T. Norbayeva: yakka-yolgʻiz, boquvchisiz insonlar, ayniqsa, qariyalarning qarovsiz qolmasligiga ahamiyat qaratmoq zarur

00:11 25 Mart 2020 Siyosat
215 0

“Xalq so`zi ONLINE”

Bugun parlament yuqori palatasining uchinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Senati Raisi T. Norbayeva senatorlar oldida turgan muhim vazifalarga ham toʻxtaldi.

– Avvalo, senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda koronavirus pandemiyasini Oʻzbekistonda tarqalishining oldini olish Respublika komissiyasi tomonidan berilayotgan tavsiyalarning soʻzsiz ijrosini taʼminlashga masʼul sifatida munosabatda boʻlishimiz kerak, – dedi Senat Raisi. – Xususan, karantin choralari, gigiyena qoidalari – hammasi uchun masʼulmiz. Zero, profilaktika, ogohlik – bugungi kun talabi ekanligiga guvoh boʻlib turibmiz.

Ikkinchi masala, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan koronavirus bilan bogʻliq Farmonda tezkor choralar, bajarilishi shart boʻlgan vazifalar belgilangan. Shu munosabat bilan masofaviy ishlash rejimida ham har bir senator oʻz vazifalarini aniq belgilab, Farmonda keltirilgan chora-tadbirlarning bajarilishida Hukumat aʼzolari va mahalliy hokimliklarga amaliy yordam koʻrsatishlari zarur.

Uchinchi masala – yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan kambagʻallikni kamaytirish choralarini koʻrish ishlarini olib borish topshirilgan edi. Bu jarayon ham bevosita mana shunday – epidemiyaga bogʻliq qaltis vaziyatlarda oʻzining ahamiyati bilan muhim. Shu sababli odamlarimizni kambagʻallikdan chiqarish ishlarini susaytirmasdan olib borishimiz kerak.

Hozirgi kunda taʼlim muassasalari tomonidan televideniye orqali oʻquvchi va talabalar uchun masofaviy oʻqishlar, kitob mutolalari tashkil qilindi. Xuddi shunday tartibni kasb-hunar oʻrgatish boʻyicha ham tashkil etish mumkin. Bundan tashqari, tomorqadagi ishlar, banklardan kredit olish tartiblari, biznes-reja tuzish va boshqa shu kabi oilaviy tadbirkorlik, xizmat koʻrsatish sohasidagi mehnat turlari boʻyicha onlayn oʻquvlar tashkil etilsa maqsadga muvofiq boʻladi. Bu masalalarda hududiy OAV, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanish zarur.

Toʻrtinchi masala – hozirgi kunda karantin qoidalariga binoan barcha aholi oʻz uyida. Eʼtiboringizni bir aholi qatlamiga qaratmoqchiman, yaʼni yakka-yolgʻiz, boquvchisiz insonlar, ayniqsa, qariyalarni yoddan chiqarmaslik kerak. Ularning orasida turli xizmat koʻrsatish sohalarida ishlab, kundalik ehtiyojlari uchun ishlab yurganlar bor. Hozir esa bu imkoniyatlari ham vaqtincha toʻxtatilgan. Shu munosabat bilan mana shu toifadagi aholi qatlamlari, keksalarimiz qarovsiz qolmasligiga, ehtiyojmand insonlar yana-da muhtoj boʻlib qolmasligiga ahamiyat qaratmogʻimiz zarur. Ularga oziq-ovqat, dori-darmon masalalarida yordam tashkil etilsa, toʻgʻri boʻlar edi.

Beshinchi masala – senatorlar tashabbusi bilan koronavirusga qarshi olib borilayotgan ishlarga amaliy koʻmak berish, kichkina boʻlsa-da, hissa qoʻshish maqsadida “Mehr – shavqat va salomatlik” jamoat fondiga murojaat qilindi. Ushbu fondda ikkilamchi bank hisob raqami ochildi va senatorlar ham oʻz hissasalarini qoʻshishdi. Bu tashabbus boshqa idoralar tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi.

Oltinichi masala – toʻy-marosimlarning oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik. Diniy marosimlarni esa diniy idoralar tavsiyasiga asosan oʻtkazish maqsadga muvofiq.

Shu oʻrinda, biz, senatorlar bu ishlarga xalqimizga xos boʻlgan mehr-oqibat, hamjihatlikni taʼminlagan holda bor kuch-gʻayratimizni ayamasligimiz kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?