyenaga amal qilish, niqob taqib yurish va odamlar bilan aloqalarni cheklashdir.

Bu haqda nafaqat JSST vakillari va dunyo olimlari tinmay gapiryaptilar. Buni cheklovlarni muddatidan oldin yengillashtirib, karantinga qaytishga majbur boʻlgan xorijiy davlatlar amaliyoti ham tasdiqlamoqda.

Masalan, may oyi oʻrtalarida Yevropada birinchi va dunyoda birinchilardan biri boʻlib epidemiyani yengganini eʼlon qilgan Sloveniya bir oy oʻtgach, kasallik yuqishi holatlarining keskin koʻpayib ketishi natijasida yana cheklovlarni kiritdi. Takroriy qatʼiy karantin Isroilni ham qamrab oldi. Pandemiya bilan muvaffaqiyatli kurashayotgandek tuyulgan Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham cheklov choralari sezilarli darajada kuchaytirilgan.

Yoki JSSTning barcha yoʻriqnomalari va dunyoning koʻplab epidemiolog olimlari tavsiyalarini pisand qilmagan Shvetsiyani olaylik. Shunga qaramay, garchi kech boʻlsa-da, ushbu mamlakat hukumati karantinning zarurligini anglab yetdi va joriy qildi. Lekin bundan xalq jabr koʻrdi! Bugungi kunda shvedlarda koronavirusdan oʻlish darajasi qoʻshni Norvegiya, Finlyandiya va Daniyadagiga qaraganda ancha yuqori. 15-iyul holatiga koʻra, ushbu mamlakatlarda oʻlim darajasi 253, 329 va 610 ni tashkil etgan boʻlsa, Shvetsiyada bu koʻrsatkich 5,545 ga teng, yaʼni oʻn baravar koʻp. Shvetsiyaning sobiq davlat epidemiologi A.Linde yaqinda “boshdanoq ancha qatʼiy cheklovlarni kiritish lozim edi”, deya bejiz aytmadi.

Afsuski, butun Yevropa boʻylab chegaralar yopilishi sharoitida karantin qoidalari yumshatilishining iqtisodiy taʼsiri katta boʻlmadi. Shvetsiya Markaziy banki prognoziga koʻra, bu yil YAIM 4,5% qisqaradi. Bu esa YAIMning 1,3% oʻsishi bashorat qilingan oldingi prognozga mos kelmaydi.

Barchamiz AQSH, Braziliya va Hindistonda jiddiy epidemiologik vaziyatni koʻryapmiz. Qoʻshnilarimiz Qozogʻiston va Qirgʻiziston ham murakkab vaziyatga tushgan.

Shu bois, karantinning asossiz ekani haqidagi biryoqlama tasdiqlar mutlaqo nooʻrin. Bunday bayonotlarni masʼuliyatsizlik bilan qilingan, deb hisoblayman. Zero, tarozining ikkinchi pallasi ham bor: yuzlab, minglab fuqarolarning, butun Oʻzbekiston xalqining salomatligi va hayoti xavf ostida!

— Koʻpchilik mamlakatimizda joriy etilgan karantinni asossiz qattiq, deb hisoblamoqda. Bu fikrga munosabatingiz qanday?

— Avvalo, qattiq karantin yoki hozir xorijda nomlanayotganidek, ommaviy lokdaun nimaligini aniqlab olish lozim. U, asosan, Yevropada keng tarqalgan. 

Ommaviy lokdaunda odamlarning oʻz uylarini tark etishi qatʼiyan man etiladi. Faqat maxsus ruxsatnoma boʻlgan hollarda yoki sanitariya xizmati oldindan SMS xabar bilan ogohlantirilganidan soʻnggina oziq-ovqat yoki dori-darmon uchun koʻchaga chiqiladi.

Oʻzbekiston ulardan farqli oʻlaroq, cheklovlarning oʻrtacha yoʻlini tanladi. Fuqarolarning uylarini tark etishi taqiqlanmadi va kunning muayyan vaqtlarida hatto shaxsiy transport vositalaridan foydalanishga ruxsat berildi. Barcha oziq-ovqat doʻkonlari va dorixonalar uzluksiz ishlab turdi. Oziq-ovqat va boshqa kundalik ehtiyoj tovarlari taqchilligiga va narx-navoning asossiz oʻsishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Toʻlaqonli lokdaun (karantin) haqida gap ham boʻlishi mumkin emas.

Bu safar ham ushbu tamoyil saqlanib qolindi. 1-avgustga qadar faqatgina jamoat transporti, parklardagi attraksionlar, buyum bozorlari, fitnes zallar, goʻzallik salonlari, umumiy ovqatlanish nuqtalari, sanatoriylar, bolalar bogʻchalari va dam olish lagerlari faoliyati vaqtincha toʻxtatiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga oʻrganishimiz shart.

Bu esa bizdan doimiy hushyorlikni, sanitariya meʼyorlariga va epidemiologik talablarga rioya qilishni talab etadi. Menimcha, aynan baʼzi fuqarolarimizning xotirjamlikka berilishi, loqaydligi pandemiyaning yangidan kuchayishiga imkon berdi.

Eʼtiboringizni quyidagi holatlarga qaratmoqchiman.

Birinchidan, 16-martdan 10-maygacha boʻlgan qatʼiy karantin davrida kasallangan jami 2 418 nafar kishi aniqlanib, oʻrtacha oʻsish surʼati 0,007 foizni tashkil etdi.

Ikkinchidan, talablar yumshatilgandan soʻng 10-maydan 9-iyulgacha boʻlgan davrda yana 9 029 holat qayd etilib, 0,03 foiz oʻsish kuzatildi.

Uchinchidan, may oyida 51 ta kunlik zararlanish holati qayd etilgan boʻlsa, iyun oyida163 tadan kasallanish aniqlandi. Birgina iyul oyining birinchi haftasida kasallanganlar soni yana 2 167 taga koʻpaydi. Shundan 58 foizi aholi orasida aniqlangan. Iyul oyi boshidan buyon kuniga oʻrtacha 324 ta yangi holat qayd etildi. Soʻnggi kunlarda zararlanishning navbatdagi antirekordi — kuniga 500 dan ortiq holat kuzatilmoqda.

Ammo eng achinarlisi, mamlakatda umumiy oʻlim darajasi dunyodagi eng past koʻrsatkichlardan biri boʻlib qolayotgan bir davrda karantin cheklovlarini yumshatish davrida oʻlganlar soni 10 tadan 70 tagacha, 0,5 foiz atrofida koʻpaydi. Bu qoʻshni mamlakatlar — Qirgʻiziston va Qozogʻistonga nisbatan deyarli uch va ikki barobar past. Rossiyada bu koʻrsatkich — 1,5%, AQSHda — 4%, Braziliyada — 3%, Hindistonda 3%ga teng.

Aynan shu bois ham karantin kerak. Ushbu bosqichda biz uchun fuqarolarning oʻz-oʻzini izolyatsiyalash va ijtimoiy masofa saqlash orqali virus yuqishining barcha yoʻllarini toʻsish, bemorlarni aniqlash va kasallikning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik borasida faol chora-tadbirlarni amalga oshirish oʻta muhim.

Ishonch bilan aytishim mumkinki, Oʻzbekistonda COVID-19ga qarshi kurash borasida bir butun va chuqur oʻylangan strategiya ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda, bunday yondashuvimiz Germaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Fransiya, Avstriya, Chexiya, Daniya kabi davlatlarning pandemiyaga qarshi kurashishdagi eng yaxshi amaliyotlariga mos keladi. Ularning tajribasi kasallik monitoringini tashkil etish, sogʻliqni saqlash tizimi salohiyatini mustahkamlash va kengaytirish zarurligiga ishora qiladi. Sogʻliqni saqlash sohasidagi inqirozni bartaraf etish va iqtisodiy oʻsishning mustahkam zaxiralarini yaratish orqali iqtisodiy oʻsishning zaruriy shart-sharoitlarini taʼminlay olamiz.

Odamlar oʻrtasidagi aloqalar sonini kamaytirish har bir zararlangan bemor orqali kasallikning 4-5 ta yangi odamga emas, balki ancha kam kishiga yuqishiga olib kelishi lozim. Bu vaziyatni nazorat ostida ushlab turish, kasallik tarqalish manbalarini aniqlash va tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaslik imkonini beradi. Boshqacha aytganda, barcha kasallanish holatlari qanchalik tez aniqlansa, tekshirilsa va izolyatsiyalansa, virusni jilovlash shunchalik oson boʻladi.

— Pandemiya boshlanganidan buyon koronavirus aslida mavjud emasligi haqidagi zamirida shaxsiy manfaatlar yashiringan va konspirativ nazariyalar kuzatilmoqda. Bunday xabarlarga munosabatingiz qanday? Bu insonlarning vaziyatning jiddiyligini anglashiga biror-bir tarzda taʼsir koʻrsatishi mumkinmi?

— Toʻgʻri qayd etdingiz. Bunday notoʻgʻri maʼlumot va mish-mishlar, afsuski, butun dunyoda mavjud. Bu pandemiya bilan kurashish harakatlariga toʻsqinlik qiluvchi va oddiy fuqarolarni adashtiruvchi jiddiy muammo. Shu bois ham BMT, JSST va boshqa nufuzli tashkilotlar hamda ekspertlarning eʼtibori shunga qaratilgan.

Masalan, BMT Bosh kotibi A. Guterrish buni «infodemiya», deb atadi va xalqaro hamjamiyatni bunday soxta maʼlumotlarga qarshi faol kurashishga chaqirdi. Bu dunyo amaliyotida mutlaqo yangi hodisa. JSST Bosh direktori T. Gebreyesus soxta maʼlumotlarning virusdan ham tezroq tarqalayotgani va kasallikning oʻzidan ham xavfliroq tus olayotganini taʼkidladi.

Germaniya, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya hukumatlari hamon notoʻgʻri axborotga qarshi faol kurashmoqda, aholisining media-madaniyatini oshirmoqda.

Fuqarolarimiz orasida haqiqatdan uzoq boʻlgan xabarlarga ishonganlar ham boʻlishi mumkin. Ehtimol, bu oʻzlari ham buni bilmagan holda aholi orasida COVID-19 tarqalishini keltirib chiqargan, karantin choralarini pisand qilmagan ayrim kishilarning “hushyorligini susaytirgandir”.

Oʻzini izolyatsiyalash davrida ijtimoiy tarmoqlar va telegram-kanallar soxta xabarlarning haqiqiy oʻchogʻiga aylandi. Koʻrib turganimizdek, oʻz manfaatini oʻylab notoʻgʻri maʼlumotlar tarqatayotgan ayrim kimsalar soʻz va axborot erkinligidan oʻzlarining gʻarazli maqsadlari yoʻlida, shov-shuv uchun va obunachilari sonini koʻpaytirishda foydalanishgan. Bu kabi masʼuliyatsiz xatti-harakatlar koʻplab oʻquvchilarda yanglish fikr uygʻotadi.

Yaxshiyamki, bunday urinishlar mamlakatdagi haqiqiy epidemiologik vaziyatdan yaxshi xabardor vakolatli mutaxassislar tomonidan darhol rad etilmoqda.

Bunga, asosan, Oʻzbekistonda bugungi kunda hukm surayotgan ochiqlik va oshkoralik tufayli erishildi. Aytishim mumkinki, hukumat va barcha davlat organlari maksimal darajada oshkora ishlamoqda. Axborot ochiqligi borasidagi tanlagan yoʻlimiz rivojlangan mamlakatlarning eng yaxshi amaliyotlariga mos keladi va amalda oʻzini oqlamoqda. Xalq bilan strategik muloqotni yuritish va takomillashtirish pandemiyaga qarshi kurashda ustuvor boʻlib qoladi.

— Karantinning beshinchi kuni ham oʻtyapti. Agar epidemiologik vaziyat talab etsa, cheklash rejimi uzaytirilishi mumkin. Davlat epidemiyaga qarshi turishda qanday yoʻl tutishni koʻzlamoqda?

— Avvalo, barchani kelajakka boʻlgan umidni soʻndirmaslikka va koʻrilgan barcha chora-tadbirlarning kutilgan natijani berishiga ishonishga chaqirgan boʻlardim. Oʻzbekiston hududida koronavirusni jilovlashni maqsad qilganmiz. Bunga erishish uchun pandemiyaning dastlabki kunlaridanoq ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlat fuqarolarni COVID-19 dan davolash, kasallikni aniqlash va davolash boʻyicha barcha xarajatlarni toʻliq zimmasiga olgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish xarajatlari uchun 1,7 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Ushbu mablagʻlarga tezkor tarzda Toshkent, Namangan, Surxondaryoda karantin zonalari, shuningdek, Zangiota tumanida 1000 koyka-oʻringa moʻljallangan ixtisoslashtirilgan koʻp tarmoqli shifoxona qurib bitkazildi. Baʼzi tibbiyot muassasalari qayta tashkil etilib, yangi statsionarlar ochildi, OʻSSH va boshqa tibbiy uskunalar, shaxsiy himoya vositalari faol xarid qilindi.

Bu COVID-19 ga chalingan barcha bemorlarni muvaffaqiyatli davolashni taʼminlash, tibbiy xodimlar salomatligini saqlab qolish, Italiya, Ispaniya yoki AQSHda kuzatilganidek, zararlanishlarning eng yuqori choʻqqisida sogʻliqni saqlash tizimiga ogʻir yuk tushishiga yoʻl qoʻymaslik imkonini berdi.

Bir soʻz bilan aytganda, hukumat karantinni joriy etish bilangina cheklanib qolmay, sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlashda, tezkor reaksiya koʻrsatish xizmati salohiyatini oshirishda davom etmoqda.

Shu bilan birga, oʻrtacha darajadagi ogʻir bir bemorga davolanish xarajati 32,3 mln soʻm (3,200 dollar), reanimatsiyadagi bemorga esa 64,4 mln soʻm (6,300 dollar)ni tashkil etganini yana bir bor eslatib oʻtmoqchiman. Dastlabki oylarda bemorlarning keyingi reabilitatsiyasida har biri uchun 2,5 mln soʻm (250 dollar) sarflandi. Masalan,FAIRHEALTH (Amerikadagi sogʻliqni saqlash sohasida tadqiqotlar olib boruvchi IICHB – muharrir izohi) hisob-kitobiga koʻra, AQSHda tibbiy sugʻurtasiz bir amerikalikni koronavirusdan davolash 73,3 ming dollarga, sugʻurtalanganiniki esa 38 ming dollarga tushadi. Shuningdek, koronavirusga chalingan kasalni davolash xarajati 1 mln dollarni tashkil etgan holat ham maʼlum.

Oʻzbekistonda oʻz vaqtida koʻrilgan dastlabki karantin chora-tadbirlari tufayli COVID-19 atrofidagi vaziyat qoʻshni davlatlar, MDH va umuman, butun dunyoga nisbatan ancha yaxshi va bu juda muhim fakt.

Masalan, aholi soniga nisbatan kasallanish darajasini olaylik. Oʻzbekistonda bu ulushlar nisbati boshqa davlatlarga nisbatan minimal darajada. Har 100 ming kishiga toʻgʻri keladigan holatlar soni boʻyicha Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida oxirgi oʻrinda turadi — 35 kishi. Rossiyada bu koʻrsatkich — 484, Belarusda — 681, Qozogʻistonda — 291, Qirgʻizistonda — 143, Armanistonda 1024 kishiga teng.

Soʻnggi kunlarda mamlakatimizda zararlanish statistikasining oshib borayotganini koʻryapmiz. Intensiv terapiya va karantin zonalarida kasallanganlar soni koʻpaydi. Oʻlim darajasi ham nisbatan oshdi. Agar martdan may oyiga qadar bizda 10 ta oʻlim holati yuz bergan boʻlsa, cheklovlar yengillashtirilgach, oʻlim koʻrsatkichi yana 50 taga oshdi.

Bu koʻrsatkichlarni kamaytirish, zararlanishlar sonining oʻsish zanjirini buzish uchun bizga karantin kerak. Bu esa boʻshagan kuch va mablagʻlarni sogʻliqni saqlash tizimini yana-da mustahkamlashga, aholini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish imkonini beradi.

— Soʻnggi kunlarda kasallikni tashxislash, aniqrogʻi, COVID-19 ga test olish jarayoni borasida koʻplab oʻrinli savollar paydo boʻldi.

— Testlar hajmini hech qanday kamaytirmadik. Har kuni 22-24 ming test oʻtkazilmoqda.12-iyulga qadar 1,3 milliondan ortiq test oʻtkazildi. Bu 1 mln aholiga 41 mingta test oʻtkazildi, degani.

Masalan, bu eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir. Bizdan faqat Rossiya (157 mingta), AQSH (126 mingta), Buyuk Britaniya (117 mingta) kabi davlatlar yuqoriroq pogʻonani egallagan. Proporsional nuqtayi nazardan Hindiston va Braziliyada Oʻzbekistonga qaraganda 1 mln kishiga nisbatan kam test oʻtkazgan. Soʻnggi kunlarda aniqlangan holatlar sonining oshishi koʻp jihatdan katta miqdorda testlar oʻtkazilishi bilan ham bogʻliq, deb hisoblayman. Shu bilan birga, davlat test oʻtkazish qobiliyatini oshirishda davom etmoqda. Jumladan, yaqindagina test, PZR apparatlari va boshqa laboratoriya uskunalari xarid qilish uchun 500 mlrd soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirildi.

Biroq test, birinchi navbatda, “shunga gumon mavjud” holatlarda, yaʼni kasallik alomatlari oʻzini namoyon qilgan shaxslarda va kasallar bilan muloqotda boʻlgan odamlarda oʻtkazilishi kerakligini ham hisobga olish lozim. Aks holda sogʻliqni saqlash tizimi shunchaki yuklamaga bardosh bera olmay qoladi.

Bunday yondashuvga boshqa mamlakatlarda, xususan, Germaniya va Yaponiyada ham amal qilinadi. Bilishimcha, Yaponiyada tana harorati 37,5 darajadan yuqori, yoʻtal va tumov boʻlgan odamlarning koronavirus testidan erkin oʻtishi taqiqlanadi va ular kamida 4 kun uyda qolishga chaqiriladi. Agar alomatlar yoʻqolmasa, maxsus markazlardan biriga qoʻngʻiroq qilib, sirtdan suhbatdan oʻtishi kerak. Mabodo vaziyat jiddiy boʻlsa, bemor uchun tez yordam mashinasi joʻnatiladi, koronavirus testi oʻtkaziladi va u yuqumli kasalliklar palatasiga yotqiziladi. Yaponiya hukumati shu yoʻl bilan shifoxonalarning kasallanganlar, shu bilan birga, alomatlari yengil kechayotgan fuqarolar bilan toʻlib-toshib, natijada yangi ommaviy zararlanish oʻchoqlari koʻpayib ketgan Italiyaning ahvoliga tushib qolmaslikka intiladi.

— Davlat aholining zaif qatlamlarini qanday qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyotni qanday tiklash niyatida?

— Taʼkidlash joizki, aynan davlat iqtisodiy va moliyaviy xarajatlarning koʻpchiligini ongli ravishda oʻz zimmasiga olgan. Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlarda davlat ijtimoiy koʻmakni boshdanoq yirik korxonalar zimmasiga yuklab qoʻydi, deb yozishadi. 120 ming ehtiyojmand oilani qoʻllab-quvvatlash uchun 20 mlrd soʻmni yetarli emas, deyishmoqda.

Lekin unday emas. Nafaqat aholining barcha qatlamlari uchun, balki kichik hamda oʻrta korxonalar va, umuman, butun iqtisodiyotning bir maromda ishlashini ham maksimal darajada qoʻllab-quvvatlash maqsadida yordam paketi qabul qilindi.

500 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trln soʻm miqdorida imtiyoz va preferensiyalar berildi.

Koronavirus pandemiyasi vaqtida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning umumiy qiymati 6,1 mlrd dollardan ziyod, deb baholangan. Oʻzbekiston sharoitida bu mablagʻlar mamlakat YAIMning deyarli 11 foizini tashkil etadi. Iqtisodiy imkoniyatlarimizni hisobga oladigan boʻlsak, bu anchayin katta mablagʻ. Shundan 1,7 mlrd dollarga yaqin yoki qariyb 30 foiz mablagʻ Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlashga yoʻnaltirildi, bu esa yuqori koʻrsatkichdir.

Koʻpchilik fuqarolar “vertolyot pullar” ajratilishini ham qoʻllab-quvvatlaydi. Ushbu masala boʻyicha oʻz fikrlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman. Bu juda bahsli masala, negaki butun dunyoda pandemiya oqibatlarini minimallashtirishning yagona standarti mavjud emas. Har bir mamlakat oʻz iqtisodiy voqeligiga asoslanib, qarorlar qabul qiladi. “Vertolyot pullar” ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash sifatida foydalidir, biroq pul-kredit siyosati vositasi sifatida dolzarb emas va, umuman, rivojlanayotgan iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Birinchidan, qaror qabul qilishda biz manzilli koʻmak tamoyilidan kelib chiqamiz. Mablagʻlar, birinchi navbatda, pandemiyaga qarshi kurashish uchun aholining eng zaif toifalariga, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining qoʻllab-quvvatlanishi va bir maromda ishlashi uchun yoʻnaltiriladi. Bu pandemiyadan soʻng har bir kishining ishga kirishib ketishi, iqtisodning “ishlashi” maqsadida amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, toʻlaqonli ishlamayotgan xizmat koʻrsatish sektori sharoitida katta pul massasining paydo boʻlishi inflyatsiyaga olib kelishi mumkin, bu esa oxir-oqibat oziq-ovqat va boshqa kundalik ehtiyoj tovarlari narxlari oshishiga olib keladi.

Umuman olganda, biz qabul qilgan model aholining zaif guruhlariga manzilli yordam koʻrsatishni tashkil etishga asoslangan. Mavjud zaxiralardan iqtisodiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash va odamlarni ish va mos ravishda maosh bilan taʼminlashda foydalaniladi. Buning kelajakda mamlakat aholisiga bir martalik pul toʻlovlaridan koʻra koʻproq iqtisodiy samara berishi shubhasiz, deb hisoblayman.

Xulosa sifatida taʼkidlashni istardimki, ehtiyojmand oilalarga yordam koʻrsatilishi borasida hech qanday shubhaga oʻrin qolmasligi lozim. Karantin davrida bunday toifadagi kishilar oziq-ovqat va dori-darmonsiz qolib ketmaydi. Davlat masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan va bu rejalarni qatʼiy amalga oshirishni koʻzlamoqda. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, buning uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga oʻrganishimiz shart. Hayot davom etmoqda va u bizdan sabr-toqat va mustahkam intizom bilan oqilona harakat qilishimizni talab etadi. Aminmanki, bu sinov va qiyinchiliklarni, albatta, yengib oʻtamiz!
O'zA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?