Surxondaryoda nogironligi boʻlgan shaxslarga yangi uy-joylar topshirilmoqda

09:36 07 Noyabr 2018 Jamiyat
915 0
Foto: “Xalq soʻzi”

Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida bunyod etilgan yangi uy-joylar kalitlari nogironligi boʻlgan shaxslarga topshirilmoqda.

Termiz shahrida oʻtkazilgan tadbirda viloyatning markazidagi Guliston mahallasida qurib bitkazilgan 18 xonadonga moʻljallangan 3 qavatli, Jarqoʻrgʻon tumanidagi Qorayogʻoch mahallasida joylashgan 2 qavatli, Termiz tumanidagi Uchqizil massivida joylashgan 10 xonadonga moʻljallangan 2 sotixli yangilangan namunaviy loyiha asosidagi arzon uy-joylar oʻz egalariga topshirildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Qayd etilishicha, joriy yil oxirigacha uy-joyga muhtoj, nogironligi boʻlgan 405 nafar fuqarolarni yangi uy-joylar bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

“Hozirga qadar viloyatimizdagi 237 nafar ogʻir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlar uy-joy bilan taʼminlandi. Uy-joyga muhtoj 21 ming 388 ta oilaga tomorqa yerlari ajratildi. Eng muhimi, nogironligi boʻlgan fuqarolarga berilayotgan uy-joylarning boshlangʻich toʻlovi davlatimiz tomonidan toʻlab berilmoqda. Ular kasanachilik faoliyatiga jalb etilib, oʻz mehnatlari evaziga kredit toʻlovlarini toʻlash imkoniyatiga ega boʻlyaptilar. Ayni kunlar viloyatimizning barcha tumanlarida qurib bitkazilgan ana shunday yangi uylarga 171 nafar yurtdoshlarimiz koʻchib oʻtmoqda”, - deydi viloyat hokimi oʻrinbosari, viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Mavluda Qobulova.

Foto: “Xalq soʻzi”

Tadbir davomida 18 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik aravachasi hamda maishiy texnika vositalari ham topshirildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi T. Xudaybergenov, Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B. Poʻlatov ishtirok etdi.
Ilhom RAHMATOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?