Tadbir maʼnaviy barkamollik bayramiga bagʻishlandi

19:32 21 Oktyabr 2020 Jamiyat
134 0

Yuqori Chirchiq tumanida Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari, tashkilot va muassasalar vakillari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, ziyolilar, taniqli yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Bu yerga yigʻilganlar ona tilimizning beqiyos ahamiyati, xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzi xususida batafsil toʻxtaldilar.

—Bu moʻtabar bayram mamlakatimizda ilk bor keng nishonlanmoqda,-deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Sayfiddin Nizomov. — Milliy davlatchiligimiz tarixida ona tilimizning ahamiyati nihoyatda beqiyosdir. U xalqimizning bebaho boyligi, gʻurur va iftixoridir. Minglab yillar davomida bu tilda yaratilgan shoh asarlarning bugungi kundagi ahamiyatiga nazar tashlarkanmiz, Prezidentimizning joriy yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda kuni kecha — 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorining beqiyos ahamiyati, tarixiy qadr-qimmati koʻz oldimizda namoyon boʻladi.

— Dunyoda bayramlar koʻp. Lekin til bayrami bu butun bir millat, buyuk bir davlat bayramidir!-deydi tadbirda soʻzga chiqqan senator Mahmud Tohir. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bugungi saodatli kunlarga osonlik bilan erishganimiz yoʻq! Jafokash xalqimizning davlat mustaqilligi yoʻlidagi mardonavor kurashlari evaziga tilimiz ham turli cheklovlardan gʻolib boʻldi.

Prezidentimizning Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigida bunday jumlalarni oʻqiymiz: “Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy oʻquv yurtida oʻzbek tili va adabiyoti oʻrganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda”. Bu soʻzlar har birimizning qalbimizni faxr-iftixorga toʻldiradi. Bu soʻzlar qadim turkiy tilimizni dunyoda oʻz oʻrni borligini bildiradi.

Til bayramiga bagʻishlangan tadbirda viloyatda ijod qilayotgan olimlar, yozuvchi va shoirlarning soʻnggi yillardagi ijod namunalari sifatida chop etilgan kitoblari, shuningdek, lugʻatlar, ilmiy-ommabop nashrlar koʻrgazmasi ham oʻtkazildi.

Viloyatda yashab ijod etgan, bugungi kunda oʻz asarlari bilan mamlakatimiz jamoatchiligiga yaxshi tanish boʻlgan shoirlarning Vatan va til qadri madh etilgan asarlaridan namunalar oʻqilib, taniqli sanʼatkorlar ijrosida qoʻshiqlar kuylandi.

Shodiyor MUTAHAROV
(Xalq soʻzi)
Nozim Abdulloyev olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?