Tabiiy ekotizim: Ekologik barqarorlik kafolati

09:39 22 May 2018 Jamiyat
425 0
Foto: nacoesunidas.org

Biologik turlarni saqlashning ahamiyatini chuqur anglash, xalqaro hamjamiyatning xabardorligini oshirish maqsadida BMT tashabbusi bilan 22 may “Xalqaro biologik xilmaxillik kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu ekologik sana butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham keng nishonlanadi.

“Biologik xilmaxillik” tushunchasi yerdagi hayotning turli-tumanligini, hayvonlar, o‘simliklar, mikroorganizmlar, ularning genlari va ekotizimlarini anglatadi. Unda ma’lum bir organizm to‘g‘risida statistik ma’lumot emas, balki biologik o‘zaro munosabat o‘z aksini topgan. Shu ma’noda, jamiyatning iqtisodiy, ekologik hamda madaniy-estetik ehtiyojlarini qondirishning ushbu salohiyatli resursi rang-barangligini ta’minlamasdan turib, barqaror rivojlanishga erishib bo‘lmaydi. Achinarlisi, dunyo bo‘ylab ishlab chiqarish, savdo, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarining rivojlanishi, uy-joy qurilishi, aholi o‘sishi zamonaviy modellarining tez yoyilishi bois biologik xilmaxillikka inson omilining ta’siri yuqoriligicha qolmoqda.

BMT tomonidan 1992 yilda Rio-de-Janeyroda imzolangan Biologik rang-baranglik to‘g‘risidagi Konvensiya ekologik muvozanatni saqlashda davlatlardan kuchli iroda hamda katta siyosiy kuchni ishga solishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston mazkur xalqaro hujjatga 1995 yilda qo‘shilgani, respublika hukumati tomonidan O‘zbekiston Respublikasida Biologik xilmaxillikni saqlab qolish bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasi tasdiqlangani diqqatga sazovor.

Bugungi kunda Konvensiya doirasidagi vazifalarni bajarish maqsadida mamlakatimiz umumiy yer maydonining 10 foizini muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toifasiga kiritish borasida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Zero, hayvonot hamda o‘simlik dunyosi genofondini, ekotizimlar barqarorligini saqlab qolishda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimiz bioxilmaxilligi, o‘simlik va hayvonot dunyosi ana shunday tabiiy hududlarda mujassam bo‘lib, ayni paytda o‘simlik dunyosining 4 ming 500 yuksak turi mavjud bo‘lsa, shundan 324 tasi, hayvonot olamining esa 715 yuksak turi uchrasa, shundan 184 tasi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan.

Shuni hisobga olgan holda, yurtimizda mavjud 8 ta davlat qo‘riqxonasi, bitta davlat biosfera rezervati, 2 ta tabiat milliy bog‘i, 10 ta davlat buyurtma qo‘riqxonasi, 6 ta tabiat yodgorligi, 3 ta yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish bo‘yicha pitomnik faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunda 30 ga yaqin qonunlar hamda yuzlab qonunosti me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish bo‘yicha munosabatlarni tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza yaratilgani qo‘l kelmoqda. O‘z navbatida, qonunchiligimiz yanada takomillashtirilib, yangi tushunchalar bilan boyitilmoqda. Xususan, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar tizimiga biosfera rezervati, suv muhofazasi zonalari tushunchasi kiritildi. Shuningdek, xususiy buyurtmaxonalar va parvarishxonalar yaratishga ruxsat berildi.

Aytish joizki, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik deklaratsiyasini tan olgan hamda imzolagan tomon sifatida, qolaversa, Milliy rivojlanish tamoyillaridan kelib chiqqan holda, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqib, hayotga jadal tatbiq qilib kelmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sohalarda barqaror rivojini ta’minlashga xizmat qiladi.

Islom XUSHVAQTOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Ekoharakat deputatlari guruhi a’zosi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?