Tadbirkorlar savollariga Davlat soliq qoʻmitasi raisi javob qaytardi

17:14 15 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
419 0

Ayni paytda “Oʻzekspomarkaz” majmuasida Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.

Unda yurtimiz aholi va tadbirkorlarga Oʻzbekiston Respublikasi soliq va byudjet siyosatining 2019 yilgi asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib, soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushuntirish berildi.

Toʻrt kun davom etadigan ushbu tadbir Toshkent shahri va poytaxt viloyatilik tadbirkorlar uchun oʻzlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutasaddilardan javob olish, bahsli masalalarga oydinlik kiritish uchun qulay fursatdir.

Yuzma-yuz muloqot formatidagi uchrashuvda tushayotgan savollarga Davlat soliq qoʻmitasi raisi Behzod Musayev javob qaytardi.

Tadbirkorlar faoliyatida duch kelinayotgan boshqa masalalarga esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolari, Moliya vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat bojxona qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank masʼullari ham oʻz yoʻnalishlaridan kelib chiqib, ularning yechimi yuzasidan tushuntirish berishmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Xoʻsh, soliq solishning yangi tartiblarining afzalliklari nimalar namoyon boʻlmoqda? Joriy qilinayotgan yangiliklarning qanday farqli jihatlari bor?

Bu kabi oʻzgarishlar natijasini soliq yuki kamaygani misolida yaqqol koʻrish mumkin. Masalan, jismoniy shaxslar daromadini soliqqa tortishni takomillashtirish maqsadida amaldagi koʻp shkalali tartib bekor qilinib, uning oʻrniga daromad soligʻining yagona stavkasi 12 foiz etib belgilandi. Yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizdan 12 foizga kamaytirilgan boʻlsa, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga toʻlab kelingan 8 foizlik sugʻurta badallari bekor qilindi.

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Shuningdek, tijorat banklari uchun foyda soligʻi stavkasi 22 foizdan 20 foizgacha, korxona va tashkilotlar uchun 14 foizdan 12 foizgacha, divident va foiz koʻrinishidagi daromadlar uchun 10 foizdan 5 foizgacha kamaytirilgani investitsiyalar miqdori oshirilishiga qulay shart-sharoitlarni yuzaga keltirmoqda.

Said RAHMONOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?