Tailandda suv bosgan g‘orda qamalib qolgan bolalarning 8 nafari qutqarildi

15:35 10 Iyul 2018 Dunyo
270 0
Foto: ТАСС

Tailandda suv bosgan g‘orda qamalib qolgan bolalarni qutqarish amaliyoti davom etmoqda. Vaziyatni voqea joyidan kuzatayotgan ommaviy axborot vositalari shu vaqtgacha 8 bolaning g‘ordan chiqarilganini aytyapti. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qutqarilgan bolalar tez tibbiy yordam mashinasi bilan shifoxona olib ketilgan.

Ma’lumot uchun, bolalar jon saqlayotgan joyga quruqlikda yurib va suv ostida suzib borib kelish o‘rtacha 11 soat vaqtni oladi. Biroq ayni damda g‘orda suvning tortilishi ushbu vaqtni qisqartirgan va qutqarish uchun mos sharoit yuzaga kelgan. G‘orning suvga to‘lgan ayrim qismlari o‘ta tor va u yerdan faqat bir kishi suzib o‘ta olishi mumkin. Bu qutqaruv ishlarini yanada qiyinlashtiradi. G‘ordagi bolalarga kerakli jihozlarni yetkazib berib qaytayotgan g‘avvoslardan biri g‘orning tor qismidan o‘tish chog‘ida havo yetishmasligidan halok bo‘lgan.

Qutqarish chog‘ida halok bo‘lgan g‘avvos. Foto: Комсомольская правда

Eslatib o‘tamiz, 12 bola va ularning murabbiyi 23 iyun kuni sayohatga ketib Kxao Luang g‘orlar majmuasida yo‘qolib qolgandi. Qutqaruvchilar ularni oradan 9 kun o‘tib, 2 iyul kuni suv bilan to‘lgan g‘orning kichik qoyasida jon saqlayotgan holatda topishgan.

G‘or yo‘llari musson yomg‘irlari natijasida suv va boshqa jismlar bilan to‘lib qolgani natijasida bolalarni undan olib chiqish oson bo‘lmasligi aytilgan. Hukumat g‘ordan kechayu kunduz tinmasdan suvlarni nasoslar yordamida tortib olmoqda. Bu qutqaruv ishlariga qulay sharoitning yaratilishiga olib kelishi mumkin.

Hukumat qutqarish ishlarining bir necha variantlarini ko‘rib chiqqan. Ularning orasida musson yomg‘irlari tinguncha bir necha oy kutish chorasi ham bor edi. Bolalar suzishni va suv ostiga sho‘ng‘ishni bilmagani uchun ham ularga suzishni o‘rgatish va undan so‘ng qutqarish ishlarini boshlash mumkinligi ham aytilgan. Biroq hukumat bolalarni tezroq chiqarib olish uchun, ularni ikki g‘avvos yordamida, maxsus arqonga bog‘lagan holatda chiqarib olish yo‘lini tanlagan. Bunda bolalar saqlanib turgan g‘orda havo sifatining buzilishi va bir necha oy davom etadigan musson yomg‘irlarining kutilmagan oqibatlar olib kelishi mumkinligini inobatga olingan.

Khaosod mahalliy nashrida yozilishicha, bugun qutqaruv amaliyotining so‘nggi bosqichiga kirishilgan. Mazkur jarayonga 19 nafar g‘avvos jalb etilgan.

“Agar barchasi reja bo‘yicha ketsa, bugun qolgan to‘rt nafar bola, shifokorlar, murabbiy va g‘avvoslar chiqarib olinadi”, deydi operatsiya rahbari Chiangray Narongsak Osottxanakon. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?