“Surxonteks” korxonasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 9 ming tonnaga yetkazildi

14:24 24 Avgust 2018 Iqtisodiyot
214 0

Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga tashriflari chogʻida viloyatda yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini shu yerning oʻzida qayta ishlash, tayyor mahsulotni eksportga yoʻnaltirish imkonini beruvchi bir qator loyihalar bilan tanishib, uni amalga oshirish boʻyicha aniq topshiriq va tavsiyalarni bergandi. Shunga binoan bu boradagi investitsion loyihalar birin-ketin hayotga tatbiq etilayotir. Bu esa ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga imkon beryapti. Jumladan, 2015 yilda viloyatda yetishtirilgan paxta tolasining 12 foizi qayta ishlangan boʻlsa, endilikda bu koʻrsatgich 35 foizga oshmoqda.

Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Surxonteks” qoʻshma korxonasi asosan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, viloyatdagi turdosh korxonalar orasida eng yirigi hisoblanadi. Ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida bu yerda modernizatsiyalash va texnologik yangilash ishlari amalga oshirildi. Ayni maqsaddagi qurilish-taʻmirlash ishlariga 9,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada korxonada yiliga 9 ming tonna ip-kalava, 4 ming pogon metr gazlama ishlab chiqarish loyihasi oʻzlashtirildi. Endilikda paxta xom ashyosidan tayyor gazlama ishlab chiqarishga boʻlgan jarayon shu yerning oʻzida amalga oshiriladi. Eng muhimi, kompyuterlashtirilgan zamonaviy texnologiyalar yordamida tayyorlanadigan mahsulot sifati ichki va tashqi bozor talablariga toʻla mos keladi.

Korxona yangi liniyasining ochilish marosimida viloyat hokimi ham ishtirok etdi. Shu kuni mehnatdagi ilgʻorligi uchun korxonaning bir nafar xodimiga “Damas”, bir nafar xodimiga “Spark” rusumli avtomashina kaliti topshirildi. Shuningdek, yana bir guruh ishchi- xizmatchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?