Suv xoʻjaligi tashkilotlariga innovatsion uskunalar topshirildi

14:09 21 Iyun 2019 Iqtisodiyot
309 0

Suv xoʻjaligi vazirligiga Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonning qishloq joylarida suv resurslarini barqaror boshqarish: texnik salohiyatni mustahkamlash (2 komponent)” qoʻshma loyihasi doirasida suv yoʻlining koʻndalang kesim yuzasi, suv sathi va sarfini bir vaqtda oʻlchaydigan “SonTek S5” rusumli dopler-profilograf uskunalari topshirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Vazirlik matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlik samarasi boʻlgan ushbu loyiha doirasida 2018-yilda Sirdaryo-Soʻx, Quyi Sirdaryo, Zarafshon, Amu-Qashqadaryo, Amu-Surxon va Oʻng qirgʻoq-Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tizimidagi pilot hududlarga moʻljallab 6 dona“SonTek S5”rusumli dopler-profilograf suv oʻlchash uskunalari xarid qilindi. Joriy yilning 4–7-mart kunlari esa pilot hududlarning suv xoʻjaligi tashkilotlari mutaxassislari uchun mazkur uskunalardan foydalanish boʻyicha oʻquv kurslari uyushtirildi.

Mutaxassislarning eʼtiroficha, bu uskuna yirik kanallar, daryolar va 15 metrgacha chuqurlikdagi suv omborlarida ishlatiladi. Oqim tezligi, yoʻnalishi, suv sarfi haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatadi. Shuningdek, kanal oʻzani va suv omborlari tubida loyqa toʻplanish hajmini aniqlash imkoniga ega.

Bundan tashqari, daryo va kanallarda oʻzan jarayonlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda qoʻl keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?