Surxondaryoda tadbirkorlarning 811,8 mln. soʻmlik soliq qarzlaridan kechildi

14:54 29 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
258 0
Illyustrativ foto

Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasining viloyat boʻlimi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyati boʻlimi hamkorligida “Soliq qarzining paydo boʻlish sabablari, toʻlovlarning amalga oshirilishida uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari” mavzusida “Ochiq eshiklar kuni” boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Curxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi tomonidan xabar qilinmoqda.

Unda soliq qarziga ega 106 nafar jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirok etdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5490-son Farmoni mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, Farmonda belgilangan soliq imtiyozlaridan unumli va maqsadli foydalanish, ular faoliyatida uchrayotgan mavjud muammolar muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, Surxondaryo viloyatida 169 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklagani hamda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishi natijasida ular zimmasidagi 811,1 mln. soʻm miqdoridagi soliq qarzi hisobdan chiqarildi.

"Bir necha yildan beri davlatdan moliyaviy jarima boʻyicha qarzlarimni tugatish masalasini yecha olmay, qiynalib yurgan edim. Seminarda davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar, soliqdan boʻlgan qarzimni kechilishini eshitib, tadbirkorlikka boʻlgan ishtiyoqim uygʻondi va shu kunning oʻzidayoq faoliyatimni qayta tikladim. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan mening 168,0 mln. soʻmlik soliq qarzlarim hisobdan chiqarildi. Shu joyda men bir tuygʻuni his qildim, bu yurtda tugʻilib oʻsgan har bir fuqaro baxtli yashashi mumkin, faqatgina berilgan imkoniyatdan oqilona foydalansa kifoya", – deydi fuqaro Yusuf Norpoʻlatov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?