Taklif etilayotgan soliq Kontseptsiyasi amaldagi soliq tizimidan nimasi bilan farqli?

11:58 06 Aprel 2018 Iqtisodiyot
1812 3

Prezidentimizning joriy yil 13 fevraldagi “Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo’yicha tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan O’zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish kontseptsiyasi keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.

Mazkur kontseptsiya yurtimiz aholisi, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari,  iqtisodchi ekspertlar tomonidan qizg’in muhokama qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr va mulohazalarda yurtdoshlarimizning aksariyati soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning dolzarbligini ta’kidlagan holda ijobiy qarshi olayotgan bo’lsa, ayrimlar o’zlarining bu boradagi tanqidiy fikrlarini ham qoldirmoqda.

Albatta har bir shaxs mustaqil, erkin fikr bildirish huquqiga ega. Kontseptsiya loyihasining umumxalq muhokamasiga qo’yilishidan ko’zlangan asosiy maqsad ham bildirilgan xilma-xil fikrlardan eng maqbullarini saralab olish hamda soliq qonunchiligi va ma’muriyatchiligini rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqishdan iboratdir.

Xo’sh, taklif etilayotgan soliq tizimini isloh qilish kontseptsiyasida belgilangan o’zgartirishlar bugungi kunda amaldagi soliq tizimidan qanday farq qiladi hamda ular tadbirkorlik rivoji va oddiy fuqarolarimiz uchun nimasi bilan ahamiyatli?
Ishlab chiqilgan kontseptsiyada soliqlarni: 

- soddalashtirish;

- sonini qisqartirish;

- stavkalarini pasaytirish asosiy yo’nalishlar etib belgilangan.

Bundan ko’zlangan pirovard natija iqtisodiyotda soliq yukini pasaytirish orqali raqobatbardoshlikni oshirish va investitsiyalarni jalb etishga imkoniyat yaratishdir.
Amaldagi soliq tizimida xo’jalik yurituvchi sub’ektlarining aylanma mablag’laridan belgilangan stavka bo’yicha yagona soliq to’lovi (asosiy stavkasi 5 foiz) hamda byudjetdan tashqari maqsadli jamg’armalarga 3,2 foiz soliq to’lagan bo’lsa, endilikda faqatgina olgan daromadlaridan soliq to’lash tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda Soliq kodeksining 23-moddasiga asosan respublikamizda 19 ta turdagi soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar mavjud bo’lsa, endilikda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i, yagona soliq to’lovi, qo’shimcha foyda solig’i, pensiya jamg’armasiga sug’urta badali, yagona ijtimoiy to’lov va byudjetdan tashqari majburiy ajratmalarning bekor qilinishi kutilmoqda.

Soliq turlarini qisqartirish bilan bir qatorda ularning stavkalarini  ham keskin pasaytirish ko’zda tutilmoqda. Birgina mahsulot va xizmatlar narxini belgilashga bevosita ta’sir ko’rsatuvchi qo’shimcha qiymat solig’i stavkasi amaldagi 20 foizdan 12 foizga pasaytirish belgilangan. 

Bu dunyodagi eng past ko’rsatkichlardan biri hisoblanadi.

QQS stavkasining kiritilishi va past miqdorda o’rnatilishi qanday samara beradi? Bunda, iqtisodiyotda QQS uzilishi tushunchasi yo’qoladi, ya’ni mahsulot ishlab chiqaruvchi (etkazib beruvchi) QQS to’lovchi bo’lganda QQS summasi mahsulot tannarxiga kiritilmaydi va soliqdan soliq olish bartaraf etiladi (QQS tannarxga kiritilganda ushbu summadan ham YaST olinadi).

Masalan, yagona soliq to’lovchi korxona umumbelgilangan tartibda soliq to’lovchidan 1 200 so’mlik tovar oldi. Bundan tovar narxi 1 000 so’mni, qo’shilgan qiymat solig’i 200 so’mni tashkil qiladi.

Mazkur tovar 100 so’m ustama bilan 1 300 so’mga sotilganda tushumdan 5 foizli stavkada 65 so’m soliq hisoblanadi. Ya’ni, 65 so’mning ichida 200 so’m QQSdan ham 10 so’m yagona soliq to’lovchi hisoblanadi.
Ushbu soliq to’lovchi QQS to’lashga o’tishi bilan qo’llanilgan 100 so’mlik ustamadan 12 foizli stavkada 12 so’m QQS to’laydi.

Mahsulotlar QQS bilan iste’molchiga etkazilganda sotishdan tushgan tushumni yashirish holatlarini oldini olish imkoniyati tug’iladi.


Izohlar


Admin

Янги Солик Концепциясининг жорий этилиши том маънода иктисодиётда "портлаш эффекти"ни беради. Соддалаштириш, кискартириш ва пасайтириш тамойиллари хуфёна иктисодиетни легеллашишига олиб келади. Хозирги кунда шартли равишда, 1000 та хужалик субъектидан 1 млн.сум солик йигилаетган булса, Концепция жорий этилгач, 15 000 субъектдан 10 млн.сум солик олиниши мумкин. Ушбу концепцияни тулаконли куллаб-кувватлайман.

11:0107.04.2018