Tadbirkor Abu Ali ibn Sino tavallud topgan goʻshada tibbiyot klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi

09:47 11 Noyabr 2020 Klaster
403 0

Buxorolik tadbirkor Mirjahon Rahmatov Afshona tibbiyot kolleji negizida tibbiyot klasteri ochish tashabbusi bilan chiqdi. Ishbilarmon hamda uning akasi, Peshku tumanidagi “TJS-MED” xususiy klinikasi faoliyatiga bosh-qosh boʻlib turgan Toʻraqul Saidov shu masalaga oid loyihalari bilan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripovning qabulida boʻldilar.

Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari O. Joʻrayevning maʼlum qilishicha, tadbirkor Afshona tibbiyot kolleji negizida tibbiyot instituti fakultetini ochish va yosh mutaxassislarni Janubiy Koreyada malaka oshirishlarini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirmoqda. Oʻz navbatida zarur amaliy koʻnikmaga ega boʻlgan yosh shifokorlar alohida tashkil etiladigan shifoxonada ishlay boshlaydilar. Shu yoʻl orqali aholiga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatilibgina qolmay, xalq tabobatining yillar sinovidan oʻtgan eng yaxshi anʼanalari ham qayta tiklanadi. Tadbirkor loyihaning dastlabki bosqichi uchun 3-4 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritmoqchi.

Tabiiyki, bunda xorijiy sheriklar bilan hamkorlik talab etiladi. Mirjahon Rahmatovda bu borada tajriba bor. U Peshkuda Janubiy Koreya Respublikasining “Samsung Green Haus” kompaniyasi investorlari tomonidan zamonaviy issiqxona faoliyatini yoʻlga qoʻyishda, ayni paytda esa meva-sabzavotni qayta ishlash korxonasini ishga tushirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?