Suv toshqinidan jabr koʻrgan fuqarolarga psixologik koʻmak koʻrsatilmoqda

11:12 18 May 2020 Jamiyat
229 0

Mudofaa vazirligi harbiy psixologlaridan tashkil topgan ishchi guruh Sirdaryo viloyatining “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida evakuatsiya qilingan fuqarolar bilan ijtimoiy-psixologik tadbirlarni muntazam amalga oshirilib kelmoqda.

Mana shunday xayrli tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi 3-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida oʻtkazildi. Unda harbiy psixologlar suv ombori toʻgʻonining oʻpirilishi natijasida jabrlangan fuqarolarning ruhiyatiga salbiy taʼsir qilayotgan vahima, qoʻrquv va tushkunlik holatlarini bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, jamoaviy va yakka tartibdagi suhbat va psixodiagnostika, shuningdek, xotira, tanishuv, tafakkur trening kabi tadbirlar tashkil etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Harbiy psixologlarga shu yil oʻqishga kirishni koʻzlayotgan abituriyentlikka nomzod yoshlar koʻproq murojaat qilmoqda. Ular oʻquv darsliklari va boshqa kerakli vositalarni topishlarida biroz qiyinchiliklarga uchrayotgani haqiqat. Shu bois ishchi guruh tegishli tashkilotlar bilan mazkur muammolarni atroflicha hal etish ishlarini olib bormoqda.

– Oʻtkazilayotgan psixologik tadbirlar ofatdan jabrlangan fuqarolarga maʼqul boʻlyapti. Fuqarolar, ayniqsa yoshlarning axloqiy-ruhiy holatini barqarorlashtirishga qaratilgan mashq va motivatsion tadbirlar ularning sodir boʻlgan hodisani unutishlariga oz boʻlsa-da, koʻmaklashadi, – deydi harbiy psixolog leytenant Xolmurod Ergashov.

Aytish kerakki, shu kungacha Mudofaa vazirligi harbiy psixologlaridan tashkil topgan ishchi guruh Mirzaobod, Oqoltin hamda Sardoba tumanlaridagi fuqarolar bilan koʻplab tadbirlar oʻtkazdi. Bu jarayonda 4 ming 634 nafar fuqaro ishtirok etdi.

Texnogen halokat natijasida jabrlangan aholiga psixologik yordam koʻrsatish tadbirlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?