Tabarruk manzil tarovati

11:18 09 May 2018 Jamiyat
1063 0
Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Xotira maydoni — yolg‘iz jigargo‘shasini urushga yuborib, uning qaytishidan umidini uzmagan Motamsaro ona! Sevgilisiga “Sizni kutaman”, deya va’da berib, umrini chimildiq ko‘rmay yo‘l kutib o‘tkazgan vafo va sadoqat timsoli — ayol! Safdosh do‘stlarini xotirlab, tirik qolgani uchun go‘yo o‘zini aybdor xis qilgan va yillar adl qaddini dol qilgan urush ko‘rgan otalarimizning doimiy ziyoratgohi!

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Bugun bu maydonining ko‘rk va tarovati o‘zgacha. Yil bo‘yi yashnab turuvchi daraxtlaru turfa gullar ko‘zni quvontiradi. Mayin shabadadan ohista tebranayotgan yashil maysalar go‘yo salovat aytayotganday... Bu yerga kelgan odam temir kitoblarga bitilgan minglab ota-bobolarimiz nomlarini o‘qib, chuqur o‘yga cho‘madi.

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Ayniqsa, yildan yilga saflari kamayib borayotgan urush qatnashchilari, otaxonu onaxonlarimiz ko‘z yoshlarini tiyolmaydi. Ularni ko‘rib tinchlikning, osoyishtalikning qadrini yanada teranroq anglaydi kishi. 

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Xotira va Qadrlash kuni arafasida bu yerni ziyorat qiluvchilar safi har qachongidanda gavjum. Maydon uzra taralayotgan quyosh nurlari ushbu manzilni yanada nurafshon etadi. Shahid ketganlar ruhiga salovat aytayotgan qushlar esa ohista shivirlaydi: Tabiat! Alvon rangli lolalaringni, gulu chechaklaringni qabristonga yoz! U yerda hayotga to‘ymaganlar yotibdi. Shoyad, ularning ruhi osoyish topsa! Bizdan rozi bo‘lsa...
Mavjuda XOLMATOVA.​​​​​​​


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?