Tafakkur birla bilmish odamizod

15:54 24 Yanvar 2019 Madaniyat
691 0

Umar Hayyom ruboiylaridan birida yozadi:

Ey gʻofil, bilmaysan — bu olam hechdir,

Negizing shamolu, bir tutam — hechdir.

Ikki yoʻqlik aro qolmish borligʻing,

Atrofing yoʻqligu, oʻrta ham hechdir.

Inson daʼfatan oʻylashga majbur boʻladi: nahot biz yashayotgan olam, bizning umrimiz, quvonchu qaygʻularimiz, faoliyatimiz HЕCHLIK, YOʻQLIK uzra boʻlsa? Unda bu olamda yashamoqning maʼnosi ne? Pirovardida, bu oʻy-tushuncha insonni tushkunlik girdobi sari yetaklaydi... Xuddi shu tushkunlikdan sizni Hazrat Navoiyning olamga bergan taʼrifi, toʻgʻrirogʻi OGOHNOMASI tortib chiqaradi:

Ey koʻngil, boqmagil jahon ishigʻa,

Ki jahon qilmadi vafo kishigʻa.

Biz ulugʻrak kesak erur bu

Ki erur koʻpragi suv ichra nihon.

Ha, Hazrat Navoiy bu olamni suv ustidagi ulkan kesakka mengzatmoqdalar! Nega aynan kesakka? Suv ustida suzib yurishi mumkin boʻlgan, suvga choʻkmaydigan biror buyumga emas? Shoir uchun bundan osoni yoʻq-ku! Koʻp qismi suv ichiga botib turgan kesak ustida turganini his qilgan tinglovchi, yaʼni sizu bizni hushyor torttirmoq uchun. Olam, odam, umr haqida tafakkur ettirmoq uchun. Zero, kesak hali zamon erib ketishi, suvga gʻarq boʻlmogʻimiz hech gap emas: “Ey inson! Gʻarq boʻlmogʻing tayin bir omonatgina joyda osmonoʻpar orzu imoratlarini qurmoqdasan? UMRdek bebaho neʼmat senga shuning uchun berildimi?” demoqchilar mutafakkir shoir...

Darvoqe,UMR nima? “Umr” arabcha soʻz boʻlib, uning lugʻaviy maʼnosi “obod boʻlish”dir. Xoʻsh, insonning umri qanday qilib obod boʻladi? Alloh subhanahu va taolo insonga jon ato etgan, unga hayot bergan. Onadan tugʻilgan chaqaloq yigʻladimi, demak, uning joni bor. Alloh taolo shu bergan jon neʼmatiga vaqt neʼmatini ham qoʻshsa, ikkovi qoʻshilib umr boʻladi. Jonni bersayu, vaqt bermasa, bola onadan tugʻilishi bilan oʻlib qoladi. Demak, umrning formulasi: “HAYOT+VAQT=UMR” ekan” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Xislatli hikmatlar sharhi”dan). Demak, hayotni ezguliklar bilan oʻtkazish, vaqtning qadriga yetish; Odamning olamni obod etishi muhim ekan-da! Hazrat Navoiy bizga ana shu obodlikning shartlarini Olam va Odam oʻrtasidagi nozik munosabatlarni, muhim yoʻl-yoʻriqlarni koʻrsatadilar. Avvalo:

Boʻlmasa imon bila ketmak ishi,

Anglaki, oni desa boʻlmas kishi.

Axir, Yaratganning biru borligiga, har nening, jumladan, umrning hisob-kitobiga, yaxshilik ham yomonlik ham javobsiz qolmasligiga... sidqidildan ishonmagan kishining bu olamdagi odamiyligi haqida soʻz yuritish abas emasmi? Va Navoiy taʼbiri bilan aytganda uni “odam” deyish mumkinmi?

Odam avlodida kamdir odamiylik shevasi,

Odam ermas ulki mayli odamiyzod aylagay.

Mutasavvuflarning Malomatiya deb nomlangan vakillari faoliyatida nafsni davomli tergash, afsus-nadomat, oʻzni oʻta xokisor tutish yetakchilik.

Endi Navoiyning ushbu baytiga diqqat qilaylik:

Ohki, umr oʻtti jaholat bila,

Qoldim oʻlum vaqti xijolat bila.

Butun umrini ilm-maʼrifat, xayr-barakot bilan oʻtkazgan shoirning ey voh, umrim johillik bilan oʻtib ketdi. Oʻlim payti yetganda esa faqat xijolat bilan birga qoldim, deyishlari aslida bizga tutilgan oyna emasmikan? Basharti shunday boʻlsa, biz shoirimizdan ranjishga hech ham haqimiz yoʻq. Faqat ibratlanib, tegishli xulosa chiqarib, yana oʻzlarining bir oʻgitlariga amal qilamiz, xolos:

Kishi aybing desa, dam urmagʻilkim, ul erur koʻzgu,

Chu koʻzgu tiyra boʻldi, aybing oʻzga zohir aylarmu?!

Hazrat Navoiyning umr mazmun-mohiyati haqidagi yana bir taʼriflari oddiy, sodda, samimiy, taʼsirli, ibratlidir:

Umr erur taqvoi toat uchun,

Tengri buyurgʻangʻa itoat uchun.

“Taqvo”ga berilgan izohlardan birida “oyoq yalang holda tikanli yoʻllarda yurganda qanchalik ehtiyot boʻlinsa, taqvodor gunoh-maʼsiyatlardan, yomonliklardan oʻzini ana shunday ehtiyot qilmogʻi, hushyor boʻlmogʻi va doimiy yaxshilik tomon yuz burmogʻi...” taʼkidlanadi. Bunga erishmoq uchun esa Navoiy aytganlaridek, “Tengri buyurgʻangʻa itoat etmoq” maqsadga muvofiqroqdir.

Hazrat Navoiy odamni bu olamga ibrat nazari bilan qarashga, unda yashirin sir-asror, hikmatlarni, unga berilgan bebaho neʼmat — aql bilan idrok etishga chorlaydilar:

Olam aro har ne huvaydodurur,

Siri aning zimnida paydodurur.

Yaʼni, olamda neki koʻzga koʻrinsa, sir-asrori uning zamirida mavjuddir, demoqchi shoir. Bu baytning mazmun-mohiyatini yana-da ravshanroq tushunish uchun oʻtgan asrda yashab ijod etgan adib Muhammad Nurulloh Saydo al-Jazariyning “Haqiqatlar urugʻi” risolasidagi ayrim nuktalarga nazar solamiz: “Meni tanigan-bilganlarga yaxshi maʼlumki, mendek miskin uchun eng yaxshi doʻst kitob boʻlib, bundan aʼloroq doʻsti qadrdon topganimcha yoʻq. Kitoblar ichida Tabiat kitobiga doʻstligim oʻzgacha... Bu muhtasham mehmonxonaga (yaʼni bu olamga. – A.T.) qoʻngan har bir ziyoratchi-yoʻlovchiga duch kelganingizda, ular dilidan sukutni va ustidan loqaydlik pardasini olib tashlagimiz keladi. Olam oftobi kuydirmasin deb bir qarich pastga tushmaydi, sovuq qotmasin deya bir qarich yuqori ham koʻtarilmaydi”.

Olamda huvaydo boʻlib, bizni tafakkurga, hayratga soluvchi voqea-hodisalar ozmi? Navoiy ham yuqoridagi bayti orqali bu olamga ibrat nazari bilan boqmoqqa, gʻaflat, loqaydlikdan uzoq boʻlmoqqa chaqirmayaptilarmi?! Tafakkurga chorlamayaptilarmi?! Zero:

Dedi: Har ishni qilmish odamizod,

Tafakkur birla bilmish odamizod.

Yaʼni, odam farzandi nima ish qilgan boʻlsa, barchasini tafakkur tufayli, tafakkur yordamida amalga oshirgandir.

Hazrat Navoiy bu olam ichra umrguzaronlik qilayotgan odamlarga ikki dunyo saodatiga kalit boʻluvchi ushbu hikmatni ham taqdim etadilar:

Kishi oʻzlukni qoʻymay Oni topmas,

Tengiz kechmay duri yaktoni topmas.

Ha, Yaratganni tanimoq, Uning roziligiga erishmoqning shartlaridan biri – nafsni tarbiyalash, nafsoniy orzu-havaslardan voz kechish, qalbini kibr, nifoq, hasad kabi maʼnaviy illatlardan tozalashdir. Zero, nafs orzu-istaklari cheksizdir. Nafs faqat oʻzini oʻylaydi. Vaholanki, nafs uchun foydali tuyulgan narsa inson va jamiyatga zarar keltirishi mumkin... Demak, biz zararli, foydasiz feʼl-atvor, amallarimizni tark etishimiz lozim. Bu esa riyozat dengizidan kuchli iroda, ixlos, zavq-shavq, muhabbat bilan kechib oʻtmoqni ham taqazo etadi. Shunda izlagan “Duri yakto”ni ham topgaymiz.

Bu saodatga erishish uchun baʼzan kutilmagan xatti-harakat, jasorat, fidoyilik ham lozim. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy”dagi qahramonlaridan biriga taʼrif berar ekan, yozadi:

Gahi boʻldi davron bila tundxoʻ,

Gahi charxi gardongʻa dedi: “Tufu!”

Yaʼni, gohida davron bilan orasi buzildi, u bilan kelishmay qoldi, gohida esa bu charxi kajraftorning yuziga “Tufu!” deya tupurdi.

Umrini xalqimizning ilm-maʼrifati, maʼnaviyatiga baxsh etgan, bir soʻz bilan aytganda, barakali umr oʻtkazgan muhtaram olim Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari yozadilar: “...Moʻmin-musulmon inson umrining buguni kechasidan, ertasi bugunidan afzal boʻladi. Ana shunda umr neʼmatining shukrini ado etgan boʻladi, umr savdosi degan buyuk savdoda foyda koʻrgan boʻladi, kasodga uchramaydi...

...Bir kun emas, bir hafta emas, bir oy emas, bir yil emas, butun umrini zoye qilayotganlar bor. Na oʻziga foyda, na oilasiga foyda, na jamiyatga foyda, na xalqiga foyda... Bu isrof oxir-oqibat qayerga olib boradi? Bu savolga javob axtarish, chuqur oʻylash kerak. Hayot jiddiyatdan iborat ekani, umrning har bir lahzasi uchun savol-javob borligi yodimizdan bir lahza ham chiqmasligi kerak”.

Hazrat Alisher Navoiyning quyidagi bayti yuqoridagi hikmatning, taʼbir joiz boʻlsa “Ogohnoma”ning nazmdagi goʻzal badiiy ifodasi oʻlaroq jaranglaydi:

Umrgʻa chun eʼtimode yoʻqtur, ey gʻoful koʻngul,

Oyu yilni necha mast oʻtkargasen, bir ham oyil.

Eʼtimod – ishonch, oyilmoq – oʻziga kelish, xushyor tortish demakdir.

Ey inson! Axir umrga ishonch yoʻq; necha yil umr koʻrishing nomaʼlum. Qachongacha oy-u yillarni behudaga, befoyda oʻtkazib zoye qilasan? Bu gʻaflatdan, bu mastlikdan qachon uygʻonasan, qachon oʻzingga kelasan? — demoqchilar hazrat Navoiy. Boshqa bir hikmatlarida bu kabi mastlik, gʻofillik, loqaydlik xastaliklariga maʼnaviy shifo boʻlgulik quyidagi oʻgitlarni taqdim etadilar:

Uyqu necha ishratu sururing birla,

Koʻzung qaro aylamak gʻururing birla,

Tiyra kecha toat et huzuring birla,

Qabring uyini yorut bu nurung birla.

Yaʼni, qachongacha kayfu safo va uyqu bilan umringni behuda oʻtkazasan, axir? Gʻururga mast boʻlib koʻzingni zulmat pardasiga oʻraysan? Undan koʻra, qorongʻu kechalarda ixlos bilan ibodat qilib, toat nuri bilan qabringni munavvar et, deydi ulugʻ mutafakkir.

Abdumurod TILAVOV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?