Surxondaryolik tadbirkorlar ikki oyda Afg‘onistonga 8,6 million dollarlik mahsulotlarni eksport qildi

15:51 27 Mart 2018 Iqtisodiyot
797 0

Termiz tumanidagi “Termiz kargo” ekport markazida O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati va Afg‘oniston Islom Respublikasi Balx viloyati ishlab chiqaruvchilarining ko‘zgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayapti. 

Biznes forumda ayni jihatlar ta’kidlanib, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar tobora kengayib borayotgani e’tirof etildi. Xususan, joriy yilning yanvar-fevral oylarida Afg‘oniston Respublikasiga 8,6 million AQSH dollarilik mahsulotlar eksport qilindi. 
Viloyatda faoliyat olib borayotgan 57 ta qo‘shma korxonaning 14 tasi afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Biznes forum doirasida sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyatidagi 80 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat, qurilish, yengil sanoat, charm-poyabzal, qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlar mahsulotlari namoyish etildi.

— Biznes forum menda katta taasurot qoldirdi, — deydi “Turkish Ne’matzoda” xususiy firmasi rahbari Ahmad Jovid. — O‘zbekiston bozori hamisha bizni o‘ziga jalb etib keladi. Bugungi anjumanda qatnashib, yurtingizga sarmoya qiritish, savdo va ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishni niyat qildim. Binobarin, xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonda yaratilgan qulay biznes muhiti, xususan, bank, soliq va bojxona sohalaridagi imtiyoz va qulayliklar tahsinga loyiq.

Biznes forum ishtirokchilariga Surxondaryo viloyatining investitsiyaviy salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Forum doirasida afg‘onistonlik tadbirkorlar viloyatdagi “Termiz ta’minot”, “Jarqo‘rg‘onmevasabzovoteksport”, “Surxon ipagi”, “GDF” kabi bir qator sanoat va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ikki davlat ishbilarmonlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab olishdi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?