Tadbirkor ayollarga imtiyozli kreditlar ajratiladi

18:38 15 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
182 0

Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Piskent tuman hokimligida “Ayol va raqamli iqtisodiyot” mavzusidagi videokonferensiya tarzida tashkil etilgan seminar boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamkorligida tadbirkor xotin-qizlar uchun moʻljallangan ushbu anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi vakillari hamda Olmaliq shahri va Piskent tumanida faoliyat yuritayotgan 80 nafar ishbilarmon xotin-qiz, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda bugungi kunda raqamli texnologiyalarning tez rivojlanayotgani, internet tarmoqlari jamiyatimizning barcha sohalariga faol kirib kelayotgani, bunday vaziyatda har bir kishidan mukammal bilim va uddaburonlik talab etilishi taʼkidlandi. Chunki, mehnat bozori va biznes yonma-yon shakllanmoqda. Ularning talabi darajasida ish yuritish uchun esa albatta raqamli iqtisodiyot koʻnikmalari, yangi texnologiyalardan samarali foydalanish tajribasi zarur. Chekka hududlarda yashovchi ayollarning bu boradagi faolligi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham bu masala bugungi kunda eng dolzarb jarayonga aylandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan Toshkent viloyatida tadbirkor ayollar uchun ekspertlar ishtirokidagi oʻquv tadbirlari, amalga oshirilayotgan barcha loyihalar aynan ana shu masalaning yechimini samarali hal etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Bunda, elektron tijoratni rivojlantirish, Oʻzbekiston qonunchiligini takomillashtirish va AKT sohasida xalqaro mintaqaviy hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari kabi eng muhim mavzular qamrab olingan.

Boʻlib oʻtgan seminar jarayonida Oʻzbekiston Respublikasida mavjud elektron savdo mexanizmlarining faoliyat tamoyillari, ulardan foydalanish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

Seminarda Toʻmaris loyihasi ham namoyish etildi. Unda, respublika miqyosida 16 yoshdan katta qizlar hamda nogironligi bor ayollar uchun kompyuterda ishlash asoslarini oʻrgatish koʻzda tutilgan. Shuningdek, ularniveb-dizayner, dasturlash, maʼmuriyat ish yurituvchisi va boshqa kasblarga bepul oʻqitish jarayonlari ham ushbu loyiha asosini tashkil etadi.

Har ikkala hududda bir oy davomida yetakchi ekspertlardan nazariy bilim oʻrgangan tadbirkor ayollarga loyiha yakuni boʻyicha tegishli sertifikatlar topshirildi. Bu bilan oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etgan barcha xotin-qizlar tegishli loyiha doirasida ishbilarmonlar uchun moʻljallangan mobil ilovaga ulanish imkoniga ega boʻldilar. Bu qulaylik tufayli ular oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olib, biznes sohasidagi hamkorlari bilan tezkor muloqotga kirishish imkoniga ega boʻldilar.

Ushbu tadbirning yana bir qulaylik tarafi shundaki, mavjud loyiha doirasida eng yaxshi biznes-rejalar taqdim etgan tadbirkor ayollarga imtiyozli kreditlar ajratish kuzda tutilgan.

Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?