Soʻx tumani hokimi oʻzgardi

15:59 03 Iyun 2020 Siyosat
655 0

Bugun, 3-iyun kuni Xalq deputatlari Soʻx tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Bu haqda tumani hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, Soʻx tumani hokimining oʻrinbosarlari, tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼullari, Bosh vazir oʻrinbosarlari, respublika vazirlik va idora rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, sessiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi.

Sessiya ishtirokchilari kun tartibiga qoʻyilgan masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning maʼruzasini tingladilar.

«Avvalambor Siz hurmatli Soʻx tumani faollariga, Sizlarning timsolingizda butun Soʻx ahliga muhtaram Prezidentimiz, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning chuqur hurmat va ehtiromlarini yetkazaman. Albatta, bir necha kun oldin chegara hududidagi boʻlgan noxush holat koʻp narsalarni qaytadan koʻrib, qaytadan qarashga hammamizni majbur qildi. Bevosita Prezidentimizning topshiriqlari bilan men boshchiligimda vaziyatni oʻrganish uchun mutasaddi idoralar rahbarlari yetib kelishdi. Birinchi navbatda viloyat rahbari Shuhrat Gʻaniyev va boshqa rahbarlar yetib kelib vaziyatni chuqurlashishiga yoʻl qoʻymagan. Tinchlikni qadriga yetish bu juda katta baxt. Muhtaram Prezidentimizning chegaradosh hududlar bilan olib borayotgan yaxshi qoʻshnichilik siyosatlarini butun jahon eʼtirof etib turibdi»-dedi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri soʻzining boshida. - Bizning oldimizda eng katta masʼuliyat turibdi – bu Soʻx tumanidagi muammolarni hal etish va bevosita Prezidentimizning eʼtiborlari asosida tumanni obod qilish. Buning uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar va sharoitlar yaratib beriladi. Soʻx tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha davlat rahbarining qarorlari ham chiqqan va shu asosda tumanda tizimli ishlar olib borilishi lozim. Bu ishlarda saylanadigan yangi tuman hokimidan katta masʼuliyat talab etiladi.

Shundan soʻng, 2019-yildan buyon tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlab kelayotgan Sayidbahrom Sayidmusayev Soʻx tumani hokimi etib tayinlandi.

Sessiya davomida hokimning oʻrinbosarlari ham tayinlandi.

Sessiya kun tartibiga qoʻyilgan masala yuzasidan Xalq deputatlari Soʻx tuman Kengashining deputatlari, hokim oʻrinbosarlari, masalalarga daxldor boʻlgan mutasaddi idoralar rahbarlari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?