Tadbirkorlarga litsenziyalar va ruxsatnomalar berish sohasi butkul yangilanyapti. Tadbirkorlarni nimalar kutyapti?

18:21 15 Iyul 2020 Hujjatlar
474 0

Oʻzbekistonda barcha litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsatnomalar tegishli vakolatli organlar bilan birma-bir tahlil qilindi. Bunda 266 ta litsenziyalanadigan faoliyat yoʻnalishlari va tadbirkorlik sohasidagi 137 ta ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar qamrab olindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi axborot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillar maʼmuriy tartib-taomillardan oʻtishda hanuzgacha byurokratik rasmiyatchilikka yoʻl qoʻyilayotganligi, litsenziya va ruxsatnomalar bir-birini takrorlashi, sohada axborot texnologiyalarini joriy etish talab darajasida emasligini koʻrsatdi.

Bu borada tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda axborot texnologiyalarni joriy etish orqali uni institutsional isloh qilish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan birga “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaga asosan 1 000 ga yaqin belgilangan byurokratik jarayonlar qisqartirilmoqda. Xususan:

Birinchidan, sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etilmoqda.

Xabarnoma yuborishda jismoniy hamda yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi va ularning faoliyati belgilangan talablarga muvofiq kelishini oʻzlari tasdiqlaydi. Bunda faoliyatni boshlash yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ hujjatlarni koʻrib chiqib, qaror qabul qilinmaydi.

Farmon loyihasi bilan 44 ta litsenziyalanadigan faoliyat yoʻnalishlari va 13 turdagi ruxsatnomalar xabardor qilish mexanizmiga oʻtkazilmoqda.

Xususan, maktabgacha taʼlim, lombard, konsert-tomosha, veterinariya davolash, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish kabi faoliyatlarini vakolatli organlarni xabardor qilish orqali boshlash mumkin boʻladi. Ommaviy axborot vositasini roʻyxatga olish ham endi xabardor qilish tizimiga oʻtadi.

Ikkinchidan, litsenziyalanadigan va ruxsatnoma olish talab etiladigan faoliyat yoʻnalishlari soni sezilarli ravishda qisqartirilmoqda.

Inson sogʻligʻiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlarini litsenziyalashdan chiqarib tashlash hamda xavflilik darajasi past boʻlgan faoliyatlarni tartibga solishning muqobil usullariga oʻtkazish taklif qilinmoqda. Bunda “tartibga solish gilyotinasi” usulini qoʻllash orqali ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinmoqda.

Farmon loyihasiga koʻra qariyb 100 ta litsenziyalanadigan faoliyat yoʻnalishlari va 35 ta ruxsatnomalarni bekor qilish orqali (31 ta) yoki muqobil shakllarga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

Litsenziya va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik subyektlarining yiliga qariyb 125 mlrd. soʻm mablagʻlari iqtisod qilinib, oʻz ixtiyorida qoldiriladi.

Mazkur yoʻnalishda auditorlik, baholash, rieltorlik, fonogrammalarni tayyorlash, yuklarni avtomobil transportida shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyatiga litsenziyalar bekor qilinmoqda. Shuningdek, xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilishga ruxsatnoma va sport inshooti obyekti pasportini olish, trenerlik faoliyatiga olinadigan ruxsatnomalarni ham bekor qilish taklif etilmoqda.

Uchinchidan, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari toʻliq elektronlashtiriladi.

Buning uchun “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilib barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, koʻrib chiqish va uni berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Vakolatli organlarga murojaat qilish, hujjatlarni topshirish faqat elektron amalga oshirilishi begilanyapti.

Tadbirkordan ortiqcha hujjatlarni taqdim etishga chek qoʻyiladi. Litsenziya berish uchun boshqa organning maʼlumotnomasi yoki boshqa hujjati kerak boʻlsa tadbirkor ishtirokisiz vakolatli organning oʻzi yagona tizim orqali oladi.

Loyiha boʻyicha litsenziya va ruxsatnomalarni maxsus qogʻoz blankalarda rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechib, QR-kod qoʻyilgan elektron hujjatlar taqdim etishga toʻliq oʻtiladi.

Mazkur ishlar natijasida, maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishdagi korrupsion holatlarning yuzaga kelishi cheklanadi, tadbirkorlarning Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bogʻliq vaqt va moliyaviy xarajatlari iqtisod qilinadi, davlat organlarining maxsus blankalarni ishlab chiqarishga bir yilda yoʻnaltiradigan 13 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlari tejaladi va qariyb 3,5 mln. dona qogʻoz sarflanishi oldi olinadi.

Ushbu informatsion tizimni va dasturni ishlab chiqishda Adliya vazirligi grant mablagʻlarni jalb qilgan.

Toʻrtinchidan, loyiha bilan biznes jarayonlar va maʼmuriy tartiblarning keng koʻlamli yengillashtirilishi koʻzda tutilgan.

Litsenziya talab va shartlari raqobatni cheklovchi qoidalarni, yaʼni tovar va xizmatlar bozoriga kirib kelishga toʻsiq boʻluvchi omillarni qisqartirish nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqildi.

Jumladan, 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yana-da qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilanmoqda hamda 14 turdagi faoliyatlar boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilmoqda.

Masalan, Kredit byurosini ochish uchun litsenziya olishda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talabini bekor qilish, ayrim faoliyat turlari uchun ustav fondi miqdoriga qoʻyiladigan minimal talablarni olib tashlash hamda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlashtirishni ixtiyoriy etib belgilash taklif etilmoqda.

Beshinchidan, vakolatli organlar tashabbusi bilan litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshirish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizalar oʻz vaqtida koʻrib chiqilmasa, tadbirkorlik subyektining roziligi bilan unga avtomatik ravishda litsenziya yoki ruxsatnoma rasmiylashtirib beriladi. Bunday imkoniyat “Litsenziya” axborot tizimida nazarda tutiladi.

Oltinchidan, davlat unitar korxonalari va muassasalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirish huquqi bekor boʻlmoqda.

Mazkur qoida davlat korxonalarini xususiy tadbirkorlardan ustun qoʻyishga, bozorda teng boʻlmagan sharoitlarning yaratilishiga, davlat korxonalarining monopol mavqega ega boʻlib qolishiga olib keldi. Shu bilan birga, ushbu tashkilotlarda litsenzion talab va shartlarga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshirilmay qolishi kabi salbiy oqibatlar yuzaga keldi. Loyihaga koʻra, qayd etilgan tashkilotlar joriy yil oxiriga qadar tegishli litsenziyani rasmiylashtirish choralarini koʻrishlari lozim.

Yettinchidan, ruxsat berish tartib-taomillariga doir munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni tizimlashtirish, kodifikatsiyalash va normativ yukini qisqartirish choralari koʻriladi.

Bunda 20 yil avval qabul qilingan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi, shuningdek “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarni birlashtirish orqali yagona qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, litsenziya va ruxsatnomalarning pasportlari joriy qilinadi. Pasportlarni ishlab chiqish natijasida tadbirkor katta hajmli nizomlar bilan tanishib oʻtirishga zarurati qolmaydi. Faoliyatni amalga oshirish uchun asosiy maʼlumot va talablar bitta hujjat – pasportlarda aks ettiriladi.

Shu bilan birga, loyiha bilan litsenziyalash va ruxsat berish tizimi islohotini bir martalik emas, balki davomli va natijali qilish uchun zamin yaratilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi mamlakatimizda ushbu sohani keskin yengillashtirishga qaratilgan va barcha masalalarni kompleks qamrab olgan juda muhim, yangi va zamonaviy yechimlarga ega hujjatdir.

Farmon loyihasini hayotga tatbiq etish orqali litsenziyalash va ruxsat berish tizimi shaffofligi taʼminlanadi, maʼmuriy tartib-taomillar birxillashtiriladi (unifikatsiyalanadi) biznes va davlat organlarining masʼuliyati oshirilishiga olib keladi, ushbu munosabatlarda korrupsion imkoniyatlarga qarshi kuchli zarba boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?