Surxondaryoda “Tashabbus - 2019” gʻoliblari aniqlandi

11:33 01 Iyun 2019 Jamiyat
526 0

Termiz tumanidagi “Otchopar” majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkor, fermer va hunarmandlar oʻrtasida anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan “Tashabbus – 2019” koʻrik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.

Viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat fermerlar kengashi va “Hunarmand” uyushmasi viloyat boʻlimi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 69 ta tadbirkorlik subyekti ishtirok etdi. Ular tomonidan koʻrgazmaga qoʻyilgan toʻqimachilik, tikuvchilik, qurilish sanoati, qishloq xoʻjaligi, mahalliylashtirish dasturi doirasida tayyorlanayotgan mahsulotlar, milliy hunarmandlik buyumlari hakamlar hayʼati tomonidan munosib baholandi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Oltinsoy tumanidagi “Sulton sharbatlari” MCHJ rahbari Ikrom Sultonov “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Denov tumanidagi “Denov-Diyorbek-trans” MCHJ rahbari Mahbuba Mirzayeva “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Denov tumanidagi “Mehnat - farovon hayot” fermer xoʻjaligi rahbari Abdusamad Norboyev “Yilning eng yaxshi fermeri”, Boysun tumanidan tadbirkor Sanobar Aripova “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yoʻnalishida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ularga tanlovning Respublika bosqichiga ishtirok etish uchun yoʻllanma berildi.

Shuningdek, koʻrik-tanlovda “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Yoshlarga eng koʻp ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Eng yaxshi eksportchi”, ”Yilning eng yaxshi mahsuloti”, “Turizm sohasi rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” kabi bir qator nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi. Oʻz navbatida gʻoliblar turli darajadagi diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?