Suvning ham tarozisi bor

09:31 12 Iyul 2018 Jamiyat
344 0
Illyustrativ foto

Keksalarning ariq suvida olma yuvib, tandirdan yangi uzilgan kulchani oqizoq qilib yegan bolalik lahzalarini entikib eslagan hikoyalari bugun yoshlar uchun g‘alati tuyulishi mumkin. Ariq suvidayam olma yuvadimi, non oqizadimi?..

Hozir bu cho‘pchakdek bir gap. Negaki, bugun ariq suviga ishonib bo‘lmaydi, unga ko‘pchilik hollarda kasallik manbai sifatida qarashga o‘rganib qolganmiz. Bu munosabatni o‘zimiz shakllantirganmiz.

Muqaddas kitobda aytilishicha, jannatda toza suvlar oqadigan ariqlar bo‘lar emish. Bu haqda barchamiz o‘qiganmiz, eshitganmiz. Jannatdagi kavsar buloqlaridan qolishmaydigan suv manbalarini toza saqlash xalqimizda ehtimol shu bois qadriyat darajasiga yetgan. “Suvga tupurma”, “Suvga chiqindi tashlama” singari ibora-naqllar xalqimiz hayotida qonun-qoidaga aylanib ketgan.

Shahardagi mahallamizdan oqib o‘tuvchi ariq suvidan ichish uchun foydalanishganini yoshi bir joyga borib qolganlar armon bilan eslashadi. Biz ko‘chib kelganda uni mahalladoshlarimiz faqat kir-pir yuvishga ishlatishardi. Endi esa... aytishga til bormaydi, mabodo, ariq suvi qo‘limizga tegib qolsa uyga kirib sovunlab yuvamiz, negaki, har turli chiqindilar uyumi tiqilib yotgan ariqdagi bu suv yetti marta emas, yetmish marta yumalasa ham toza bo‘lishiga ishonch qolmagan.

Ariqlarning ifloslanishi kundan-kunga go‘zallashib borayotgan shaharu qishloqlarimiz husniga dog‘ bo‘lib tushishidan tashqari odamlar qalbining xiralashayotganidan darak berayotgandek tuyiladi. Bu boradagi madaniyatimiz bugun tarbiyaga muhtojlik sezayotgandek. Ijtimoiy tarmoqlardan birida Mo‘g‘ulistonda qadimiy turk qabilasi hayoti to‘g‘risida kichik bir xabar o‘qib qoldim. Ular suvga chiqindi tashlash u yoqda tursin, hatto, ariqqa qo‘l yuvishni uyat sanashar ekan.

Bizda-chi?.. Tasavvur qiling, ariqning boshida kimdir yuqumli kasallik bilan og‘rigan bemorga ishlatilgan ignani suvga tashladi, beriroqda bir bolakay bu suvga qo‘lini yuvdi. Yoki kimdir o‘lgan tovug‘inimi, itinimi ariqqa oqizdi, o‘laksa oqib borib bir joyga tiqiladi, sasiydi, bijg‘iydi, mikrob tarqatuvchi manbaga aylanadi. Aynan ana shunday hollar oqibatida ilgari vabo tarqab, qanchadan-qancha odamlarning umriga zomin bo‘lgani haqida tarixdan turli misollar keltirish mumkin.

— Yoshim oltmishga bordi, — deydi Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanining Xalqobod shaharchasida istiqomat qiluvchi o‘qituvchi-ijodkor Ulug‘bek Mustafoqulov. — Xalqobod nomi bilan mashhur bo‘lgan kanalimizda bir paytlarziloldek toza suv to‘lib-toshib oqqanini yaxshi eslayman. Shu suvdan iste’mol qilardik, ekinlar ham shundan suv ichardi. Rahmatli onam til va adabiyot o‘qituvchisi edilar, baxtimiz bor ekan, ziloldek top-toza oquvchi suv bo‘yida yashaymiz, derdilar. Bugun esa... Kanal qop-qora bo‘tana bo‘lib oqmoqda. Aholi esa idish ko‘tarib qayerlardandir ichimlik suvi izlab yurishadi, ichimlik suvi yo‘q deb shikoyat yozishdan ham erinishmaydi. Bir mahallar shu kanaldan ota-bobolari suv ichishgani hech kimning esiga ham kelmaydi. Toshkent shahridagi bozorlardan biri kanal boshlanishida joylashgan, bir nechakorxonalar, qolaversa, kanal bo‘yida yashovchi aholi ham barcha axlatlarni shu yerga ag‘daraverishini qanday baholaysiz? Ulamolarimiz kiyinish, yurish-turish, odob bilan bir qatorda, o‘z va’zlarida atrof-muhitga bo‘lgan ma’naviy mas’ullik xususida so‘z aytishsa, bu ham imondan ekanligini eslatib turishsa, qani edi. E’tiqod, eng avvalo, mayda amallardan boshlanishiga e’tibor qaratish fursati yetmadimikan?

Ariq va zovurlarga aholi tomonidan arava-arava axlat tashlansa ham, kimlardir suv yo‘lini toraytirib, noqonuniy qurilishlar qilsa ham, ariqlar ko‘zi berkilib ketsa ham birovning ishi yo‘qligi haqida ijodkor-o‘qituvchi kuyunib gapirganicha bor. Bunday holatlar yurtimizda sug‘orish tizimining ishdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Agar buning oldi olinmasa, yaqin orada minglab gektar yerlarga suv yetkazib berish jiddiy muammoga aylanadi. Bu borada mutasaddi tashkilotlar tartib-qoidani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadigan vaqt allaqachon kelgan. Negaki, ayrim hududlarda ariq, kanallarda suv ko‘pligidan aholi zarar ko‘rsa, ayrim hududlarda tomorqa, xo‘jaliklarga suv yetib bormaganidan unumdor yerlar qaqrab yotibdi. Bundan ko‘rinadiki, bugungi kunda irrigatsiya tizimi jiddiy islohotlarga muhtoj.

— Suvni ifloslantirish kufroni ne’mat, — deydiFarg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani imom xatibi Tursuntohir Erbo‘tayev. — Alloh taolo bizga mehribon ekanki, boshqa xalqlardan ortiq suyib shunday ne’matdan bebahra qilmagan. Bir necha yillar oldin Saudiya Arabistonidan vodiyga kelgan mehmonlardan biri ariqdagi suvni ko‘rib jonholatda, to‘xtating, behuda oqib, uvol ketyapti, degan ekan. Sayyoramizning qaysidir burchaklarida odamlar bir tomchi suvga zor, ayrim joylarda odamlar sho‘r suv ichishga majbur ekanliklarini unutmaylik. Eng yomoni, menga qattiq ta’sir qilgani — bir kuni yelim xaltada tashlab yuborilgan to‘rt-beshta patir axlatlarga aralashib, ariqda oqib kelayotganini ko‘rganim bo‘ldi. Ota-onalarimizning urush paytlaridagi ochlik, kepak non haqidagi hikoyalari nega darhol yodimizdan ko‘tarildi ekan? Allohning bizga bo‘lgan marhamati, mehribonligiga nega bu qadar johillik bilan javob beramiz!

— Odamlarning ichimlik suvi kamayib ketdi, mutasaddilar buning chorasini ko‘rmayapti, degan shikoyatlarini ko‘p eshitamiz, — deydi qo‘qonlik muhandis Abduhamid Isayev. — Lekin biz ham avval insoniylik burchlarimizni bajarib qo‘yishimiz kerakmi-yo‘qmi? Ota-bobolarimizdan bizga ariqlar to‘la ichimlik suvi yetib kelgan ekan, bizdan keyingi avlodlarimizga bu ne’matni sof holda yetkazishni qachon o‘ylaymiz?

Prezidentimiz raisligida joriy yil 29 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida suv xo‘jaligi tizimi xodimlari va fermer xo‘jaliklarining mas’uliyatini oshirish haqida so‘z bordi. 2018 yilning yozgi sug‘orish davrida kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida, g‘o‘za, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ta’minlash, suv manbalaridan oqilona foydalanish uchun o‘rtaga qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib, har bir viloyatda qat’iy chora-tadbirlar belgilandi.

Suv iste’molchilari uyushmasi xodimlari ekinni sug‘orish bilan bog‘liq muammolar, kamchiliklar mavjudligidan tashvishda ekanliklarini ko‘p aytishadi. Qayerda bo‘lmasin, katta-kichik ariqlar yoqalab yurilsa, ularning chetlarida birorta daraxt ko‘rmaysiz. Ilgari yoz chillasida suv ortiqcha bug‘lanib ketmasligi uchun ariq bo‘ylariga quyuq soya tashlovchi tollar ekilardi. Keyingi yillarda esa ular negadir ayovsiz kesib tashlandi. Bu esa suvning ko‘p qismi bug‘lanib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish, uni to‘g‘ri taqsimlash sezilmaydi, sug‘orish agrotexnikasiga yetarlicha rioya qilinmaydi. Suvning boshidagi fermer undan xohlaganicha foydalanadi, pastdagi fermerlarning ekin maydonlari qurib-qovjiragani bilan esa ishi yo‘q. Takroriy ekin sifatida suvni ko‘p talab qiladigan ekinlar ekilishi natijasida kimningdir g‘o‘za maydoniga suv yetib bormaydi. Natijada yaxshi hosil olishning imkoniyati kamayadi. Aytib o‘tilganidek, suv tanqisligi, uning kerakli miqdorda ekinlarga yetib bormasligi aholining suvga nisbatan noto‘g‘ri munosabati tufayli ham kelib chiqadi. Shahar va qishloqlardagi anhorlar, ariqlar, kanallar axlatga to‘lib-toshib, torayib ketgani, yillar davomida tozalanmagani ko‘p hollarda e’tibordan chetda qolmoqda.

Ba’zan sug‘orma yerlardagi suvning egasi yo‘qdek noxush manzaraga guvoh bo‘lasiz. Qo‘qon shahridagi Navbahor arig‘ihovlilarga toshaverganidan aholi shikoyat qilmagan joy qolmadi. Har yili ariq tozalab turilsa-da, qo‘lbola tadbir bilan bu yumushni uddalab bo‘lmay qolgan. Muammo ko‘tarilganda, suv idorasidagilar bu yer shahar, ariq bizning balansimizda emas, ilgari g‘o‘za ekilganda tumanga qaragan, deyishadi. Qishloqdagilar esa, suv shaharga qaraydi, deyishadi. Hozir bu ariqdan suvning boshidagi mahalla foydalanadi, keyingi mahalla undan bebahra. Ariqning oxiri yo‘q, ko‘milib ketgan.

Dang‘ara tumanining Naymancha mavzesidagi oltita ariqning deyarli barchasi aholining ariq qirg‘og‘iga o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va devorlari dastidan suv o‘tkazish qobiliyatini salkam 50 foiz yo‘qotgan. Qizilmushariq anhorida esa ahvol ancha jiddiy, 1200 gektarga yaqin maydonga suv yetkazib beradigan mazkur irrigatsiya tizimi limitdagi obihayotning yarmini ham sig‘dirolmaydi. Suv tanqisligi sezilayotgan ayni kunlarda viloyat bo‘ylab ko‘rilayotgan choralarni o‘rganish maqsadida tumanlarni aylandik. Furqat tumaniga qarashli “Furqat kelajagi” MMTP hududidagi “Integral” fermer xo‘jaligi maydonida ishlayotgan, yo‘l bo‘yida suv tarozisi va suv posti qurayotgan, ariqlarni tozalayotgan odamlarga duch keldik.

— Tumanimizda vegetatsiya davrida suv tanqisligi mavjud bo‘lgan ming gektar yerni aniqlab oldik, — deydi Furqat tumani irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Mirkomil Madaminov. — Paxta maydonlarini suv tanqisligidan asrash uchun yer ostiga tushib ketadigan kollektordan borgan zax suvlarni nasos orqalisug‘orish kanallariga tortib olish ishlarini ham olib boryapmiz.

Tumanda takroriy ekinga suv kam talab qiladigan ekinlar ekib, sholi, makka maydonlarini kamaytirishga erishilmoqda. 4400 gektar yerga dukkakli ekinlar, jumladan, mosh ekish rejalashtirilgan. Moshga bir marta suv berilsa kifoya.

Darhaqiqat, bajariladigan ishlar ko‘lami keng. Har bir kun va soat g‘animat, dehqonchilikda vaqt kutib turmaydi. Suv taqsimotida to‘g‘ri reja qilganlar kuzda hosildan mamnun bo‘ladi.

Gulbahor SAIDG‘ANIYEVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?