Tabiiy ofat zararlarini qoplash tartibi qanday?

17:36 24 Aprel 2019 Jamiyat
870 0

Shu kunlarda kuchli shamol va yomgʻir oqibatida daraxt shoxlarining avtomobil ustiga agʻnagani, sel yoki yer koʻchkisi oqibatida zarar koʻrgan avtomobillar haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda koʻp tarqatilmoqda.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurtasi ushbu zararlarni qoplaydimi?

2008 yilda joriy etilgan mazkur amaliyot “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori bilan tartibga solingan. Sugʻurtaning ushbu turi sugʻurta tashkilotlari tomonidan bir xil shartlar asosida amalga oshiriladi. Demak, majburiy avtosugʻurta barcha haydovchilar uchun majburiy. Qaysi sugʻurta kompaniyasida sugʻurta polisini xarid qilish esa ixtiyoriy.

Majburiy avtosugʻurtada haydovchining avtomobilni boshqarish vaqtida boshqa kishining sogʻligʻi yoki mol-mulkiga (oʻzi boshqaruvidagi avtomobilga emas) zarar yetkazishi oqibatida zarar oʻrnini toʻlab berishi majburiyati sugʻurtalanadi. Yaʼni ushbu zararning oʻrni yoki uning maʼlum qismi “aybdor” haydovchi tomonidan emas, balki sugʻurta kompaniyasi tomonidan toʻlab beriladi. Deylik, haydovchi oʻz boshqaruvidagi avtomobilida kutilmagan tasodif bilan yoʻlda sigirni urib yubordi. Natijada kimningdir mulki boʻlgan chorva moli nobud boʻldi. Bunda haydovchida mol egasiga uning qiymatini toʻlash majburiyati yuzaga keladi. Bunday holatda sugʻurta kompaniyasi haydovchining zararni qoplab berish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.

Yoki kuchli shamol tufayli koʻp qavatli uy atrofida turgan mashina ustiga daraxt quladi va transport vositasi pachoq boʻldi. Natijada mashina egasining oʻzi moddiy zarar koʻrdi. Bunday holatda avtomobil egasi kimgadir zarar yetkazmagan. Demak, sugʻurtaning majburiy avtosugʻurta turi boʻyicha hech qanday zarar qoplab berilmaydi.

Haydovchi avtomobilni boshqarish vaqtida kutilmaganda uchinchi shaxsning sogʻligʻi yoki mulkiga zarar yetkazib qoʻysa, sugʻurta kompaniyasi ushbu zarar uchun haydovchiga emas, jabrlanuvchiga zarar miqdoricha yoki koʻpi bilan 12 mln. soʻmgacha pul toʻlab berishi mumkin.

Sugʻurtalangan haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida kimningdir sogʻligʻi yoki hayotiga jiddiy zarar yetgan boʻlsa, 12 mln. soʻmning 65 foizi, yaʼni 7,8 mln. soʻmgacha, agar mulkiga yetgan zarar uchun 35 foizi, yaʼni 4,2 mln. soʻmgacha mablagʻ toʻlab beriladi.

Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16 martdagi qarori bilan 2019 yilning 16 iyunidan oʻzgaradi, yaʼni zararni qoplab berish summasi 12 mln. soʻmdan 40 mln. soʻmgacha oshiriladi.

Ortiqxoʻja NOROV,
“Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasi mutaxassisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?