Surxondaryoda nechta korxona umumbelgilangan tartibda soliq toʻlashga oʻtkaziladi?

16:40 31 Oktyabr 2018 Jamiyat
399 0

Amaldagi soliq solish tartibiga koʻra, soliq toʻlovchilar amalga oshirayotgan faoliyat turi va xodimlar sonidan kelib chiqqan holda umumbelgilangan va soddalashtirilgan rejimda soliq toʻlaydilar.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik oboroti (tushumi) 1 mlrd. soʻmdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkaziladi.

Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Kameral nazorat boʻlimi boshligʻi M. Togʻayevning maʼlum qilishicha, bugungi kunda mazkur viloyatda umumbelgilangan tartibda soliq toʻlovchi korxona (yuridik shaxs)lar soni 500 tani tashkil etadi. Soliq islohotlari konsepsiyasiga asosan 2018 yil yil yakuniga koʻra, ularning soni 1200 taga oshishi kutilmoqda.

Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi hamda hududiy davlat soliq xizmati organlari umumbelgilangan tartibga oʻtayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan ishlash maqsadida (joriy yil 9 oyi yakuniga koʻra) 2018 yilni 1 mlrd. soʻmdan ortiq tovar aylanmasi bilan yakunlashi kutilayotgan yagona soliq toʻlovchi korxonalarni faoliyat turi va hududi boʻyicha ajratib, amaliy yordam koʻrsatiladigan 781 ta nomzod xoʻjalik yurituvchi subyektlarning roʻyxatini shakllantirdi. Mazkur korxonalarga umumbelgilangan tartibda soliq toʻlashga oʻtishlari toʻgʻrisida yozma xabarnomalar yuborildi.

Endilikda har bir tuman (shahar)dagi roʻyxati shakllantirilgan nomzod korxonalarning vakillari Davlat soliq inspeksiyasiga taklif etilib, malakali mutaxassislar tomonidan maxsus oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Shuningdek, “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi masʼul xodimlari buxgalterlari mavjud boʻlmagan xoʻjalik subyektlariga elektron hisob- fakturalarini yuritish qoidalarini oʻrgatadi.

Umumbelgilangan rejimda soliq toʻlashga oʻtayotgan har bir korxonaga hududiy davlat soliq xizmati organlaridan xodimlar biriktirilib, birinchi marotaba topshiriladigan hisobotlar yoki toʻldiriladigan elektron hisobvaraq-fakturalari birgalikda amalga oshiriladi hamda 2019 yil davomida bevosita amaliy yordam koʻrsatib boriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?