Tahdidi ortayotgan xastalik. Mamlakatimizda uni bartaraf etish maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

15:25 25 Iyun 2018 Jamiyat
186 0
Foto: snatchnews.com

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 22 iyunda imzolangan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori o‘ta muhim masalalarni qamrab olganligi bois keng jamoatchilik, ayniqsa, soha mutaxassislari tomonidan katta mamnuniyat ila kutib olindi. Zero, odamning immunitet tanqisligi virusi xastaligi butun dunyoda millionlab insonlarning umriga zomin bo‘layotgan, ko‘plab oilalarning osoyishtaligini buzayotgan xastaliklar sirasiga kiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzida ushbu kasallikdan aziyat chekayotganlar qariyb 34 million nafarni tashkil etmoqda.

Mamlakatimizda ushbu xastalikning oldini olish borasida zarur tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat asosida 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlandi. 1 iyuldan boshlab OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish bilan shug‘ullanuvchi tumanlararo diagnostika laboratoriyalari hududiy OITSga qarshi kurashish markazlari tarkibiga kiritiladi va markazlarga ushbu laboratoriyalarni moliyalashtirish, moddiy-texnik ta’minlash hamda faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish vazifalari yuklatildi.

Bunday g‘amxo‘rlik davolanishga muhtoj shaxslarni uzluksiz dori-darmon bilan ta’minlash, ularning sog‘ligini tiklash, hayot sifatini yaxshilash hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirishga imkon yaratadi, OIV infeksiyasini erta aniqlash maqsadida tekshiruvlar sonining ortishiga olib keladi. Shuningdek, aholi va OIV yuqish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlar orasida ushbu xastalik profilaktikasi, diagnostikasi va davolash tadbirlarini takomillashtirish maqsadida bemor onalardan tug‘ilgan 6 oylikkacha bo‘lgan bolalarni sun’iy oziqlantirish vositalari bilan ta’minlash ham nazarda tutilgan. Bu esa OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishining oldini olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Respublika va hududiy OITSga qarshi kurashish markazlarining yangi shtat birliklari ishlab chiqilishini nazarda tutuvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarning tayyorlanishi, ushbu sohada faoliyat olib boruvchi kadrlar salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bunda soha mutaxassislarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash, zamonaviy tibbiyot yangiliklaridan boxabar bo‘lgan holda o‘z bilim va tajribalarini orttirib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi hujjatda tizimdagi kamchiliklar, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar to‘la-to‘kis qamrab olinib, ularga yechim topish yuzasidan aniq chora-tadbirlar va mutasaddilar belgilangani ayni muddao bo‘ldi. Binobarin, xalqimizda har qanday xastalikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan ma’qul, degan gap bor. Ishonchimiz komilki, o‘z hayoti, farzandlari kelajagini o‘ylagan ongli inson biror bir xastalikni atay o‘ziga yuqtirmaydi. Barcha kasalliklar ba’zan ehtiyotsizlik yoxud tasodif sabab kelib chiqadi. Vaholanki, sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilish kasallikka zarba berishning asosiy shartidir. Shu bois ham aholi, ayniqsa, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari orasida OIV infeksiyasi, uning yuqishi sabablari, profilaktikasi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish, qolaversa, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari xodimlari orasida ham tushuntirish-targ‘ibot ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi xavfli guruhlar o‘rtasida kasallik tarqalishining oldini oladi va kelajakda sog‘lom farzandlar dunyoga kelishiga imkon yaratadi.
G‘ulom RAJABOV,
Respublika OITSga qarshi
kurash markazi direktori o‘rinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?