Tadbirkorga madadkor bormi?

18:06 22 May 2019 Jamiyat
576 0

Tadbirkorlik koʻp holda tavakkalchilikni talab etadi. Axir, chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmaydi, degan gap bejizga aytilmagan-da. Baʼzan aniq biznes loyiha ishlab chiqilib, obdon hisob-kitob asosida boshlangan harakat chippakka chiqishi ham ehtimoldan holi emas. Boysunlik Chori Rahimov katta orzu-umid bilan tadbirkorlikka qoʻl urdi. Ammo, bu boradagi intilishlari omadsizlikka yuz burdi. U bunyod etgan intensiv usuldagi issiqxona togʻ sharoitida tez-tez sodir boʻladigan kuchli dovul tufayli yaroqsiz holga kelib qoldi. Shu tufayli tadbirkor ekkan koʻchatlar nobud boʻldi. Natijada, taʼbir joiz boʻlsa, “tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi”. Bir yildirki, kimlardandir madad kutib yashamoqda. Xoʻsh, madadkor bormi?!

Fuqaroning tahririyatimizga yoʻllangan xatida quyidagilar bayon etilgan: “Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “tadbirkor ish oʻrni yaratsa uni boshimga koʻtaraman”, degan soʻzlaridan ruhlanib, qolaversa farzandlarim kelajagini oʻylab 2017 yilda Boysun tumani “Toʻda” mahallasi hududidagi “ Qoʻshatut” massivida intensiv usulda issiqxona tashkil etishga kirishdim. Dastlab, oʻz sarmoyamni sarflab 1500 m. kv boʻlgan yer maydonida issiqxona qurish harakatiga kirishdim. 2018 yil mart oyida ushbu loyihani toʻla amalga oshirish uchun OʻzTIF Milliy bank Termiz boʻlimi Sherobod filialidan hech qanday imtiyozsiz 20 foizli 70 million soʻm kredit olib, issiqxona sharoitida dehqonchilik ishlariga kirishdim. Kuz fasli boshida pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri koʻchatlarini ekib, ishlarimiz samarasi koʻrinayotgan bir paytda, 2018 yil 15 oktyabr kuni sodir boʻlgan kuchli dovul issiqxona ustidagi plyonkalarni uchirib, koʻchatlarni yaroqsiz holga keltirdi. Shu kuni tabiiy ofat keltirgan zararni qoʻl telefonim yordamida tasvirga olganman. Ushbu video tasvir hali ham bor. Shundan keyin tabiiy ofat tufayli butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan issiqxonada dehqonchilik ishlarini amalga oshira olmadik. Ishlarni qayta yoʻlga qoʻyish uchun sarmoyam yoʻqligi tufayli hozirga qadar issiqxona faoliyatini tiklay olmayapman. Eng muhimi, loyiham barbod boʻlgani tufayli bankdan olingan 70 million soʻm kredit foizi va asosiy qarzni soʻndirish borasida muammo vujudga kelgan, bu esa mening tashvishimni yanada koʻpaytirmoqda”.

Gap shundaki, mazkur issiqxonani sugʻurtalash boʻyicha Ch. Rahimov hamda “GROSS INSURANCE” MCHJ oʻrtasida 43/22/ 0023-sonli “Garovga qoʻyilgan mulkni sugʻurtalash” shartnomasi tuzilgan. Mazkur shartnomaning 4.1 bandida sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda tovon toʻlanishi aniq-tiniq yozib qoʻyilgan. Biroq, sugʻurta kompaniyasi turli vajlar asosida oʻz majburiyatini bajarmasdan kelmoqda.

“Qisman oʻz mablagʻim va bank kreditini yoʻnaltirib, bor kuch-quvvatimni sarflab issiqxona tashkil etgan boʻlsamda, tabiiy ofat keltirgan zarar tufayli katta moddiy va maʼnaviy zararga uchradim. Sugʻurta hodisa inobatga olinib, 50-60 million mablagʻ toʻlab berilganida issiqxonada dehqonchilik ishlarini bajarib, bir mavsumning oʻzida 200 million soʻm daromad olishim, bank kreditini toʻlashimga imkoniyat paydo boʻlardi”, deb murojaat qiluvchi fuqaro.

Tadbirkorlik faoliyatini boshlovchilar odatda katta daromadni koʻzlaydilar. Birim ikki boʻladi, deb umid qilishadi. Ammo, baʼzan buning tamomila aksi ham boʻlishi mumkinmi? Ha! Buni fuqaro Chori Rahimov duch kelgan vaziyat ana shuni ifoda etmoqda. Tadbirkor haqmi, yoki “GROSS INSURANCE” MCHJ biz bu borada hakamlik qilish fikridan yiriqmiz. Umidimiz, adolat qaror topsin. Arzgoʻyning murojaati oʻzining qonuniy yechimini topsin...

Ilhom Rahmatov “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?