Tadbirkorlikka oʻqitishning yagona tizimi ishga tushiriladi

11:01 15 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
237 0

Keyingi yillar mamlakatimiz hayotida tadbirkorlik sohasida tub burilishlar davri boʻldi. Xususan, aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” va boshqa ijtimoiy dasturlar doirasida jami 13 trillion soʻmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilib, 600 mingdan ziyod oilalarni qamrab olishga erishildi. Yoʻnalishdagi ishlarning qonuniy asoslari yaratilayotgani esa taraqqiyotga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 14-oktyabr kuni qabul qilingan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishni oʻzida ifoda etdi.

Faoliyatimiz doirasidagi uchrashuvlarda ham ayni yoʻnalishdagi masalalarga eʼtibor qaratyapmiz. Chunki saylovoldi dasturlarimizda ham partiyamiz maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda saylovchilarimizning tadbirkorlik yoʻnalishida muayyan natijalarga erishishlari, qoʻshimcha daromad topishlari, mamlakat iqtisodiyotiga munosib hissa qoʻshishlari uchun koʻmaklashishni belgilagan edik. Shuning uchun ham hududlarda aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi, uning turmush tarzini yaxshilash va ish bilan bandligini oshirishga imkon qadar harakat qilyapmiz. Albatta, bu borada orttirilgan tajriba hamda xalqaro amaliyot kompleks va oʻzaro bir-birini toʻldiruvchi kredit olish imkoniyatidan iborat boʻlgan yaxlit tizimni shakllantirish lozimligini vaqtning oʻzi taqozo etmoqda. Buning uchun birinchi galda biz aholining tadbirkorlik bilan shugʻullanishga qiziqishi va manfaatdorligini oshirish, bu sohada zaruriy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan oʻqitish tizimini joriy etish, mazkur jarayonga xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va nodavlat taʼlim tashkilotlarini keng jalb qilish xususida izchil reja ishlab chiqishimiz zarurligini koʻryapmiz.

Demak, endilikda oldimizda turgan dolzarb vazifalardan yana biri yoshlar va ayollarning tadbirkorlik yoʻnalishidagi qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiluvchi nodavlat tashkilotlar, nodavlat taʼlim muassasalari safini kengaytirishga koʻmaklashishdan iboratdir. Ularda aholiga oʻzining turmushini yaxshilash, kasb-hunar va biznes bilan shugʻullanish orqali daromad topish hamda ularga bunday faoliyatni yoʻlga qoʻyishning amaliy jihatlarini oʻrgatishga qaratilgan motivatsion trening mashgʻulotlari oʻtkazish yoʻlga qoʻyilishi maqsadga muvofiqdir.

Qarorda belgilanganidek, 2022-yil 1-yanvardan xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xalqaro standartlar, shu jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning tadbirkorlikka oʻqitish dasturlari va tizimi asosida Tadbirkorlikka oʻqitishning yagona tizimi ishga tushiriladi.

Mavluda IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?