Surxondaryoda homilador ayolning nima sababdan vafot etganiga oydinlik kiritildi

12:37 23 May 2019 Jamiyat
1180 0

Illyustrativ foto

Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi Boysun tumanida homilador ayolning vafot etganligi yuzasidan tekshiruv ishlarini olib bordi. Bu haqda Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona qishlogʻida yashagan, 1995 yilda tugʻilgan Z.X.2019 yil 13 may kuni Boysun tuman tibbiyot birlashmasi tugʻruq kompleksi ginekologiya boʻlimiga yotqizilgan. 16 may kuni bemor ahvoli ogʻirlashgandan soʻng tugʻruq kompleksining jonlantirish boʻlimiga oʻtkaziladi. 17 may kuni esa bemorda burundan qon ketish alomatlari boshlangach, viloyat maslahat guruhining gematolog va LORshifokorlari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilib, “Homiladorlik 17 haftalik, burundan qon ketishi, D.V.S gipokogulyatsiya bosqichi” tashxisi qoʻyilgan. Bundan tashqari, shifoxona nevrologi va tor mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan.

Bemorga 18 may kuni intensiv muolajalar hamda 1,5 litrqon zardobi va 
500 ml. eritrotsitar massa quyilgan. Bemor 19 may kuni“Oʻtkir yurak yetishmovchiligi, DVS sindromi” natijasida vafot etgan. Bemorda qon ketish alomatlari va inyeksiya qilingan joylarda qon talashlar boʻlganligini inobatga olib, patologo anatomik boʻlimda murdadan arboviruslarga tekshirish uchun qon namunasi olingan. Qashqadaryo viloyat DSENMningoʻta xavfli yuqumli kasalliklarni tekshirish laboratoriyasiga yuborilgan qon namunalari tekshirilganda Qrim-Kongo gemmoragik isitma kasalligi alomatlari aniqlangan.

Mazkur kasallikning yuqish xavfi yuqoriligi bois viloyat DSENM boshqarmasi mutaxassislaridan iborat guruh tegishli meʼyoriy hujjatlar asosida kasallik oʻchogʻida toʻliq muolajalar va parvarish ishlari amalga oshirildi. Marhum bemorning oila aʼzolari va u bilan muloqotda boʻlganlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganda ularga Qrim-Kongo gemmoragik isitma kasalligi yuqmaganligi aniqlandi.

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, har yili bahor va yoz mavsumida koʻplab mamlakatlarda boʻlgani kabi yurtimizda ham ayrim holatlarda ushbu kasallik uchrab turadi. Agar kasallik vaqtida aniqlansa, davolash mumkin. Shu sababli xavotirga oʻrin yoʻq. Fursatdan foydalanib, aholidan sanitariya qoidalariga qaʼtiy rioya etish, jumladan, chorva parvarishida ehtiyot choralarini koʻrish, kanalarni qoʻlda oʻldirmaslik, agar tana isitma paydo boʻlsa, zudlik bilan shifokorkorga murojaat etishlarini soʻraymiz.

Eslatib oʻtamiz, Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi tomonidan mamlakatimizda aholi oʻrtasida Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligini oldini olish boʻyicha samarali profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu tadbirlar qatʼiy nazoratga olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?