Surxondaryolik dehqonlarning dardini «O‘zbekoziqovqatxolding» eshitdi

15:23 15 May 2018 Iqtisodiyot
599 0
Foto: YouTube

Bundan bir necha kun oldin “Surxondaryolik dehqonlarning dardini kim eshitadi?” sarlavhali maqola e’lon qilgan edik. Unda viloyatlik dehqon va fermerlar yetishtirgan piyozning narxi ichki bozorga 250 so‘mgacha tushib ketgani natijada ular foyda olish tugul, ekin parvarishi uchun sarflagan mablag‘iga kuyib qolish ehtimoli ortib borayotgani haqida so‘z borgan edi. 

“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi surxondaryolik dehqon va fermerlarni dardini eshitgan ko‘rinadi. Xolding kompaniyasi surxondaryolik fermer va dehqon xo‘jaliklaridan piyozni munosib bo‘lgan 1200 so‘mdan sotib olishini ma’lum qildi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “O‘zagroeksport” tan narxi 1 kg uchun 590 so‘m bo‘lgan piyozni Surxondaryo viloyatidagi dexqon va fermer xo‘jaliklaridan munosib bo‘lgan 1 kg 1 200 so‘mdan xarid qilib oladi. 

“Bu yilgi piyoz hosili o‘tgan yilgiga nisbatan anchagina ortishi natijasida uning bozordagi narxi xam arzonlashganini ko‘rishimiz mumkin. Asosiysi piyoz yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi dehqon va fermer xo‘jaliklari kelajakda ushbu yo‘nalishda investitsiya kiritishlari uchun katta sarmoyaga ega bo‘lishadi”, — deyiladi xabarda.

Piyoz xaridi quyidagi shartlarda amalga oshirilishi zarur: 40−60 mm kalibrli (o‘lchamli), 30 kg qoplarda. O‘zbek piyozi “Uzagro” brendi ostida eksportga yo‘naltiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?