Tadqiqotchilar: Koronavirus dunyo boʻyicha 68 million nafar insonni hayotdan olib ketishi mumkin

20:20 06 Mart 2020 Dunyo
3669 0

Foto: Getty Images

Avstraliya milliy universiteti olimlari koronavirus tarqalishining eng yomon holatlarini eʼlon qilishdi va epidemiya keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan oqibatlarni taqdim etishdi.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, COVID-19 pnevmoniyasi natijasida vafot etganlar, kasallik tarqalgandan keyingi bir yil ichida 68 million kishini tashkil etadi. Shu bilan birga, Xitoyda 12 milliondan ortiq odam koronavirus tufayli hayotdan koʻz yumishi mumkin. AQSH va Rossiyada bu raqamlar bir million nafarni, Yevropa mamlakatlarida esa qurbonlar soni bir necha yuz mingni tashkil etadi. Pandemiya natijasida dunyo iqtisodiyoti 9,2 trillion dollarga qisqaradi. Ayrim mamlakatlarda oʻta jiddiy inqiroz kuzatilishi mumkin.

Olimlarning “yengilroq” hisob-kitoblariga koʻra esa koronavirusdan oʻlim darajasi 2 foizni tashkil etganda ham dunyoda 15 million odam halok boʻladi. Eng katta qurbonlarga Hindiston va Xitoy duch keladi — har biri million kishi. Yevropaning yirik davlatlarida 60-70 ming inson halok boʻladi. Bu holda global yalpi ichki mahsulot 2,3 trillion dollarga kamayadi.

Oʻlimning oʻrtacha ssenariy boʻyicha baholash shuni koʻrsatadiki, 38 million kishi koronavirusdan nobud boʻladi va buning natijasida dunyo iqtisodiyotiga 5,3 trillion dollar zarar yetadi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, koronavirus tufayli hayotdan koʻz yumganlar soni 3401 kishini tashkil etmoqda.

Virusni dunyo boʻyicha 99 805 kishi yuqtirib olgan. Xitoyda virus bilan 80 552 kishi zararlangan.

Ayni paytga kelib, dunyoning 85 mamlakatida virus bilan bogʻliq holatlar rasman qayd etilgan.

Kasallikni yuqtirib olib, tuzalganlar soni 55 ming nafarni tashkil etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?