Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish elektron tarzda yuritiladi

15:36 03 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
204 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi haqidagi buyrugʻi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ kanali xabar berdi.

Nizomga koʻra nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatini tekshirish tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida majburiy roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Masʼul xodim Yagona tizimda prokuratura.uz sayti orqali roʻyxatdan oʻtadi hamda unga login va parol beriladi.

Tekshiruv oʻtkazishni kelishish uchun nazorat qiluvchi organ tomonidan Yagona tizimga maʼlumotlar kiritiladi. Kelishish uchun buyurtma uch ish kuni ichida, favqulodda holatlar boʻyicha bir ish kunida koʻrib chiqiladi.

Tekshiruv oʻtkazishni kelishish haqida qaror qabul qilinganda “Ruxsat berilsin”maqomi, rad etilganda uning aniq sababi koʻrsatilgan holda “Rad etilsin”maqomi tanlanadi.

Qonun buzilishi holatlari toʻgʻrisidagi hamda tadbirkorga qoʻllanilgan taʼsir choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tekshiruv yakunlangandan soʻng uch ish kuni ichida Yagona tizimga kiritilishi shart, bank siriga oid maʼlumotlar tizimga kiritilmaydi.

Xabardor etish tartibida tekshiruv oʻtkazilganda uning toʻgʻriligi tekshirilmasdan, avtomatik ravishda maxsus raqam (kod) generatsiya qilinadi.

Nazorat qiluvchi organning tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi Yagona tizimga kiritilgandan soʻng tekshiruv oʻtkaziladi.

Tadbirkor oʻz soʻroviga koʻra oʻtkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Yagona tizimdan qisqa xabar (SMS) koʻrinishida va Internet tarmogʻi orqali olishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?