Tabiatdan ehson kutib oʻtirishning vaqti oʻtdi

15:18 25 Yanvar 2019 Jamiyat
343 0

Foto: "Xalq so'zi"

Ob-havoning avzoyiga qarab, dehqonlarning yegani ichiga tushmayapti. Yogʻingarchilik kam. Yer aytarli qor koʻrmadi. Suv zaxirasi qanday boʻlarkan-a? Tirikchiligi ekin-tikin bilan bogʻliq odamlar shundan xavotirga tushib qolishgan.

Oʻzingiz oʻylang, qishning chillasida bodom gullasa... Bu yaxshilik alomati emas-da! Shu bois bugun qishloq xoʻjaligi xodimlarining koʻzi koʻkka tikilgan.

Xoʻsh, bu yilgi mavsumda obihayot miqdori qanday boʻladi?

“Oʻzgidromet” markazi maʼlumotlariga qaraganda, ayni paytda, aniqrogʻi, yanvarning birinchi oʻn kunligida asosiy maydonlarda yogʻingarchilik miqdori, qor zaxiralari koʻp yillik meʼyor darajasida. Ammo mavsumda suv zaxirasi qanday boʻlishi haqida fikr bildirishga hali erta. Odatda bu borada aprel oylarida tugal xulosa yasaladi. Shunday boʻlsa-da, soha mutaxassislari suv taʼminoti 2018 yildagiga nisbatan yaxshi boʻlishini aytishmoqda. Yanvar va fevral oylarida qor-yomgʻirli kunlar kutilayotgan ekan.

Yogʻsin, yomgʻir, qor yogʻsin, suv moʻl boʻlsin. Lekin haqiqat koʻziga tik boqadigan boʻlsak, qurgʻoqchilikka moyil mintaqamizda suv muammosi tez-tez takrorlanishi ehtimoli ancha yuqori. Agrar soha shunga moslashmasa, demakki, sugʻorishning tejamkor texnologiyalari qoʻllanilmasa, rivojlanishi dushvor.

Tejamkor texnologiya nega ommalashmadi?

Ekspertlarning suv neftdan ham qimmat boylikka aylanishi haqidagi bashoratlari kelajakda emas, bugungi hayotimizdayoq isbotini topayotgandek. Sababi iqlim oʻzgarishi oqibatida obihayot resurslari tobora kamayib, unga boʻlgan ehtiyoj esa kun sayin ortmoqda. Binobarin, ushbu neʼmatsiz nainki qishloq xoʻjaligi va sanoat istiqboli, balki kundalik turmushimizni ham tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu esa suv resurslaridan oqilona foydalanish, amaliyotga tejamkor texnologiyalarni keng qoʻllashni taqozo qilayotir.

Agrar soha rivojlangan davlatlarda allaqachon tejamkorlik eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Suv manbalarining 80 foizidan ortigʻi qoʻshni ­davlatlarda shakllanadigan Oʻzbekistonda-chi?

Afsuski, bu borada hali maqtana olmaymiz. Garchi oxirgi oʻn yillikda sugʻorishda tejamkor usullarni qoʻllash boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar boshlangan boʻlsa-da, aytarli ijobiy natijaga erishilmadi. Respublikamiz boʻyicha 328 ming gektar ekin maydonlarida ana shunday texnologiyalar joriy qilingan, xolos.

Dehqonchilik istiqboli sifatida ­qaralayotgan tomchilatib sugʻorish esa atigi 43 ming gektarda qoʻllanilyapti. Bu ­sugʻoriladigan ekin maydonlarining bor-yoʻgʻi 1 foizi, deganidir. Taqqoslash uchun aytadigan boʻlsak, mazkur raqam Isroilda 74 foiz (140,6 ming gektar), Turkiya (340 ming gektar) va Saudiya Arabistoni (731 ming gektar)da 17 foiz, Xitoyda 9,7 foiz (5 million 270 ming gektar), AQSHda 7,3 foiz (1 million 640 ming gektar), Hindistonda 6 foiz (2 million 180 ming gektar), Ispaniyada 5 foiz (1 million 897 ming gektar)ga yetkazilgan. Bizdagi muammo nimada?

— Mamlakatimizda bu usul tezda ­ommalashmaganini fermerlarning iqtisodiy imkoniyati cheklanganligi bilan izohlash mumkin, — deydi Oʻzbekiston ­Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari ­Ravshan Mamutov. — Yaʼni hozir bir gektar maydonni tomchilatib sugʻorishga oʻtkazish uchun 20 million soʻm sarf qilish kerak boʻladi. Shuning uchun aksariyat fermerlar, oz boʻlsayam, suv bor-ku, deya tomchilatib sugʻorishni qoʻllashga hafsala qilishmagan. Keyingi yillarda paxta xarid narxining keskin oshirilgani, moddiy-texnika bazasi ­mustahkamlanayotgani, eng asosiysi, ­tejamkor texnologiyalarni qoʻllayotgan fermerlar davlat tomonidan qoʻllab-­quvvatlanayotgani unga boʻlgan qiziqishni kuchaytirmoqda.

Masalalar yechimiga yoʻl ochildi

Chindan ham, tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Artezian quduq qazish, tindirish hovuzi qurish, suvni dalagacha yetkazib berish uchun uskunalar, quvurlar, taqsimlash shlanglari sotib olish... Tabiiyki, bular kattagina xarajat talab qiladi. Shu bois aksariyat fermerlar bu usuldan oʻzlarini uzoq ­tutib kelgan.

Prezidentimizning 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori yangi usulni joriy etishdagi ana shunday iqtisodiy masalalar yechimiga yoʻl ochib berdi.

Gap shundaki, bunday loyiha tashabbuskorlariga paxta yetishtiriladigan maydonning har bir gektari uchun Davlat ­byudjetidan 8 million soʻmdan subsidiya taqdim etiladi. Bundan tashqari, zarur ­uskuna va jihozlar uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining muayyan qismi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash ­davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bu hali hammasi emas. Tomchilatib sugʻorish texnologiyasini ­joriy qilish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xom ashyolar 2021 yilga qadar bojxona toʻlovidan ozod etildi.

Shu kabi imtiyozlar yerga, suvga ­beeʼtibor boʻlmaganlarni tashabbus koʻrsatishga undayotgani tabiiy.

— Ochigʻi, shu paytgacha suvni huda-­behuda oqizavergan ekanmiz, — deydi Yuqori Chirchiq tumanilik fermer Toʻlqin Toʻrayev. — Aslida, tomchilatib sugʻorish suvdan tashqari, boshqa xarajatlarni ham kamaytirar ekan. 158 gektar ekin maydonimiz bor. Berilayotgan imtiyozlardan foydalanib, sekin-asta toʻliq shu usulni qoʻllash niyatidamiz.

Kam suv sarflab, koʻp hosil olish imkoniyati

Suvdan tejab-tergab foydalanishning usullari koʻp. Egiluvchan quvurlar orqali, egatlarga plyonka toʻshab, yomgʻirlatib, tomchilatib sugʻorish shular sirasiga ­kiradi. Tomchilatib sugʻorish ular ­orasida eng samaralisi, deb topilmoqda. Sababi u qoʻllanilganda, suvning 90 foizi ekin ildiziga yetib boradi.

— Shu paytgacha gʻoʻza qator oralarida nam qochmasligi uchun sugʻorilardi, — deydi Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ­raisi Aktam Hayitov. — 8 — 10 martagacha kultivatsiya qilingan. Bu ham qoʻshimcha sarf-xarajat-ku? Endilikda tomchilatib sugʻorishni joriy etish orqali qator oralarida bu tadbirni 1-2 marta oʻtkazish mumkin. Eng muhimi, faqat ekinning oʻzini sugʻorish hisobiga suv keskin tejaladi. Shu kabi afzalliklari tufayli ikki yil ichida qariyb 24 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalari joriy qilinadi. Yaʼni 192 ta fermer xoʻjaligining salkam 10 ming gektar,48 ta paxtachilik klasterining 14 ming gektardan ziyod maydonlarida paxta tomchilatib sugʻorish usullari orqali yetishtiriladi.

Bugun tomchilatib sugʻorish texnologiya­siga zoʻr berilayotgani bejiz emas. Chunki u tabiiy va moddiy resurslarni tejash, hosildorlikni oshirish imkonini beradi. Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi tomonidan Qashqadaryo viloyatida, “Peng — Sheng” Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi ­tomonidan Sirdaryo viloyatida, shuningdek, Samarqand viloyatida “Ishtixon nurli davr” fermer xoʻjaligida oʻtkazilgan tajribalar natijasi bunga yaqqol ­misol boʻla oladi.

Gap shundaki, tomchilatib sugʻorish texnologiyasi qoʻllanilishi tufayli urugʻlik chigit sarfi gektariga oʻrtacha 40 foiz, yonilgʻi 60 foiz, suv sarfi 50 foiz tejalib, mineral oʻgʻitlar samaradorligi 30 foiz ortgan. Gʻoʻzaning biologik pishib yetilish davri esa 12 — 15 kunga tezlashib, hosildorlik 45 — 50 sentnerga yetgan. ­Vaholanki, anʼanaviy usulda ushbu ­raqam 26,5 sentnerni tashkil etgan, xolos.

Eng asosiy koʻrsatkich — rentabellik anʼanaviy usulda 1,7 foizni tashkil qilsa, tomchilatib sugʻorish sharofati ­bilan u 7 — 10 foiz koʻtarilgan. Mana, sizga yangi texnologiyaning afzalligi!

Tomchilatib sugʻorishning shu kabi afzalliklari koʻp ekan, uni ommalashtirish uchun zarur uskuna va butlovchi buyumlar muammo boʻlmaydimi? Yoki yana chet elnikiga koʻz tikib oʻtiramizmi?

Yoʻq, albatta. Hozirgi paytda yurtimizda aynan tomchilatib sugʻorish uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan oʻndan ortiq quvvatlar faoliyat yuritmoqda. “Eco Drip Lux”, “Acar-Mak-San”, “Peng — Sheng”, “Pipetechnologies”, “Agrodrip”, “Debyut”, “Exim Plast”, Shoʻrtan gaz-kimyo, “Maxsus polimer zavodi” korxonalari shular sirasiga kiradi.

Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu subyektlar toʻliq quvvat bilan ishlasa, paxtachilikda yiliga 15 — 20 ming gektar, bogʻdorchilikda esa 60 — 70 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish mumkin ekan. Demak, mavjud imkoniyatdan oqilona foydalanish, fermer va bogʻbonlarni ragʻbatlantirish yoʻllarini qoʻllab boʻlsa ham sugʻorishning tejamkor usullarini kengroq yoyish zarur. Shundagina tabiatdan ehson kutib oʻtirmasdan, kam suv evaziga moʻl hosil yetishtirish mumkin. Zero, iqlim oʻzgarishlari asoratlari yaqqol sezilayotgan hozirgi zamonda aybni faqat tabiatga agʻdarish bilan ish bitmaydi. Muvaffaqiyatlar eshigi uning oqibatlarini yumshatish, yangi va innovatsion texnologiyalarni jadal qoʻllash orqaligina ochiladi.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?