Tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlashning yangi tizimi ishga tushdi

11:54 11 Iyun 2019 Jamiyat
170 0

Davlatimiz rahbarining joriy yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni tadbirkorlar, jumladan, xorijiy investorlar murojaatlari bilan ishlashning alohida tartibini belgilab, murojaatlar tarixini koʻrish, tahlil qilish imkonini beruvchi yagona elektron tizim joriy qilishga imkoniyat yaratdi. 1-iyundan esa murojaatlarni qayd etishning yagona platformasi ishga tushirildi. Shuningdek, joylarda Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari ham faoliyat koʻrsata boshladi. Ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini targʻib qilish hamda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish boʻyicha respublika ishchi guruhi belgilangan jadval asosida viloyatlarga tashrif buyurmoqda.

Ishchi guruhining Namangan viloyatidagi dastlabki tadbiri Chust tumanida - Chust, Toʻraqoʻrgʻon va Pop tumani tadbirkorlari ishtirokida tashkil etildi. Bosh vazir qabulxonasining viloyat boʻlimi boshligʻi Farhod Madrahimov bu yerga toʻplangan uch yuz nafardan ziyod tadbirkorlik subyekti rahbarlari va ishbilarmonlarni Farmon mazmun-mohiyati bilan tanishtirib,murojaatlarni yoʻllash, ularning koʻrib chiqilish tartibi va muddatlari toʻgʻrisida atroflicha tushuncha berdi. Bunda, xususan, tadbirkorlar Bosh vazirga murojaatlarini internet sahifasi yordamida onlayn tarzda, bevosita joylardagi qabulxonalarga tashrif buyurish, shuningdek, savdo-sanoat palatasi Call Center xizmatining qisqa raqamlariga qoʻngʻiroq orqali yoʻllashlari mumkinligi alohida taʼkidlandi. Kelib tushgan murojaatlar yagona portal bazasida jamlanadi va ularni koʻrib chiqish, tahlil qilish va hal etish tegishli vakolatli xodimlar, tashkilot va davlat organlariga yoʻnaltiriladi. Masʼul idoralar tomonidan murojaatlar ikki kunlik qisqa va 7 kunlik oʻrta muddatlarda koʻrib chiqilishi belgilab qoʻyilgan.

Uchrashuv davomida tadbirkorlarning oʻz biznesini yuritish, rivojlantirish va kengaytirish yoʻlida yuzaga kelayotgan muammolari tinglandi. Oʻrtaga qoʻyilgan masalalarning asosiy qismi ishlab chiqarish, xizmat sohasini yoʻlga qoʻyish uchun yer maydoni ajratish, moliyaviy muassasalar bilan ishlashga taalluqli ekanligi inobatga olinsa, joylarda hali-hamon murojaatlarni koʻrib chiqishda rasmiyatchilik holatlari mavjud ekanligi, ayrim rahbarlar masʼuliyatni oʻzidan soqit qilish orqali sansalorlikkayoʻl qoʻyishda davom etayotganliklari koʻzga tashlanadi.

-Yaqin vaqtga qadar tadbirkorlarning davlat idoralari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash imkoniyatlari cheklangan edi, -deydi “Namangansement”masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Asadulla Gʻaybullayev. – Boʻlmasa, bir kecha kunduzda 700 tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonamiz bitkazilayotganiga qaramay “Uztransgaz”dan yoqilgʻi uchun kerakli limitni ololmay yurmasdik. Gap shundaki, ayni masalada bu tashkilotga murojaat qilganimizga uch oydan oshganiga qaramay,amaliy javob yoʻq. Vaholanki, biznes rejaga muvofiq 20-iyundan texnologik liniyani sinovdan oʻtkazishimiz, buning uchun tabiiy gaz kerak.

Dorixona yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan chustlik tadbirkor Alijon Hasanov bank muassasasi bilan munosabatda duch kelayotgan muammosi xususida gapirdi. 

- “Hamkorbank”ning Namangan filiali mijoziman,-deydi u. – Ilgari savdodan tushgan naqd pulni shu bankka topshirib kelganman. Yoʻl olis boʻlgani uchun bu masalada “Agrobank”ning Chust tuman boʻlimi bilan ishlamoqchi boʻldim. Biroq, bu yerda topshirilgan summani kerakli joyga oʻtkazish uchun bir foizlik toʻlovni amalga oshirishni talab qilishyapti. Qiziq, bankka naqd pul topshirib, ustiga ustak yana toʻlov qilsam.

Poplik Saodat Mirzayeva bitkazayotgan xususiy shifoxonasiga jihoz sotib olishda imtiyozli kredit olishda yordam soʻradi. Uning masalasiga shu joyning oʻzida oydinlik kiritildi.Agar uning biznes loyihasi “Har bir oila tadbirkor” dasturiga muvofiq kelsa, 200 million soʻmgacha boʻlgan kreditni yillik 8 foiz ustama bilan olishi mumkin. Opaning shifoxonasi uchun kanalizatsiya tarmogʻiga yer ajratish esa Pop tuman hokimligiga topshirildi.Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Saroy sadaf” xususiy firmasi rahbari Nuriddin Ismoilovning savoliga javoban qurib bitkazgan binosida maktabgacha tarbiya muassasasi tashkil etish uchun moliyaviy koʻmak masalasida qayerga murojaat qilishi zarurligi tushuntirildi. Yana bir toʻraqoʻrgʻonlik tadbirkor- “Goldmiksindust” MCHJ rahbari Shoir Xudoyberdiyev ishlab chiqarishni kengaytirish uchun zarur boʻlgan yer maydonini tanlov orqali oladigan boʻldi.

Xullas, tadbirkorlarning ancha-muncha muammolari yigʻilib qolgan ekan. Uchrashuv davomida ularning 46 nafari oʻz dardini oʻrtaga tashladi. Uch kishining muammosi tadbir chogʻidayoq yechimini topdi. Qolgan masalalar esa ijro muddatlarini belgilagan holda tegishliligicha tuman, viloyat, respublika idoralariga biriktirildi.

Xuddi shunday uchrashuv – muloqot viloyat markazida ham tashkil etildi. Namangan shahri, Namangan va Mingbuloq tumani tadbirkorlari jamlangan tadbir ishtirokchilari Prezident Farmonida koʻzda tutilgan vazifalar mohiyatidan toʻla xabardor qilindi. Shuningdek, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish, kredit, yer maydoni olish va boshqa masalalarda murojaat qilgan bir qator ishtirokchilar muammolarining asosiy qismi joyida hal qilindi. Endilikda ularning barchasi Bosh vazir Qabulxonasi yagona elektron tizimiga kiritilib, nazorati olib boriladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. ”Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?