Surxondaryodagi “Paygʻambar oroli” hududida joylashgan chegara qoʻriqlash postining yangi binosi foydalanishga topshirildi

14:31 13 Yanvar 2020 Jamiyat
851 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Amudaryo daryosining qoq oʻrtasida joylashgan umumiy maydoni taxminan 4 ming gektarlik sathga ega, uzunligi 8, eni 5-6 kilometr boʻlgan mazkur orol “Paygʻambar oroli” deb nom olgan.

Bu yerda Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism boʻlinmasi joylashgan. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topganining 28 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida mazkur boʻlinma harbiy xizmatchilari uchun barcha qulayliklarga ega yangi bino foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, harbiy xizmatchilar va yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Toʻra Bobolov, harbiy qism komandiri oʻrinbosari, podpolkovnik Abdugʻani Mengliqulov va boshqalar oʻz umrini Vatan himoyachisi boʻlishdek sharaali ishga bagʻishlagan harbiy xizmatchilarni bayram bilan muborakbod etib, yurtimiz tinchligi, osoyishtali, chegaralarimiz daxlsizligini taʼminlash mard va jasur oʻgʻlonlarning zimmasidagi sharafli burch ekanini taʼkidlashdi.

Yangi binoni qurish, jihozlash uchun 1 milliard 200 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Bu yerda shinam yotoqxonalar, barcha qulayliklarga ega oshxona, sport zal, oʻquv xonasi, hammom, dam olish xonalari, avtosaroy qurildi. Bino atrofi obodonlashtirilib, mevali va manzarali daraxt hamda gullar ekildi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligiga bagʻishlangan koʻrgazmali chiqbsh va konsert dasturi namoyish etildi. Shundan soʻng, yangi binoda harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish, yashash va dam olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

Maʼlumot oʻrnida. YUNESKOning yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan “Paygʻambar oroli”da Qurʼoni Karimda nomi zikr etilgan yigirma besh paygʻambardan biri, miloddan avvalgi VI-VII asrlarda yashab oʻtgan Zul-Kifl (“Kafolat sohibi” maʼnosini bildiradi) alayhissalom maqbarasi mavjud.

XVII asrda yashagan balxlik mashhur qomusiy olim Mahmud ibn Valiy “Sirlar dengizi” asarida keltirilishicha, paygʻambar Zul-Kifl alayhissalom Termiz yaqinidagi ushbu orolda dafn etilgan. Oroldagi “Zul-Kifl” maqbarasi turli davrlarda bunyod etilgan gumbazli katta masjid va janubdan tutashgan sagʻanali xilxona hamda gʻarb tomondan biriktirilgan ikki xonadan iborat.

Masjid murabbaʼ tarhli, oldi peshtoqli, bezagi gʻisht chorgul va archa tarzida terilgan, mehrobiga ganch girih naqsh ishlangan. Maqbara 2018-yil toʻliq rekonstruksiya qilingan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?