Tadbirkorlarning manfaati doimo ustuvor boʻlmogʻi kerak

14:24 18 Avgust 2020 Siyosat
269 0

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omildir. Shu bois, soʻnggi yillarda ushbu soha vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan koʻplab farmon va qarorlari qabul qilindi.

Negaki, tadbirkor deganda, biz raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, yangi ish oʻrinlari yaratib, nafaqat oʻzini va oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan ishbilarmon insonlarni tushunamiz. Shu jihatdan, bugun mamlakatimizda tadbirkorlik sohasining huquqiy poydevori mustahkamlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 17-avgustdagi “Xorazm viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham viloyatning mavjud sanoat va ishlab chiqarish salohiyatidan yana-da samarali foydalanish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish choralari belgilab berilgan.

Qarorning ahamiyatli tomoni shundaki, unga binoan “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJning “NBU Invest Group” MCHJ, «Oʻzsanoatqurilishbank» ATBning “PSB Capital” MCHJ hamda “Asaka” ATBning “Asaka Capital Invest” MCHJ investitsiya kompaniyalari taʼsischiligida “Khorezm Invest Project” MCHJ investitsiya kompaniyasi(keyingi oʻrinlarda – investitsiya kompaniyasi) tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, Xorazm viloyatida 2020-2022-yillarda amalga oshiriladigan umumiy qiymati 2,2 trillion soʻmlik 84 ta investitsiya loyihasining manzilli hamda viloyatda amalga oshiriladigan umumiy qiymati 516,8 million dollarlik 26 ta istiqbolli investitsiya loyihasining roʻyxati tasdiqlandi.

Xorazm viloyati hokimligi huzurida esa yuridik shaxs tashkil etmasdan Infratuzilma jamgʻarmasi tashkil etildi. Davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratiladigan grant va kredit mablagʻlari Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilandi.

Endilikda jamgʻarma mablagʻlari “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida infratuzilma qurilishini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Mazkur qaror bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab eksport qatnovlarda Xorazm viloyati va Toshkent shahri oʻrtasida eksport qiluvchilarga temir yoʻl yuk qatnovi tariflariga 50 foiz chegirma joriy etiladi.

Yana bir muhim yangilik – Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun investitsiya kompaniyasiga 10 yil muddatga 2,5 foiz stavkasida 13 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻlar ajratiladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlarni soʻndirishda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini qurish xarajatlari tegishli ravishda investitsiya loyihalari tashabbuskorlari tomonidan mutanosib ravishda ajratilgan yer maydoni koʻlamidan kelib chiqib bosqichma-bosqich qoplanadi. Soʻndirish uchun mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda esa investitsiya kompaniyasi tomonidan qaytariladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorning qabul qilinishi tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Zero, odamlarning tadbirkor boʻlishga intilishiga amaliy yordam berilsa, bunyodkorlik yana-da keng quloch yozadi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?