Suv taʼminotidagi muammolar qachon barham topadi?

14:40 12 Dekabr 2018 Jamiyat
611 0

Illyustrativ foto

Suv — hayot manbai, deya koʻp gapiramiz. Ammo undan oqilona foydalanyapmizmi? Bu haqda hamma birdek jon kuydiradi, deb ham aytolmaymiz. Qolaversa, aholini ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlashning oqsayotgani, kanalizatsiya tizimlari taʼmirtalab holga kelib qolgani qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Vaziyat haqida kengroq tasavvur hosil qilish uchun ayrim raqamlarni keltirib oʻtsak. Bugun mamlakat aholisining faqat 65 foizi ichimlik suvidan, 15 foizi kanalizatsiya tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega. Isteʼmolchilarning bor-yoʻgʻi 43 foizi ichimlik suvi isteʼmolini hisobga olish priborlari bilan taʼminlangan. Ichimlik suvi tarmoqlarining 40, kanalizatsiya tarmoqlarining 27, shuningdek, suv omborlari va tozalash inshootlarining 35 foizi rekonstruksiyaga muhtoj.

Toʻgʻri, shu yil 2083 km.dan ziyod suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda 377 ta inshootini qurish va taʼmirlashga 930,9 mlrd. soʻm ajratilgan. Biroq bu barcha muammoni toʻliq hal etish uchun yetarli emas.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan ana shu muammolarga yechim topiladi. Xususan, suv taʼminoti hamda kanalizatsiya sohasidagi xizmatlar sifati, tarmoq korxonalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, ishonchli moliyalashtirish manbalari, jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish maqsadida bir qator ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Shu maqsadda 2020 — 2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladigan boʻldi.

— Oʻz navbatida, ushbu islohotlarga kattagina mablagʻ jalb etilayotir, — deydi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi departamenti boshligʻi Saidkomilxon Burhonov. — Jumladan, 2019 yilda suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishga qaratilgan 237 loyiha uchun Davlat byudjeti hisobidan 1,1 trln. soʻm hamda yana 7 ta loyihaga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hisobidan 95,6 mln. AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratishni nazarda tutuvchi manzilli dasturlar ishlab chiqiladi.

Qaror bilan Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suvi” jamgʻarmasi Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamgʻarmasi etib oʻzgartirildi. Uning dastlabki kapitaliga qoʻyilayotgan mablagʻ salkam 250 mln. AQSH dollarini tashkil qilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlarini boshqarish tizimini rentabelli sohaga aylantirish imkoniyatlari mavjud. Buni bir qator xorijiy mamlakatlar tajribasidan ham koʻrish mumkin. Shu nuqtai nazardan, Toshkent shahri suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish hamda boshqarish loyihasini aynan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Qolaversa, davlat bilan sheriklikda faoliyat olib boradigan yuridik shaxslarga qulaylik hamda imtiyoz berish maqsadida ular 3 yil muddatga yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari barcha turdagi soliq va majburiy toʻlovlar hamda respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallarni olib kelishda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etildi.

Yana bir oʻzgarish: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi gidrogeologik ishlarini oʻtkazmasdan hamda uning yer osti ichimlik suvi mavjudligi haqidagi tegishli xulosasisiz suv taʼminoti obyektlarini qurish taqiqlab qoʻyildi.

Shuningdek, 2019 — 2021 yillarda ichimlik suvini hisobga olishning zamonaviy priborlari va tegishli uskunalarni xarid qilish hamda ularni oʻrnatish ishlari ham faollashtiriladi. Yurtimizda ushbu soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallarini yoki qoʻshma fakultetlarini ochish ham nazarda tutilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil
multimedia markazi materiallari asosida
Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?