“Tayvan tovuqchilik qiroli” Namanganda yirik tovuqchilik kompleksi quradi

10:06 07 Noyabr 2019 Jamiyat
223 0

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov kecha Tayvanning Kai Shing Trading Co. Ltd kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Ten Syuekayni qabul qildi. Sharqiy Osiyoda “Tayvan tovuqchilik qiroli” sifatida keng tanilgan Ten Syuekay Namangan viloyatida yirik parrandachilik kompleksi qurish loyihasini amalga oshirmoqda. Viloyatda MCHJ shaklidagi “Kai Shing Namangan” xorijiy korxonasi roʻyxatdan oʻtkazildi.

Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Namangan viloyat hokimligi bilan “Kai Shing Namangan ” xorijiy korxonasi oʻrtasida ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha investitsion kelishuv imzolandi.

Kelishuvga koʻra, parrandachilik kompleksi, issiqxona, kushxona, ozuqa va organik chiqindilarni qayta ishlash zavodi kabi boʻlimlardan iborat ushbu yirik loyiha uchun “Kai Shing Namangan” xorijiy korxonasiga viloyatda 550 gektar yer ajratiladi. Investor ushbu loyiha uchun 30 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan xorijiy investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

Eʼtiborli jihati,mazkur korxonada maxsus zotli tovuqlarni ochiq osmon ostida yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Uning katta qismini Xitoyda mashhur “Imperator tovuq essensiyasi” ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi hamda Chin yurtiga eksport qilinadi. Qolgan qismi “Halol” sertifikati bilan Arab davlatlariga hamda ichki bozorga sotiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?