Surxondaryodagi ikki tuman gʻalla topshirish yillik rejasini bajardi

15:37 04 Iyun 2019 Jamiyat
539 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi Online”. Ilhom RAHMATOV/Surxondaryo. Surxondaryo viloyatining Angor va Termiz tumani gʻallakorlari mamlakatimizda birinchi boʻlib davlatga don sotish boʻyicha shartnoma rejasini bajarishdi. Jumladan, Angor tumani gʻallakorlari 6600 tonna, termizlik mirishkorlar 9123 tonna don mahsulotlarini yigʻib olishdi.

Oʻtgan yilning kuzida Angor tumanining 4600 gektar, Termiz tumanining 3100 gektar ekin maydonida mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos “Gʻazgʻon”, “Grom”, “Bunyodkor”, “Yaksart”, “Vassa” kabi ertapishar va serhosil navli urugʻlar ekilib, hozirga qadar zamonaviy texnologiyalar asosida parvarish qilindi. Natijada dalalarda moʻl-koʻl hosil yetishtirishga erishildi.

Oʻrib olingan maydonlarda oʻrtacha hosildorlik 50-55 sentnerni tashkil etdi. Xirmonga katta hissa qoʻshgan Angor tumanidagi “Rustam Angor”, “Xamkon gʻallakori” fermer xoʻjaliklari, “Angor Surxon gʻururi” MCHJ klasteri hamda Termiz tumanidagi “Bahodir Aliyarov”, “Davron Namuna”, “Durdona Namuna”, “Temir bobo” va “Umir” kabi fermer xoʻjaliklarida bu koʻrsatkich 65-70 sentnerga yetdi.

Har ikkala tumanda oʻrim-yigʻim ishlari davom etmoqda. Bugʻdoydan boʻshagan maydonlarda takror ekin - koʻkat, sabzi, yeryongʻoq, mosh, loviya hamda poliz ekinlari ekilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?