Tadbirkor va Milliy gvardiya xodimlari oʻrtasida sodir bo'lgan hodisaga izoh berildi

22:09 17 Iyun 2020 Jamiyat
411 0

Surxondaryolik tadbirkor Dovar Joʻraqulovning murojaati yuzasidan Facebook ijtimoiy tarmogʻida tarqalgan “Niqobing yoʻq deb Milliy gvardiya harbiylari meni boʻgʻdi, xushimdan ketdim” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolaga izoh berildi.

Mazkur maqolada iddao qilinishicha, “harbiylar uni niqobsiz yuribdi deb, uyi oldida toʻxtatgan va eʼtiroz qilmoqchi boʻlganida, ulardan biri unga nisbatan kuch qoʻllagan. Dovarning otasi aytishicha, atrofdagilar vaqtida aralashmaganda, Dovar oʻlib qolishi mumkin edi”.

Ushbu holat yuzasidan Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xabar berishicha, joriy yilning 13-iyun kuni soat taxminan 15:00 larda Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari M.Niyozov va A.Fayzullayevlar va viloyat IIB xodimlari hamkorlikda Sariosiyo tumanida karantin qoidalariga rioya qilinishi boʻyicha reyd tadbiri oʻtkazayotgan vaqtda, Sariosiyo tumani «Lutfkor» mahallasida yashovchi 1995-yilda tugʻilgan Dovar Joʻraqulov yuziga niqob taqmagan holda 2 nafar sheriklari bilan oʻzaro suhbatlashib turgan. Bu holatni koʻrib hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya va viloyat IIB xodimlari tomonidan ularga karantin qoidalariga rioya qilish lozimligi tushuntirilib, ogohlantirilganda, fuqaro D.Joʻraqulov xodimlarga oʻzini tanishtirishdan bosh tortgan, shu bilan birga qoidabuzarlik sodir etganligini tan olmagan. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nisbatan qoʻpol muomalasi uchun tuman IIBga borishi tushuntirilganda esa faol jismoniy qarshilik koʻrsatib, borishdan bosh tortgan.

Shundan soʻng, Milliy gvardiya va viloyat IIB xodimlari tomonidan D.Joʻraqulov avtobusga chiqarilmoqchi boʻlganda, u qarshilik koʻrsatishni davom ettirib, avtobus zinasiga yotib olgan. Shu payt uning otasi Muxammadi Rajabov kelib avtobus zinasida qarshilik qilayotgan oʻgʻlining oyogʻidan tortib avtobusdan tushirib olishga harakat qilgan va xodimlar bilan baland ovozda janjallashib, oʻgʻlini oʻzi bilan uyiga olib kirib ketgan.

Mazkur holat boʻyicha Milliy gvardiya va IIB xodimlari Sariosiyo tumani ichki ishlar boʻlimiga borib, mutasaddi rahbarlarga maʼlumot berib, ushbu fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan qonuniy chora koʻrilishi soʻralib, yozma murojaat qoldirilgan.

Hozirda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining bildirgisiga asosan, Sariosiyo tumani IIB xodimlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, D.Joʻraqulovning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga portal orqali qilgan murojaati yuzasidan Sariosiyo tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari M.Niyozov va A.Fayzullayevlarning xatti-harakatlariga intizomiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?