Surxondaryodagi “Isteʼmolchi qayerga ham borardi!” deb oʻylagan monopolist haqida

22:29 12 Sentyabr 2020 Jamiyat
311 0

Xabaringiz bor, 2020-yil 1-maydan boshlab avtomobil benzini va dizel yoqilgʻisi chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinib, neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan ushbu mahsulotlarni sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Masalan, mazkur qaror qabul qilinishidan oldin Ai-80 markali benzin narxi 4500 soʻm miqdorida cheklangan boʻlsa-da, ushbu mahsulot bozor mexanizmi orqali birjada sotilishi yoʻl qoʻyilgandan soʻng benzin narxi talab va taklifdan kelib chiqib karantin davrida 3800 soʻmgacha tushdi.

Ushbu yoʻnalishda erkin savdo shakllangan holatda neft bazalarning vositachi sifatida roli oshdi. Shuning uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan respublikada faoliyat yuritayotgan shaxslar guruhi va monopol hisoblangan neft bazalar faoliyatini monitoring qilish yoʻlga qoʻyildi.

Jumladan, Qoʻmitaning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi oʻtkazgan monitoring davomida “Termiz neft bazasi” MCHJ tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan yoqilgʻi mahsulotlarini yuklab joʻnatishda huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlandi.

Jamiyat tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga koʻra 2020-yil may-iyun oylarida birja savdolari orqali 71 ta shartnoma boʻyicha jami 194,58 tonna yoqilgʻi mahsulotlari yetkazib berishda, oʻrnatilgan tartibga asosan neft bazalarning saqlash va yuklash xarajatlari neftni qayta ishlash zavodlari hisobidan qoplangan boʻlsa-da, jamiyat tomonidan ushbu xarajatlar qoʻshimcha ravishda isteʼmolchilardan ham undirilganligi, natijada asossiz ravishda jami 122,7 mln. soʻm miqdorida xaridorlardan qoʻshimcha mablagʻ undirilganligi aniqlandi.

"Mazkur holat boʻyicha hududiy boshqarma tomonidan ish qoʻzgʻatilib “Termiz neft bazasi” MCHJga tadbirkorlik subyektlaridan 122,7 mln. soʻm miqdorida ortiqcha olingan qoʻshimcha mablagʻni qaytarish yuzasidan koʻrsatma berildi" deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati xabarida

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?