Tabiat muhofazasi — hayot-mamot masalasi

12:47 19 Iyun 2018 Jamiyat
422 0

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida cho‘llanish darajasi yuqori. Umuman, yurtimizda 22 million gektar yer cho‘llanishga moyil hisoblansa, mavjud yaylovlarning 43 foiziinqirozga uchrab bo‘lgan. Shu bilan birga, sug‘oriladigan yerlar ham yildan-yilga qisqarmoqda. Orol dengizining qurigan hududidan tuz va boshqa mineral moddalarning shamol orqali tarqalishi esa vaziyatni tobora murakkablashtiryapti. Negaki, keyingi 50 yil mobaynida jahondagi eng yirik suv havzalaridan biri butunlay yo‘qolib borayotir.

O‘tgan asrning oxirlariga kelib, insoniyat g‘oyat murakkab ekologik muammolar qarshisida turganligini anglab yetdi. Iqlim o‘zgarishi, ozon qatlamining yemirilishi, cho‘llanish va yerlar degradatsiyasi, bioxilmaxillik kamayishi, ichimlik suvi yetishmasligi, o‘rmonlar qisqarishi kabi masalalar nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, bugungi kunda cho‘llanish dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlariga daxl qilyapti. Achinarlisi, bu ko‘p jihatdan inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolayotir. Ya’ni tabiat mulkidan ayovsiz foydalanilishi, tuproq va shamol erroziyasi jarayonni yanada tezlashtirayapti. Shu bois mazkur dolzarb masalaga jahon hamjamiyati e’tiborini yanada kengroq jalb etish, ekologik muammoga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 1994 yilda BMT tomonidan Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha Konvensiya qabul qilinib, 17 iyun sanasi “Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni” sifatida belgilandi.

O‘zbekiston — Yevrosiyo materigining markaziy qismida, dengiz va okeanlardan uzoqda joylashgan. U Janub va Sharq tomondan baland tog‘lar bilan o‘ralgan bo‘lib, hududining 80 foizi cho‘l va chala cho‘llardan iborat. Yoz vaqtida kuchli quyosh nuri ta’sirida qizib ketgan cho‘llar ustida tropik to‘zon havo massasi shakllanadi. Havoning o‘rtacha oylik harorati 28-30 darajani tashkil qilsa, eng yuqori ko‘rsatkich 50 darajagacha yetadi. Taassufki, bugungi kunda respublikamizning faqat qurg‘oqchil hududlarida emas, balki tog‘li hududlarda ham cho‘llanish holati kuzatilmoqda.

Hozirgi kunda Orol havzasiga quyiladigan suv oqimi 12,7 kilometr kubga teng bo‘lib, bu o‘tgan asrning 60-yillaridagiga nisbatan 4,5 barobar kamdir. Dengizning chekingan qismidagi 5,5 million gektardan ziyod maydonda paydo bo‘lgan yangi Orolqum sahrosidan chang va zararli tuzlar ko‘tarilib, qum bo‘ronlari, kuchli shamollar orqali minglab kilometr masofaga tarqalishi aholi salomatligi hamda atrof-muhitga jiddiy tahdid solmoqda. Kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, ko‘tarilayotgan changli bulutlar hajmi uzunasiga 400 kilometr, eniga esa 40 kilometrga yetadi. Bu joyda bir yilda havo harorati 40 darajadan oshadigan kunlar ikki baravar ko‘paygan.

Shu ma’noda, joriy yilning 7-8 iyun kunlari poytaxtimizda “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etilib, unda ko‘plab tashkilotlar, ekologlar qatnashgani, mazkur global muammoning ta’sirini kamaytirish, oqibatini yumshatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgani juda muhimdir. Nufuzli tadbirda qabul qilingan yakuniy hujjat, shuningdek, konferensiya materiallari to‘plami Markaziy Osiyo respublikalari va xorijiy davlatlar parlamentlari hamda hukumatlariga, xalqaro va jamoat tashkilotlariga yo‘llandi.

Bundan tashqari, ayni paytda mamlakatimizda cho‘llanishga qarshi kurashning Milliy dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga asosan, yerlar degradatsiyasi hajmini qisqartirish yoki uning oldini olish, qisman degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, cho‘llanishga duchor bo‘lgan yerlarni qayta tiklash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilishi belgilab olingan. Binobarin, cho‘llanishga qarshi chora-tadbirlar respublikamizning barqaror rivojlanishi asoslaridan biri hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, bugun tabiat insoniyatning boyligi emas, aksincha, inson uning bir bo‘lagi xolos. Shu bois unga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish kelajak uchun qo‘yilgan muhim qadam ekanini barchamiz yaxshi tushunib yetmog‘imiz darkor.

Sobit TURSUNOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Ekoharakat deputatlar guruhi a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?