Surxondaryolik dehqonlarning dardini kim eshitadi?

22:51 10 May 2018 Iqtisodiyot
1576 0

Ayni paytda surxondaryolik dehqonlarning boshi qotgan. Sababi, ertaki piyoz narxi ichki bozorda tushib ketdiki, foyda olish tugul, ekin parvarishi uchun sarflagan mablag‘iga kuyib qolish ehtimolini oshirmoqda. Qozog‘iston hamda Rossiyada mamlakatimizda yetishtirilgan sabzavotlar qatorida, piyoz ham ancha xaridorgir bo‘lib turgan bir paytda Surxondaryoda nega vaziyat shu darajaga yetdi? 

— Ne-ne umidlar bilan tomorqamizga piyoz ekkandik, — deydi Denov tumanining Jamatak mahallasida yashovchi G‘afur Isoqulov. — Hosil yig‘ishtirib olingan hozirgi paytda ulgurji xaridorlar piyozning kilosini 250-260 so‘mdan sotib olmoqda. Sotmaylik, desak, bu ham ziyon. Hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, piyoz urug‘ining kilosini 400 ming so‘mdan sotib olgandik. Parvarishi davomida 6 qop mineral o‘g‘it ishlattilgan bo‘lsa, uning har qopi 60 ming so‘m xarid qilingan. Shu xarajatlarning o‘zi 720 ming so‘mga borayapti. Bundan tashqari, uning mehnati-chi?! Sug‘orish mayliku-ya, ammo begona o‘tdan tozalash azob. To‘g‘risi, piyoz ekishdan ko‘nglimiz sovib ketdi. Birgina men emas, yon qo‘shnilarimning hafsalasi pir bo‘ldi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, olti tonna piyoz 1 million 560 ming so‘mga baholanmoqda! 
Ekish oldidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladigan korxonalar sotib oladi, deyishgandi. Bilmadik, bu korxonalar piyoz narxi yana tushishini kutishayapti shekilli? 

“Xalq so‘zi” muxbiri bu vaziyatni o‘nglash uchun mutasaddilar tomonidan qanday tezkor chora-tadbirlar ko‘rilayotgani bilan qiziqdi. 

— Viloyatimizda 7815 gektar maydonga ertaki piyoz ekilgan, — deydi Surxondaryo viloyati hokimligi tadbirkorlik, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish va eksportni qo‘llab-quvvatlash guruhi rahbari Shuhrat Do‘smurodov. — Aprel-iyun oylarida olinadigan hosil 140 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Ertaki piyozni uzoq muddat saqlashning imkoni yo‘q. Shu bois mahsulot nobudgarchiligining oldini olish uchun ichki iste’moldan ortiqcha qismini eksportga jo‘natish, respublikamizga valyuta mablag‘lari jalb qilish ko‘zda tutilgan. Vohamiz dehqonlari tomonidan yetishtirilgan ertaki piyozning 35 ming tonnasini eksport qilish rejalashtirilgan. Biroq Surxon vohasida ob-havo isib ketganligi bois ekilgan ertaki piyoz 10 — 15 aprelda pishib yetildi. 

Suhbatdoshimizning ushbu gapini qanday izohlashga ham hayronmiz? Axir hosil qancha erta yetilsa, shuncha yaxshi emasmi? Yoki viyalot mutasaddilari qishning kamyog‘in va ilki kelganidan bexabarmi? Prezidentimiz tomonidan tomorqaning har qarichidan unumli foydalanish, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni saqlash, eksport qilish bo‘yicha qulay tizim yartish, dehqonlarga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha mutasaddilar oldiga qo‘ygan talab Surxondaryo viloyatidagilarga taalluqli emasmi?
Xullas, savollar ko‘p. Unga jo‘yali javob olish esa qiyin. 

Bizga aytishlaricha, ertaki piyoz eksportiga jalb qilinishi rejalashtirilgan korxonalar soni viloyatda 52 tani tashkil etadi. Aholi tomorqalari va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan bunday mahsulotni saqlash imkoni yo‘qligini inobatga olib, shuningdek, piyoz yetishtirgan aholi hamda fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eksport faoliyatiga jalb qilingan korxonalar ro‘yxati viloyat hokimligi tomonidan viloyat bojxona boshqarmasiga taqdim etildi.

— Ertaki piyozning eksport narxlarining quyi chegarasi aniqlandi, — deydi Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tashqi savdo operatsiyalari monitoringi va bojxona statistikasi bo‘limi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Azamat Absalomov. — Unga ko‘ra, viloyatda bir tonna piyozning narxi 500 — 600 ming so‘m etib belgilandi. Shuningdek, eksportyor korxonalarga ertagi piyozning qo‘shni davlatlardagi o‘rtacha narxi to‘g‘risida kunlik ma’lumotlarni yetkazib berish choralarini ko‘rayapmiz.

Bu dehqonga nima beradi? Nega mutasaddilar real holatdan kelib chiqib, ish tutish o‘rniga hamon yengilni ostidan, og‘irning ustidan yurishni afzal ko‘radi? Bu tadbirlar masalaga yechim bo‘la oladimi? Nahot viloyatda zamonaviy omborxonalar qurish shunchalik qiyin bo‘lsa?!

Agar ishga munosabat shu zayl davom etsa, bu xatolar o‘z vaqtida to‘g‘rilanmasa, dehqonlarga ushbu mavsumda qo‘lini osmon qilib qolishi ham hech gapmas. Axir, pishiqchilik endi boshlanayapti... Surxondaryolik dehqonlarning dardini kim eshitadi?
Normurod TEMIROV. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?