Surxondaryoda seldan jabr chekkan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi

11:38 22 May 2018 Jamiyat
547 0
Fotо: Kun

19-20 may kunlari Bosh prokuror O.Murodov rahbarligidagi ishchi guruh Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, seldan jabr ko‘rgan hududlarni o‘rgandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Manbada qayd etilishicha, viloyatning Qumqo‘rg‘on tumanida seldan talafot ko‘rgan “Elobod”, “Azlarsoy” va “Bog‘or” qishloqlari ishchi guruh tomonidan joyida o‘rganildi.

Ayni vaqtda viloyat prokurorlari bilan birgalikda seldan jabrlanganlarga moddiy yordam berish, sel oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

O‘rganish davomida, seldan jabrlangan oilalarga birinchi navbatda zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim, ko‘rpa-to‘shaklar, xo‘jalik mollari yetkazib berildi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 18 may kuni Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Elobod”, “Azlarsoy” va “Bog‘or” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida sel oqimi yuzaga kelgandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, sel oqimi oqibatida mahallalardagi qator uylarga suv toshib kirgan, buning natijasida 116 uydan 754 nafar kishi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilingandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?