Surxondaryoda Termiz City kompleksi barpo etiladi (foto)

14:43 27 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
975 0
Foto: Surxondaryo viloyat hokimligi

Surxondaryo viloyati hokimligida Termiz shahrini obodonlashtirish, uning arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash, aholi va mehmonlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Termiz City majmuasini bunyod etish loyiha taklifi muhokama etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Germaniyaning “Kema” kompaniyasi vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Termiz shahridagi Arch Design Service MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha taklifiga koʻra, Termiz City zamonaviy kompleksini shaharning 3 — Islom Karimov hamda yangi qurilayotgan Loyihaviy 7-7 koʻchalari kesishuvidagi 11 gektar, Alisher Navoiy nomli koʻcha yoqasida barpo etilayotgan “Yashil dunyo” savdo kompleksi yonidagi 25 gektar, Beruniy va Istiqlol koʻchalari tutashgan boʻsh yer maydonidagi 4,2 gektar hududida qurish rejalashtirilgani aytildi.

Majmuada biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxona va ofislar, koʻp qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sunʼiy koʻl-u favvoralar, yer osti avtoturargohlari, ijtimoiy va boshqa obyektlarni bunyod etish koʻzda tutilgani, bu ishlar uchun bosh pudratchi — Germaniyaning “Kema” kompaniyasi 2 milliard AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritishi, shuningdek, Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlarning yetakchi loyiha institutlari, chet ellik investorlar jalb etilishi taʼkidlandi.

Ikki yilga moʻljallangan ushbu loyiha taklifini oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangandan soʻng amalga oshirishga kelishib olindi.

Foto: Surxondaryo viloyat hokimligi

 

Foto: Surxondaryo viloyat hokimligi

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?