Tailandda g‘ordan qutqarilgan yosh futbolchilar va ularning murabbiyi monaxga aylanishdi

19:06 26 Iyul 2018 Dunyo
190 0
Foto: AP

Bu boradagi tegishli marosimdan so‘ng bolalar to‘qqiz kunni ibodatxonada o‘tkazsa, murabbiy bir yil ruhoniy bo‘lib xizmat qiladi.

Marosim Chiangray muzofotidagi Vat Pxra Txat Doy Tung nomli eng yirik ibodatxonalardan birida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Thai PBS telekanali.

Qayd etilishicha, ruhoniylar jamoasiga qabul qilinishdan oldin g‘ordan qutqarilganlarning sochlari va qoshlari qirib tashlangan, to‘q sariq rang libos kiyishgan.

Yosh futbolchilar va murabbiy monaxlikni ularni qutqarish paytida hayotdan ko‘z yumgan Tailand harbiy dengiz kuchlari katta serjanti, harbiy suzuvchi Saman Kunanning xotirasini yodga olish uchun qabul qilgan. Marosim paytida uning rasmi markazga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni tailandlik yosh futbolchilar va ularning murabbiysi yo‘qolib qolgandi. Keyinchalik ular Kxao Luang g‘orida yog‘ingarchilik tufayli kelib chiqqan toshqin oqibatida qolib ketishgani aniqlandi. Sportchilarning barchasi 10 iyulga kelibgina chiqarib olindi. Mazkur qutqaruv ishlari chog‘ida zahiradagi harbiy 38 yoshli Saman Kunan hayotdan ko‘z yumgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?