Tadbirkor nafaqat oʻziga, balki oʻzgalarga ham foyda keltiradi

08:40 30 Iyul 2020 Siyosat
360 0

Har bir halol rizq bilan daromad topuvchi inson oʻzi, oilasi va mamlakat uchun naf keltiradi.

Pandemiya sharoitida davlatning qoʻllab-quvvatlovi bilan birga “Saxovat va koʻmak” harakatida oʻn minglab tadbirkorlar, fermerlar va ishbilarmonlar faol qatnashib, xalqimiz ogʻirini yengil qilishga baholi qudrat hissa qoʻshmoqda. Albatta, bunday bagʻrikeng va tanti yurtdoshlarimizning ishlari tahsinga loyiq. Ular bu bilan cheklanib qolmay, muqim ish joyiga ega boʻlmaganlarni ham band qilishda faollik koʻrsatishayotir. Buning natijasi oʻlaroq, hukumatning Parlamentga taqdim etgan olti oylik hisobotida joriy yilda 300 mingdan ziyod ishsiz fuqaro ish bilan taʼminlangani qayd etilgan.

Xususan, 1,3 mlrd AQSH dollariga teng 28 ta yirik loyiha ishga tushirilishi hisobiga 3,9 mingta, hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 9,5 trln soʻmlik 2 mingdan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilishi natijasida 27,9 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qaroriga muvofiq, joriy yilning oʻzida 67 ta faoliyat turi boʻyicha 200 mingdan ortiq fuqarolar oʻzini oʻzi band qilishiga imkoniyat yaratildi.

Davlat rahbarining 20-iyuldagi PF-6029-son Farmoni bilan esa 15 dan ortiq (8 tasi soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar, 7 tasi tadbirkorlar uchun yaratilgan yengilliklar) imtiyozlar taqdim etilgani, avvalgilarining muddati uzaytirilgani ham ayni vaqtida boʻldi.

Bunday keng koʻlamli chora-tadbirlar tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga, ish joylarini saqlab qolish bilan birga qoʻshimcha bandlik va byudjet tushumlarini taʼminlashga ham xizmat qiladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi deputatlari, faollari partiyaning asosiy elektorati boʻlgan tadbirkorlar, fermerlar, tomorqa yer egalari bilan doimiy muloqotda. Qabul qilingan farmon va qarorlar mazmunini tushuntirish bilan birgalikda, mavjud muammolarni tezkor tartibda hal etishda ham amaliy yordam koʻrsatib kelishmoqda.

Jumladan, ayni paytda tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq quyidagi masalalar oʻrganilyapti:

- eksport faoliyatidagi savdoni moliyalashtirishning tijorat banklari tomonidan sodda va tezkor tizimini yaratish, sugʻurtalash sohasida xalqaro tajribani hisobga olib takomillashtirilgan xizmat turlarini taklif etish, logistika masalasidagi qator masalalar;

- raqobat muhitini rivojlantirish, kichik tadbirkorlik subyektlarini erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish, monopoliyani qisqartirish, ustuvor imkoniyatlarga ega boʻlgan davlat idoralari tasarrufidagi va taʼsischiligidagi korxonalar faoliyatini tartibga solish;

- yangi tadbirkorlik va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tadbirkorlarga yer uchastkalarini ajratish tizimidagi muammolarni hal qilish, auksion tizimini takomillashtirish, qurilishga ruxsat olish jarayonlarini qisqartirish;

- yoshlarni tadbirkorlikka oʻrgatish, ularni bandligini oshirish, yuqori haq toʻlanadigan barqaror ish oʻrinlarini yaratish, kasbga tayyorlash sohasida davlat tomonidan ajratiladigan grant mablagʻlar miqdorini oshirish va boshqalar.

Ushbu masalalarda partiyamiz ijroiya apparati masʼul xodimlari tomonidan tadbirkorlar fikr va takliflarini umumlashtirib, zarur choralar ham belgilanadi.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri rinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?